Линклар

Bundan bir oy avvalroq amnistiyaga tushgan sakkiz nafar tojikistonlik ayol qamoqqa qaytish maqsadida ataylab jinoyat qilgani aytilmoqda.

Bu borada xabar tarqatgan Tojikistonning Xatlon viloyati prokuraturasining ma‘lum qilishicha, ayollar o‘g‘rilik, qalloblik va bezorilikda ayblanmoqda.

Hozircha shaxsi e‘lon qilinmagan bu sakkiz nafar ayol 24 avgust kuni “Avf to‘g‘risidagi qonun”ga asosan ozodlikka chiqarilgan edi.

Endilikda huquq-tartibot idoralari tomonidan qayta hibsga olingan ayollar, Xatlon viloyat prokuraturasidagi manbaning bildirishicha, dastlabki tergov jarayonida Norak ayollar qamoqxonasiga qaytish maqsadida ataylab jinoyat sodir etganlarini e‘tirof qilganlar va qilmishlaridan pushaymon emas.

Biroq mahalliy tahlilchi Muhabbat Mirzorahimova ayollar qamoqqa qaytish maqsadida ataylib jinoyatga qo‘l urganiga ishonmasligini aytadi.

- Qamoqdagi hayot ozodlikdagidan yaxshiroq bo‘la olmaydi. Shuni nazarga olgan holda, biror inson qamoqda qolish uchun qasddan jinoyat sodir qilmaydi. Men shaxsan bunga ishonmayman, - deydi mustaqil tahlilchi Muhabbat Mirzorahimova.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari o‘g‘irlik va qalloblik kabi jinoyatlarga asosan qamoqdan chiqqan va daromad manbai yoki boquvchisi bo‘lmagan ayollar qo‘l urishini aytadi.

Boshqa bir guruh tahlilchilar mulohazasicha, amnistiyaga tushgan sakkiz ayolni qayta jinoyatga undagan omillar ham aynan shu bo‘lishi mumkin.

Jamiyatshunos Bunafsha G‘ulomovaning kuzatishlariga ko‘ra, qamoqdan chiqqach, jamiyat hayotida o‘zini begona sezgan ayollar ko‘p hollarda izolyatsiyada yashashni afzal biladilar.

- Bu ayollar qamoqdalik chog‘ida oilasi buzilgan, yaqinlari yuz o‘girgan. Qamoqdan qaytgach, ish topolmaydi. Davlat va jamiyat nazaridan chetda qoladi. Natijada ular o‘zini jamiyat uchun keraksiz, deb o‘ylaydi. Tabiiyki, ijtimoiy, iqtisodiy muammolar va ruhiy azobdan ko‘ra ortga, ya‘ni qamoq hayotiga qaytishni afzal biladi, - deya mulohaza bildiradi jamiyatshunos G‘ulomova.
XS
SM
MD
LG