Линклар

Toshkent so‘roviga ko‘ra ekstremizm va terrorchilikda gumon qilinib Moskva viloyatida qo‘lga olingan O‘zbekiston fuqarosi Rossiya ommaviy axborot vositalarida allaqachon jinoyatchiga chiqarib qo‘yildi. Interpol hibsga olgan 32 yoshli Farrux Botirovni o‘z himoyasiga olgan “Fuqaroviy ko‘mak” tashkiloti huquqshunoslari uni O‘zbekiston maxfiy xizmatlari boshlagan yana bir siyosiy o‘yin qurboni sifatida baholamoqda.

32 yoshli qashqadaryolik Farrux Botirov Toshkentdagi portlashlar (1999 yil ëxud 2004 yilgi portlashlardan qay biri ekani rasman ochiqlanmagan - tahr.) uyushtirish va davlat tuzumini ag‘darishga uringan noqonuniy tashkilotlarga aloqadorlikda ayblanib, xalqaro qidiruvga berilgan.

Botirov 12 oktyabrga o‘tar kechasi Moskva viloyati Solnechnogorsk tumanida Rossiya IIBsining Ekstremizmga qarshi kurash markazi va Interpol hamkorlikda o‘tkazgan maxsus amaliyot natijasida hibsga olingan edi.

Qashqadaryolik bu mardikor yigit ishi bilan qiziqib qolgan Moskvadagi “Fuqaroviy ko‘mak” tashkilotining Markaziy osiyolik qochqinlarga ko‘mak dasturi Botirov uchun maxsus advokat yolladi.

Mahbus himoyasi bilan kuni-kecha O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 159, 244/1 va 244/2 moddalari bo‘yicha ayblanayotgan Farrux Botirovni vaqtinchalik saqlash izolyatorida ko‘rib kelgan advokat Nadejda Yermolayeva shug‘ullanmoqda.

- Men Botirov bilan uchrashishga muvaffaq bo‘ldim. U Solnechnogorsk tumani izolyatorida saqlanmoqda. Bu yerda u juma kungacha bo‘ladi, keyin tergov izolyatoriga o‘tkazishadi. Biz endilikda undan xabar olib turamiz. Botirovning begunohligini isbotlash uchun kamida yarim yil vaqt ketadi, deb o‘ylayman. Afsuski¸ u shuncha vaqt u tergov izolyatorida qolishga majbur. Farrux ikki yildirki Rossiyada ekan. Jinoiy ish esa bir yil oldin qo‘zg‘atilgan. Undan oldin qidiruvda bo‘lmagan, jinoiy javobgarlikka tortilmagan. Kimdir unga qarshi O‘zbekistonda tuhmat qilgan bo‘lishi mumkin¸ u yerdagi militsiyachilar mahbuslardan qay tarzda kerakli javoblarni olishi mumkinligini mendan yaxshi bilsangiz kerak, deydi advokat Nadejda Yermolayeva.

Advokatning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya huquqni muhofaza qilish xodimlari dastlab Botirovning ukasi Faridni hibsga olgan. “Adashganini anglagan politsiyachilar Faridni qo‘yib yuborgan va keyinroq Farruxni qo‘lga olgan", deya davom etadi Nadejda Yermolayeva.

- Ishoning, men uni ko‘rib yig‘lab yubordim. Ommaviy axborot vositalarida berilayotgan ma‘lumotlarni o‘qib olgandan keyin izolyatorga kirib¸ u yerda kamida soqolli, juda bo‘lmaganda do‘ppi kiygan odamni ko‘raman, deb o‘ylagan edim. U hatto namoz o‘qishni ham bilmas ekan! Ko‘rinishidan ko‘chalarimizda yuradigan oddiy mardikor yigit. Shunga qaramasdan u o‘zini dadil tutayapti, faqat nima bo‘layotganini tushunmaëtgan ko‘rinadi. Terrorchilik haqida u bizga o‘xshab radio-televizordan eshitganini aytdi. O‘zbekiston o‘z ayblov hujjatlarini hozircha yuborgani yo‘q, deydi Botirov himoyasi bilan shug‘ullanaëtgan advokat Nadejda Yermolayeva.

Advokatning aytishicha, O‘zbekiston 40 kun ichida Farrux Botirovni ekstraditsiya qilish bo‘yicha so‘rov hujjatlarini yuborishi zarur. “Aks holda uni qo‘yib yuborishlari kerak”, deya qo‘shimcha qiladi Yermolayeva.

Ayni paytda Rossiya ommaviy axborot vositalarida Farrux Botirovni allaqachon o‘ta xavfli terrorchi va ekstremistga chiqargan sanoqsiz maqola va xabarlar tarqalmoqda.

“Komsomolьskaya pravda” gazetasi xabariga ko‘ra, Podmoskoveda “Rossiya hududida o‘zbekistonlik ekstremistik harakat yetakchisi va ishtirokchilaridan biri” hibsga olingani haqida MDH davlatlari Ichki ishlar vazirliklari va politsiya rahbarlarining Yerevan uchrashuvida hatto Rossiya Ichki ishlar vaziri Rashid Nurgaliyev hisobot berishga ulgurgan.

“Rashid Nurgaliyev yig‘ilishda 32 yashar Farrux Botirovning Toshkentdagi portlashlarga aloqadorligini tasdiqladi”, deya yozadi “Komsomolka”.

Boz ustiga Rossiya ommaviy axborot vositlarida “terrorchilar yetakchisi” Botirovning pasport, patent va migratsiya hujjati ma‘lumotlari chop etilgan, gazeta rasmiy saytiga Farruxdan izolyatorda olingan so‘roq videoroligi ham ko‘yilgan.

“Bu bayonotlar mutlaqo qonunga zid”, deydi Ozodlikka Moskvadagi “Fuqaroviy ko‘mak” tashkilotining Markaziy osiyolik qochqinlarga ko‘mak dasturi rahbari Yelena Ryabinina.

- Bu aybsizlik prezumptsiyasining qo‘pol ravishda buzilishidir! Biz unga advokat yolladik, chunki u bizning himoyamizga muhtoj bo‘lganlardan biri. Endi biz sud qarori e‘lon qilinmasdan mijozimizni terrorchilik yoki ekstremizmda ayblayotgan har qanday shaxs yoki rasmiyni javobgarlikka tortishimiz mumkin. Shuningdek, bu noo‘rin ayblovlar Strasburg sudiga murojaat qilish uchun yana bir asos bo‘ladi, deydi Yelena Ryabinina.

Interpol xodimlarining ma‘lum qilishicha, Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumani Batosh qishlog‘idan bo‘lgan 32 yoshli Farrux Botirov “noqonuniy ekstremistik tashkilotga a‘zolik hamda Toshkent va boshqa yirik shaharlarda portlashlar uyushtirishga uringanlikda” ayblanib, O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan.

Interpoldan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, Farrux Botirovning rafiqasi va ikki nafar farzandi O‘zbekistonda qolgan.
XS
SM
MD
LG