Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:36

O‘zbekiston "erkin ittifoq"qa nega kirmadi?


Kuzatuvchilarga ko‘ra¸ MDHning o‘zi samarasiz guruh bo‘lib qolayotgani bois¸ uning tashabbuslari ham samarasiz qolmoqda.
Kuzatuvchilarga ko‘ra¸ MDHning o‘zi samarasiz guruh bo‘lib qolayotgani bois¸ uning tashabbuslari ham samarasiz qolmoqda.
Tahlilchilarga ko‘ra¸ O‘zbekistonda o‘rnatilgan iqtisodiy model¸ erkinlikning har qanday shakliga toqatsizdir.

Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a‘zo mamlakatlar hukumatlari raislarining 18 oktyabr kuni Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida Erkin savdo zonasi yaratish to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi.

Hujjatga hamdo‘stlikka a‘zo davlatlardan 8 tasi qo‘l qo‘ydi. Biroq 3 davlat: O‘zbekiston, Turkmaniston va Ozarbayjon mazkur shartnomani imzolamadi.

Shuni aytish kerakki, O‘zbekiston imzolamagan shartnoma MDH hududida Erkin savdo hududi yaratish yo‘lida qo‘yilgan birinchi qadam emas.

Bu xususdagi birinchi shartnoma a‘zo davlatlar tomonidan 1994 yili imzolangan, lekin uni hamdo‘stlikka a‘zo davlatlarning ko‘pchiligi, hatto Rossiya ham ratifikatsiya qilmagan edi.

Mana endi yangi shartnoma imzolandi va Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putinga ko‘ra, uning ustida 10 yildan ziyod ish olib borilgan.

Xo‘sh, shuncha mehnat sarflangan shartnomani O‘zbekiston nima uchun imzolamadi?

Iqtisodiyotchi olim Malik Abdurazzoqov bu savol javobini tushuntirib berdi.

Suhbatimiz esa, mana bu – eng anoyi tinglovchining “Erkin savdo zonasi degani nima o‘zi?” degan savoli bilan boshlandi.

Anoyining savoli

Malik Abdurazzoqov: Erkin savdo zonasi bu tovarni chegaralar yo‘qotilgan sharoitda erkin savdo zonasiga kirgan mamlakatlarning bozorida sotiladi. Bozor narxida sotiladi. Lekin chegaralar yo‘qotiladi tovarlar uchun. Bundan tashqari¸ shaxslarning ham qayerda xohlasa ish qidirib, ishlab faoliyat ko‘rsatishi mumkin savdo zonasiga kiradigan mamlakatlarning fuqarolari. Kapitalga chegaralarning yo‘qotilishi. Bu degani pul almashuvini liberallashtirish. Mana shu uchta printsip bu yerda asosiy rol o‘ynaydi. Kapital, shaxslar, fuqarolar, tovarlar erkin darajada shu hududda joylashgan mamlakatlarning bozorida faoliyatini ko‘rsatishi mumkin.

Ozodlik: Sizning tushuntirishingizdan go‘zal narsa ekan¸ degan fikrga keldim. Ayni paytda Sankt Peterburg shahrida 18 oktyabr kuni o‘tkazilgan yig‘inda O‘zbekiston, Turkmaniston, Ozarbayjon erkin savdo hududi to‘g‘risidagi shartnomani imzolamabdi. Buning sababi nimada? Nima uchun O‘zbekiston shu go‘zal shartnomani imzolamayapti?

Malik Abdurazzoqov: Birinchidan, bu qog‘ozda. Lirika deymiz. Prozasi boshqa joydan boshlanadi...

Suhbatdoshimiz - tahlilchi Malik Abdurazzoqov aytayotgan “proza” chindan ham proza, proza bo‘lgandayam maxsus bilimi yo‘q odam tushunishi qiyin va shuning uchun ham zerikarli proza ekan.

O‘sha “proza”ni tushuntirar ekan, olim postsovet mamlakatlar o‘rtasidagi savdo iqtisodiy aloqalar o‘ta chigal ekanligini misollar bilan tushuntirib berdi.

Uning aytishicha, MDHga a‘zo davlatlar iqtisodiyotlari, xususan, O‘zbekiston iqtisodiyoti ustidan ham davlat nazorati ustun qolib kelmoqdaki¸ aynan shu omil aytilgan chigalliklar sababidir.

Mavzu qanchalik og‘ir bo‘lmasin¸ olimning aytganlaridan ba‘zi narsalarni tushundik va suhbatning e‘tiboringizga havola qilinadigan davomida olimdan tushunib olganlarimiz to‘g‘ri-noto‘g‘riligini so‘radik.

“O‘zbekiston iqtisodiyoti raqobatbardosh emas”

Ozodlik: Siz aytganlaringizdan tushunganlarimdan bittasi. O‘zbekiston iqtisodiyoti erkin emas va shuning uchun ham erkin savdo zonasiga qo‘shilishga tayyor emas¸ deb tushundim. Shu to‘g‘rimi?

Malik Abdurazzoqov: To‘g‘ri. Ko‘p darajada to‘g‘ri. Albatta¸ Turkmanistonga, Belarusga nisbatan erkin. Lekin raqobatbardoshligi yo‘q. Sanoat korxonalari ko‘pchiligining faoliyat ko‘rsatayotganligi bu faqatgina chegara yopiqligi uchun. Chegara degani endi qo‘pol qilib aytayapman. Boshqaruv tuzilmalari katta soliq olganligi uchun bizning bozorimizga O‘zbekistonda chiqaradigan tovarlardan sifatliroq mollarning kirib kelishiga imkoniyat tug‘dirmayapti. Shuning uchun iste‘molchi ichki talabni qanaqadir qo‘llab-quvvatlab turibdi.

Toshkentning bugungi qadami to‘g‘ri...

Ozodlik: Demak, agar Toshkent erkin savdo zonasiga qo‘shilguday bo‘lsa, bu zonada O‘zbekiston iqtisodiyotiga putur yetib qolishi mumkin.

Malik Abdurazzoqov: Hozirgi ahvolda putur yetib qolishi mumkin.

Ozodlik: Shundan kelib chiqib Toshkentning shu qadamini to‘g‘ri deyish mumkinmi?

Malik Abdurazzoqov: Endi umuman hozirgi vaziyatda boshqa imkoniyat yo‘q. Chunki garovga tushib qolganday. Chunki o‘zimizning iqtisodiyotimiz shunaqa bo‘lgandan keyin hozir erkin savdo iqtisodiyotiga kirsa, lekin boshqa tomondan qaraganda hamdo‘stlik mamlakatlari shuncha ko‘p shartnomalar qabul qildiki, hali bittasi ishlamayapti. Erkin iqtisodiy zonasi agar paydo bo‘lsa, bu boshqa tomondan qaraganda, ijobiy tomondan ham, endi bir xillar aytadiki tovarlar almashadi.

O‘zbekiston undan ko‘ra birinchi navbatda Jahon savdo tashkilotiga o‘zining munosabatini e‘lon qilishi kerak. Biz kiramizmi yo‘qmi? Chunki bu yerda (Jahon savdo tashkilotida) haqiqiy nufuzli iqtisodiyotlar bilan munosabat bo‘ladi. Bu yerda (MDHda) haqiqiy, nufuzli, katta sanoat yuqori texnologiyalarga ega bo‘lgan mamlakatlar yo‘q. Qaysi tovarlar bilan bu yerda erkin savdo printsiplarida o‘rtada almashuv bo‘ladi men bilmayman. Neft, gaz mahsulotlarini olsak, Rossiya federatsiyasi bizlarning bozorimizda o‘tiribdi. Telekommunikatsiyani olsangiz, marhamat o‘tiribdi. Boshqa hech narsa yo‘q. Yana nima kerak? Shuning ham bir tomoni qiziq. Hech narsa yo‘q.

...lekin bugungi iqtisodiyotning kelajagi yo‘q

Ozodlik: Yana bir narsa. To‘g‘ri tushundimmi¸ noto‘g‘ri tushundimmi¸ tushuntirib bering. Erkin savdo zonasiga kirmagani bugun uchun to‘g‘ri Toshkentning kirmagani. Lekin yaqin kelajakda yoki uzoqroq kelajakda bugungi ahvolni saqlab qolishi noto‘g‘ri. Iqtisodiyotning bugungi modelini saqlab qolishi noto‘g‘ri¸ deb tushundim. To‘g‘ri tushundimmi?

Malik Abdurazzoqov: To‘g‘ri. Strategiyada yaqin bo‘ladimi, uzoq bo‘ladimi¸ farqi yo‘q. Juda ham katta xavf tug‘diradi bunaqa iqtisodiyotlarni saqlab qolish. Umuman hamdo‘stlik mamlakatlari 20 yil ichida O‘zbekiston ham, boshqa mamlakatlar ham hech qanaqa normal, raqobatbardosh, dinamik rivojlanadigan iqtisodiy tuzilma, modellarni ko‘rsatmadi. Qurmadi o‘zining hududida. Bular hammasi SSSRdan qolgan sanoat korxonalarini modernizatsiya qildi. Eng yomoni xom ashyo ustida birov o‘tiribdi. Kimdir paxta bilan gaz ustida o‘tiribdi bizlarga o‘xshab, qolganlar neft-gaz ustida o‘tiribdi, hech narsa rivojlanmadi. To‘g‘ri bir xil darajada qilinayapti neft-gaz sanoati, endi bu ayrim bir faktorlar, ayrim bir omillar desak bo‘ladi. Umuman olganda bunaqa saqlanib qolishi bu iqtisodiyotlarning va shaxsan O‘zbekistonniki ham noto‘g‘ri bo‘ladi. Dinamikasini yo‘qotadi borgan sari bunaqa iqtisod.

Yana bitta narsaga e‘tibor bering. Hozir yangi kapitalizm evolyutsiyasi ketayapti. Bizlar buni sezmayapmiz bu yerda o‘tirib olib Markaziy Osiyoda. Rossiyada ham sezmayapti. Lekin bu ketayapti. Bizlar orqada qolib ketishimiz mumkin. Yuqori texnologiya, ta‘lim-fanning rivojlanishi bu printsiplardan ham bizlar orqada qolib ketamiz. Erkin savdo zonasi¸ albatta¸ bu narsalarga hozirgi kunda hech qanaqa javob bermaydi va Putinning hukumat tepasiga qaytishi bilan ham bog‘liq. Chunki buning orqasida haqiqiy mexanizm turibdi yoki oddiy siyosiy reklama turibdi. Chunki yopiq jamiyatlar, yopiq iqtisodiyotlar hech qachon integratsiya bo‘la olmaydi. Integratsiyani amalga oshirishda juda ko‘p savollar paydo bo‘ladi.

Bepusht iqtisodiyotlarning bepusht ittifoqi

Ozodlik: Tibbiyot terminini ishlatadigan bo‘lsak, bu erkin savdo zonasi bepusht iqtisodiyotlarning qo‘shilmasi ekanda. Natijada bu zona ham bepusht bo‘larkanda. Shunday deb tushundim men.

Malik Abdurazzoqov: To‘g‘ri. Juda to‘g‘ri tushundingiz. Bu iqtisodiyot orqada qolib ketgan shunaqa arxaik iqtisodiyot. Bu iqtisodiyot hech qachon kelajakda dinamik iqtisodiyotga olib kelmaydi. Bu orqada qolib ketgan iqtisodiyot.
XS
SM
MD
LG