Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 02:43

O‘zbek sportchilari Olimpiadaga yo‘llanma oldi


O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi 2012 yilda Londonda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etish uchun 17ta litsenziyani qo‘lga kiritdi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi maslahatchisi Roman Itskovning Ozodlikka aytishicha, jahon birinchiligi uchun o‘tkazilgan musobaqalarda yaxshi natijalarni qo‘lga kiritgani bois o‘zbekistonlik sportchilar Londonda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlarida qatnashadi:

- Litsenziya olish uchun, masalan, boks bo‘yicha jahon birinchiligida sportchi kuchli sakkizlik tarkibida bo‘lishi kerak. Bokschilar Elshod Rasulov va Jo‘rabek Latipov Ozarboyjonda o‘tkazilgan jahon birinchiligida bronza medalini qo‘lga kiritdilar. Bu musobaqada chorak finalgacha borgan Orzubek Shoimov va Fazliddin G‘oyibnazarovlar ham ikkita litsenziyaga ega bo‘ldi, deydi Roman Itskov.

Rais maslahatchisiga ko‘ra, shuningdek, badiiy gimnastikadan bitta, baydarka va kanoeda suzishdan ikkita, shossedagi velosportdan uchta, suzishdan ikkita, yengil atletikadan esa beshta litsenziya qo‘lga kiritilgan.

Roman Itskov, Olimpiada o‘yinlari boshlangunga qadar jahon birinchiliklarida yaxshi natijalar qo‘lga kiritilishiga umid qilmoqda:

- Bizda bir yildan ozroq vaqt qoldi. Bu davr mobaynida ancha musobaqalar o‘tkaziladi. Biz noyabr oyigacha kamida yigirmata litsenziyani qo‘lga kiritishni rejalagan edik. Biroq gimnastikachilarimiz bir oz bizni uyaltirib qo‘ydi, deydi Roman Itskov.

2008 yilda Xitoyda o‘tkazilgan Olimpiada o‘yinlarida o‘zbekistonlik 58 sportchi qatnashgan edi. Londonda o‘tkaziladigan Olimpiada-2012 o‘yinlarida esa hozircha 17 sportchining ishtirok etishi kutilmoqda.

"Bir yildan oz vaqt qoldi, demak bu safar sportchilar ancha kam ishtirok etar ekan-da", degan savolga :

- Siz shoshmay turing. Bu hali tong otdi degani emas. Kelgusi yilning iyul oyigacha sportchilar litsenziya normativlarini bajaradilar. Yaxshi niyat qilaylik, 58tadan kam bo‘lmaydi, Xudo xohlasa, deydi Roman Itskov.
XS
SM
MD
LG