Линклар

logo-print

Qotillikda gumonlanayotgan qirg‘iz militsionerlaridan ikkisi uy qamog‘iga olindi


Xolmirzayev o‘limida ayblanayotgan militsionerlarning yaqinlari shu kungacha bir necha talab bilan uch marta mitingga chiqqanlar.

Xolmirzayev o‘limida ayblanayotgan militsionerlarning yaqinlari shu kungacha bir necha talab bilan uch marta mitingga chiqqanlar.

Bishkek yaqinidagi So‘quluq tuman sudida Usmonjon Xolmirzayevni o‘ldirganlikda ayblanayotgan to‘rt militsioner ustidan mahkama davom etmoqda.

Xolmirzayev o‘limi yuzasidan bo‘lib o‘tayotgan mahkamada raislik qiluvchi Qurmanqul Zulushev 19 oktyabr kuni sudlanuvchilarning advokati Jirg‘al Maatjaqipovning o‘z himoyasidagi militsiya xodimlarinining jazo chorasini o‘zgartirish to‘g‘risidagi iltimosini qoniqtirdi:

- Bularni qamoqda saqlashning keragi yo‘q. Bular tergovda hech qayerga qochgan emas, sudda hech qayerga qochmaydi. Shu sababli men iltimosnoma keltirdim. Bundan tashqari, parlamentning ayrim deputatlari, qishloq kengashi deputatlari iltimosnoma yuborishdi. Bularning qamoqda saqlash bo‘yicha jazo chorasini o‘zgartirib, sud qilinsa, adolatli hukm chiqadi. Ular mahkamaga to‘sqinlik qilishmaydi, - der ekan advokat Maatjaqipov o‘z himoyasidagi sudlanuvchilarni uy qamog‘iga chiqarish borasida sudga iltimosnoma yuborgan parlament deputatlari ismlarini ochiqlamadi.

Shu tariqa, Usmonjon Xolmirzayev o‘limi yuzasidan ayblanayotgan ikki militsiya xodimi Quban Nuriyev va Munarbek Mamataliyev uy qamog‘iga chiqarildi. Yana iki nafar militsiya xodimi - Ularbek Ismailov va Nurg‘azi Tutashev esa qamoqda saqlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, asli bozorqo‘rg‘onlik, biroq keyinchalik Rossiya fuqaroligini olgan Usmonjon Xolmirzayevni 7 avgust Bozorqo‘rg‘on tuman ichki ishlar bo‘limida kaltaklangan. 9 avgust kuni esa u olingan tan jarohatlari natijasida Bozorqo‘rg‘on tuman kasalxonasida olamdan o‘tgan.

2011 yilning 9 avgust kuni Jalolobod viloyati Bozorqo‘rg‘on tuman prokuroturasi tomonidan Usmonjon Xolmirzayev o‘limi yuzasidan to‘rt militsionerga nisbatan jinoyat ishi ochilgan.

Xolmirzayev o‘limi yuzasidan ilk mahkama shu yilning 29 sentyabr kuni Suzoq tuman sudida bo‘lib o‘tdi. Keyinchalik xavfsizlik nuqtai nazaridan mahkama Chuy viloyati So‘quluq tuman sudiga ko‘chirildi.

Shu yilning 3 oktyabr hamda 18-19 oktyabr kunlari Usmonjon Xolmirzayevni o‘ldirganlikda ayblanayotgan militsiya xodimlarining yaqinlari Bozorqo‘rg‘onda mitingga chiqqanlar. Ma‘lumotlarga ko‘ra, bir necha soat davom etgan mitingda militsionerlarning yaqinlari O‘sh-Bishkek avtoyo‘lini to‘sib qo‘yganlar. Militsionerning yaqinlari So‘quluq tuman sudida o‘tayotgan mahkamani Jalolobod viloyatiga ko‘chirishni va sudlanuvchilarni uy qamog‘i yoki mamlakatdan chiqmaslik to‘g‘risidagi tilxat bilan ozod qilinishini talab qilganlar.

So‘quluq tuman sudida bo‘lib o‘tayotgan mahkamada Usmonjon Xolmirzayev yaqinlari huquqini himoya qilayotgan advokat Dinara Medetova mahkamaning boshqa joyga ko‘chirilishiga Xolmirzayevlarning aloqasi yo‘qligini aytadi:

- Protsessual kodeks bo‘yicha mahkama voqea bo‘lgan joyda – Bozorqo‘rg‘onda bo‘lishi kerak edi. U yerdagi sudyalarning barchasi: “Bu yigitlar bilan birga ishlab, birga choy ichib yuramiz” deb, mahkamada raislik qilishdan bosh tortgan. Shuning asosida mahkama Suzoqqa ko‘chirilgan. U yerda tuman sudi raisi Sattar Qambaraliyevning o‘zi mahkamaga raislik qilgan. Biroq sudlanuvchilar va ularning advokatlari mahkama raisiga ishonchsizlik bildirgan. Keyin sud qayerda bo‘lishi belgilanishi uchun jinoiy ish Oliy sudga yuborilgan. Oliy sud mahkamani So‘quluq tumanida bo‘lishi to‘g‘risida qaror chiqardi, - dedi Dinara Medetova.

Ayni paytda Usmonjon Xolmirzayevning yaqinlari bo‘lib o‘tayotgan mahkamalarda sudlanuvchilarning yaqinlari ularni haqorat qilayotganini, mahkamalarda jabrlanuvchilar tik turib ishtirok etayotganliklarini aytishadi.

- Men: “Sen qirg‘izsan”, demayman. To‘g‘rimizdan chiqib qolishsa, “Sartsan sen” deb, bizni yomon ko‘rishayapti. Bizni qaysi aybimizga yomon ko‘radi? Men bir insonni o‘ldiribmanmi? Bizni oilamizda, urug‘imizda birovni o‘ldirgan yoki bir yomon ish qilgan odam yo‘q. Hammaga ham alam qiladi. O‘zlarinikini qamasa, alam qilayapti-ku, bizniki o‘ldi. Ukam yetimlarni boqqan. Peshonamiz kelishmay, ikkita bolam bilan men, uchta bolasi bilan opam ukamning uyida yashaymiz. O‘sha yetimlarni boshini silab, halol mehnat qilgan edi. Bizga yaxshilik qilib-qilib, endi o‘z bolalariga kelganda o‘lib qolgani bizga juda alamli bo‘layapti. Inson bo‘lsa, bizning o‘rnimizga o‘zlarini qo‘yib ko‘rishsin. Nimaga alam qilishadi? Bular-ku yosh ekan - 25-30 yilga qamasa ham ertaga chiqib, bag‘riga keladi-yu, bizniki qayerdan keladi? - dedi marhum Xolmirzayevning opasi To‘xtaxon opa.

Xolmirzayev o‘limi yuzasidan navbatdagi mahkama shu yilning 2 noyabr kuni bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
XS
SM
MD
LG