Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:06

“Ezgulik” paxta qurboni uchun maktabni sudga berdi


Tajikistan -- Children pick cotton in a field near a village of Danghara, 12Oct2010
Tajikistan -- Children pick cotton in a field near a village of Danghara, 12Oct2010
Bir yil avval paxtadan qaytayotib, avtohalokatda halok bo‘lgan Ahrorjon Abdumannonov ishi bo‘yicha u o‘qigan maktab sudga berildi.

Namanganlik 10 yoshli Ahrorjon Abdumannonov o‘tgan yilning 12 oktyabr kuni paxtadan qaytayotib, avtohalokatga uchrab halok bo‘lgan edi.

Fojia arafasida Ahrorjon Pop tumanidagi 25-maktabning 5-sinfida o‘qiyotgan edi.

Ahrorjon Abdumannonov ishini o‘rgangan “Ezgulik” jamiyati tarqatgan ma‘lumotga ko‘ra, paxta qurboni bo‘lgan Ahrorjonning ishi baxtsiz hodisa deya¸ bosti-bosti qilingan.

“Ezgulik” jamiyati rahbari Vasila Inoyatovaga ko‘ra, tashkilot Ahrorjon Abdumannonov ishi bo‘yicha Popdagi 25-maktab ma‘muriyatini sudga bergan.

- Ahrorjon bo‘yicha, uning o‘lgani haqida bizda hujjat bor. Otasining bizga yozgan arizasi ham bor. Otasi yozayapti “Mening farzandim Abdumannonov Ahrorjon 2010 yil 12 oktyabr kuni o‘zi o‘qib turgan 25- umumta‘lim o‘rta maktabi buyrug‘iga asosan paxta yig‘im-terimiga olib ketilayotganda nazoratsizlik tufayli avtohalokatga uchrab halok bo‘lgan” deyapti. yoshi 10da bo‘lgan. 5-sinfda o‘qiyotgan bo‘lgan. Endi maktab ma‘muriyati tomonidan u bolaning otasiga juda qattiq bosim o‘tkazilgan “Keyingi bolang maktabda o‘qiyapti. Hokimga aytamiz. Yerlaringni olib qo‘yadi” deb. Mana bir yil bo‘ldi biror-bir yordam, boshqa yo‘q. Hattoki jinoyatni ham xaspo‘shlab, baxtsiz hodisa deb yopib yuborilgan. "Ezgulik" jamiyatiga murojaat qilindi. Biz maktab ma‘muriyatini sudga berdik. Dushanbadan sud ishlari boshlanadi. Advokat oldik. Hozir advokat ishni o‘rganayapti, deydi Vasila Inoyatova.

Popdagi 25-maktab ma‘muriyati va Pop tuman Ichki ishlar bo‘limidan Ahrorjon Abdummannonov ishi bo‘yicha biror bir ma‘lumot olish imkoni bo‘lmadi.

"Ezgulik" jamiyati ma‘lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda har yili terim mavsumida o‘ndan oshiq bola paxta qurboniga aylanmoqda.

- 24 sentyabrda Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumanining 24-maktab 7-sinf o‘quvchisi terim davrida avtohalokatga uchradi. O‘tgan yil Buxorodagi Jondorda paxtadan qaytayotgan mashina ikkita bolani bosib ketgan. Qarshida shunaqa bir nechta halokatlar bo‘ldi. Achinarli tomoni shundaki, paxtada qurbon bo‘lgan xoh kichik, xoh katta bo‘lsin hukumat idoralari hech qanaqa harakat qilishmayapti, deydi Vasila Inoyatova.

24 sentyabr kuni paxtadan qaytayotganda avtohalokatga uchrab komaga tushgan chiroqchilik Bahodir Pardayev 22 kun deganda hushiga kelgan, biroq hanuz tilga kirmagan. U bilan bog‘liq avtohalokat bo‘yicha ham hanuz tergov jarayoni boshlanmagan.

Vasila Inoyatovaga ko‘ra, bu kabi paxta qurbonlari ishi odatda "tinchitib" yuboriladi va ayni shuning oldini olish maqsadida poplik Ahrorjon ishiga "Ezgulik" jiddiy kirishgan.

- Endi bilasizmi davlat, hokimiyatning buyrug‘i bilan maktab olib boradi bolalarni paxtaga. Maktab o‘zidan o‘zi olib bormaydi. Maktabga buyruq beriladi. Maktabga faqatgina hokimiyat buyruq beradi. Tuman hokimiyatiga tepadan, undan yuqorisi, yuqoriga chiqib ketaveradi. Hozir biz o‘zimizga qarshi juda katta xavfni olayapmiz. Ilojimiz yo‘q. Bu narsani ochmasak, keyingi bo‘ladigan avtohalokatlar ham ochilmay qolaveradi. Mana shu paytgacha birorta avtohalokat ochilmadi. Biror-bir o‘lim holatlari ochilmadi.

O‘zbekiston hukumati imzo qo‘ygan konventsiyalar, bolalar huquqi haqidagi konventsiyalar bor. Ularda 14-15 yoshgacha bo‘lgan bolalar bunaqa majburiy mehnatga jalb qilinmasligi shart. Shu hujjatga O‘zbekiston ham imzo chekkan. Mana shunaqa paytda 10 yashar bola halok bo‘lib tursa-da, bu bo‘yicha davlat idoralari hech qanaqa ish yuritmasa. Ishni harakatdan to‘xtatib qo‘ysa, bu baxtsiz hodisa deb. Yana buning ustiga otasiga zug‘um qilsa. Biz shu narsalarni oldini olish maqsadida Popdagi maktabni sudga berdik, deydi Vasila Inoyatova.

“Ezgulik” ma‘lumotiga ko‘ra, 19 oktyabr kuni Jizzaxdagi maktablardan birining o‘quvchisi paxtadan qaytayotib avtohalokatga uchrab halok bo‘lgan.

Bir necha kun esa Jizzaxdagi paxta dalalaridan birida oshpazlarga yordam berayotgan bolakayning ustiga yog‘ quyilib, nobud bo‘lgan.

“Ezgulik” rahbariga ko‘ra, ikkala holatda ham bolalarning ota-onalari bu haqda matbuotga gapirishni istamayapti.
XS
SM
MD
LG