Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:30

Xo‘jandda hizbchilikda ayblanganlar qamaldi


Ma‘lumotlarga ko‘ra, Xo‘jandda sudlanganlar mahkama jarayonida o‘ziga nisbatan qo‘yilgan ayblovni to‘la tan olgan.
Ma‘lumotlarga ko‘ra, Xo‘jandda sudlanganlar mahkama jarayonida o‘ziga nisbatan qo‘yilgan ayblovni to‘la tan olgan.
Hizbut-Tahrirning Tojikiston shimolidagi amiri o‘laroq ko‘rilgan Abdunabi Abduqodirov va yana uch kishi uzoq yillarga ozodlikdan mahrum etildi.

O‘tgan hafta Abdunabi Abduqodirov va Hizbut-Tahrirning yana bir faoli Yahyoxon Rahimxo‘jayev 20 yildanga, ularning sheriklari Tal‘at Mavlonov va Ibrohimbek Mahmudov esa 22 yildanga qamoq jazosiga hukm etildilar. Biroq “Avf to‘g‘risidagi qonun”ning 13-bandiga muvofiq ularning jazo muhlati ikki yildanga qisqartirildi.

- Abdunabi Abduqodirov, Yahyoxon Rahimxo‘jayev, Tal‘at Mavlonov va Ibrohimbek Mahmudov mol-mulk musodarasi bilan jazoni qattiq rejimdagi koloniyada o‘tasin. 5 yilgacha davlat idoralaridagi rahbarlik lavozimlarida hamda diniy muassasalarda faoliyati ta‘qiqlansin, - dedi sud hukmini o‘qib eshittirgan So‘g‘d viloyat sudyasi Shodixon Nazarov.

Eslatsak, Abdunabi Abduqodirov, Yahyoxon Rahimxo‘jayev, Tal‘at Mavlonov va Ibrohimbek Mahmudov shu yilning iyun oyida Xo‘jandda xavfsizlik xodimlari tomonidan hibsga olingan edi.

Sudya Nazarovdagi ma‘lumotlarga ko‘ra, Tal‘at Mavlonov va Ibrohimbek Mahmudov yonlarida qurol va narkotiklar bilan qo‘lga olingan.

Hukm o‘qib eshittirilgandan so‘ng zaldan olib chiqib ketilayotgan payt sudlanganlar “biz demokratik qonunlarni tan olmaymiz, biz Islom qonunlarini tan olamiz” deya bir necha marta takrorlardi.

Sudlanganlarning yaqinlari sud hukmi bilan rozi emasliklarini aytdi.

- Men rozi emasman, nohaq bu ish, jazosi nohaq. Bu hech kimni o‘ldirgani yo‘q, o‘g‘irlik qilgani yo‘q. Xudoning yo‘lida yurgan ekan o‘g‘lim, hali hammamiz shu yo‘lga boramiz, - dedi Hizbut-Tahrirning Tojikiston shimolidagi “amir”i ekani aytilgan Abdunabi Abduqodirovning onasi.

O‘z ismini aytmagan yana bir onaxon o‘g‘li Tal‘at Mavlonov faqat islomga da‘vat uchun qamalganini aytadi.

- O‘ldirgan ko‘chada yuribdi, pulni oborib beradi, bizda pul yo‘q. Nashavand, odamkush hamma ko‘chada. Lekin bizlarni oborib tiqib qo‘yadi. Bular faqat Islomga da‘vat qilishgan, boshqa hech gap yo‘q, - dedi Ta‘lat Mavlonovning onasi.

Har ikkala ayol ham sud hukmi ustidan biror yerga ariza bilan chiqmasliklarini, zero, bundan biror natija chiqishiga ishonmasliklarini aytdi.

Asnoda Yahyoxon Rahimxo‘jayevning oqlovchisi Shuhrat Ehsonov o‘z himoyasidagi shaxs haq-huquqlarini qonun doirasida himoyalashga harakat qilishi va albatta kassatsiya tartibidagi ariza bilan Oliy sudga murojaat qilishini bildirdi.

- Himoyamdagi shaxs ham hukmdan rozi emas. Chunki haqiqatan juda katta muhlat berib yuborildi. Biz So‘g‘d viloyat hukmi yuzasidan albatta Oliy sudga murojaat qilamiz, - dedi advokat Shuhrat Ehsonov.

Hizbchilikda ayblangan boshqa sudlanganlar, ya‘ni Abdunabi Abduqodirov, Tal‘at Mavlonov va Ibrohimbek Mahmudov esa hibsga olingan kundan hukm o‘qilguncha umuman advokat bilan ta‘minlanmagan.

Aytish lozimki, 2001 yili Tojikiston hududida faoliyati ta‘qiqlangan Hizbut-Tahrir tashkilotiga a‘zolikda ayblanib, mahkamaga tortilganlardan birortasiga hali oqlov hukmi chiqarilmagan. Mustaqil kuzatuvchilarga ko‘ra, aksincha, Adliya tizimi hizbchilikda ayblanganlarga keskinroq jazo tayinlashga harakat qiladi. Shunga qaramay, so‘nggi yillarda, kuzatuvlarga ko‘ra, tojik jamiyatida Hizbut-Tahrir tashkilotiga ergashuvchilar soni ortib bormoqda.

So‘g‘d viloyat prokuraturasidan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, 2010 yili ekstremistik tashkilotga a‘zolikdan ayblangan to‘qson nafar fuqaroga nisbatan jinoyat ishi ochilgan bo‘lib, shundan 42 tasi hizbchilarga oid ekan.

2008 yili Tojikiston Oliy sudi Hizbut-Tahrir tashkilotini diniy-ekstremistik tashkilotlar ro‘yxatiga kiritgan edi. O‘tgan bu davr ichida yuzlab tojikistonliklar mazkur tashkilotga a‘zolik aybi bilan qamoqqa tashlandi. O‘sha yilning o‘zida Tojikiston Madaniyat vazirligi mazmunan bu tashkilot g‘oyalarini targ‘ib qiladi, degan iddao bilan o‘nlab diniy kitoblarning aholi orasida tarqalishini ta‘qiqladi.
XS
SM
MD
LG