Линклар

logo-print
Bundan 42 yil muqaddam isyon bilan hokimiyatga kelgan Muammar Qaddafiy umri isyon bilan yakun topdi.

Tug‘ilish

20 oktyabrda o‘ldirilgan Muammar Qaddafiyning tug‘ilgan kuniga oid aniq ma‘lumot yo‘q.

Bir manbada¸ uning 1940 yil 7 iyunda Liviyaning Sirt shahrida qashshoq badaviy oilasida tug‘ilgani aytilsa¸ boshqasida Qaddafiyning 1942 yilda tug‘ilgani haqida ma‘lumot keltiriladi.

U badaviylarning Al-Qaddaf qabilasiga mansub.

Qaddafiy maktablari

Qaddafiy biograflari uning yoshlik paytida Sirt¸ Sabh va Misratadagi maktablarda ilk tahsil ko‘rganini yozishadi.

Maktablarda o‘qish chog‘ida Qaddafiy arab dunyosini birlashtirish haqidagi Jamol Abdul Nosir g‘oyalari bilan qiziqadi.

1956 yil yuzaga chiqqan Suvaysh bo‘hroni paytida Qaddafiy ilk marotaba Isroilga qarshi namoyishlarda ishtirok qiladi.

Qaddafiy 1959 yilda Sabh shahrida tuzilgan yashirin siyosiy tashkilot asoschilaridan biri bo‘laadi.

Bu tashkilot Suriyaning Birlashgan arab respublikasi tarkibidan chiqishiga qarshi 1961 yilda namoyish o‘tkazadi.

Ana shundan keyin Qaddafiy o‘zi o‘qiyotgan maktab-internatdan haydaladi.

Maktabdan haydalgan Qaddafiy 1961 yilda monarxiyaga qarshi tashkilotni tuzadi.

Bu tashkilot ayni paytda G‘arb ishg‘olchilariga ham qarshi shiorlar bilan chiqadi.

Bu faoliyati uchun Qaddafiy qisqa muddat qamoqqa olinadi.

O‘qishni Misratada davom qildirgan Qaddafiy¸ 1965 yilda Beng‘oziydagi harbiy bilim yurtni leytenant unvonida tugatadi.

Qaddafiyning oktyabr inqilobi

1966 yilda Britaniyada harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan Qaddafiyga kapitan unvoni beriladi.

1969 yilda Qaddafiy asos solgan “Erkin zobitlar ittifoqi” Liviya podshosini ag‘darish rejasini ishlab chiqadi.

11 nafar zobit rahbarlik qilgan bu to‘ntarish Liviyadagi monarxiyaga nuqta qo‘yadi.

Qaddafiy 1969 yil oktyabrida o‘z tarafdorlari oldida chiqish qilib beshta talabni o‘rtaga qo‘ydi. (1. Xorijiy qo‘shinlarning Liviya hududidan chiqib ketishi. 2. Ijobiy betaraflik. 3. Milliy birlik. 4. Arab birligi.5. Siyosiy partiyalarni taqiqlash.)

7 oktyabr kuni Liviyadan 20 ming italiyalik quvib chiqariladi.

1969-71 yillar mobaynida mamlakatdagi barcha xorij banklari
Liviya qo‘liga o‘tkaziladi¸ italyanlarga tegishli yer–suvlar tortib olinadi.

Neft shirkatlarnining 51 foiz davlat nazoratiga o‘tadi.

Qaddafiy iqtidorga kelishi bilan mamlakatdagi kalendar melodiydan hijriyga o‘zgartiradi.

Mamlakatda qimorxonalar yopiladi¸ aroq-vino sotish taqiqlanadi. Bu tashabbus G‘arb qadriyatlaridan musulmon an‘analariga qaytishni anglatadi.

Qashshoqning bolasi Qaddafiy qashshoqlika qarshi

Qaddafiy rejimi 1970 yildan to 1990 yilgacha Afrika va yaqin Sharqdagi boshqa davlatlarga o‘xshash edi.

Boy tabiiy zahiralar fonidagi qoloq va qashshoq¸ qabilalararo nizoga botgan Liviya surati havas qilib bo‘lmaydigan darajada abgor edi.

1973 yilda Muammar Qaddafiy Liviyada madaniy inqilob tashabbusi bilan chiqadi.

Podsho ag‘darilgan 1968 yilda Liviyaning 73 foiz aholisi savodsiz edi.
Qaddafiy iqtidoriniyag birinchi o‘n yilida 222 kutubxona¸ 25 ta umumdavlat ta‘lim markazlari ochiladi.

1977 yilda xat-savodlillar soni 51 foizga chiqadi. 1970 yildan to 1980 yilgacha Liviyada 180 ming turar joy quriladi.

Bu esa chodir va handaqlarda yashatganlarning 80 foizini uy-joy bilan ta‘minlaydi.


Qaddafiyning "Yashil kitobi"

Liviya rasmiy mafkurasi so‘l g‘oyalarning islomiy idishdagi qorishig‘iga menzaydigan "Yashil kitob"dan iborat.

1970 yildan boshlab Liviya Sovet Ittifoqi ta‘sir doirasiga kiradi.

Ayni paytda Liviya qo‘shni arab davlatlaridan masofalashadi.

Muammar Qaddafiy 1976 ¸ 1981 va 1986 yillarda. uch marta Sovet Ittifoqiga tashrif buyuradi va Brejnev hamda Gorbachyov bilan uchrashadi.

O‘tgan yili Qaddafiy Moskvaga tashrif buyurib Putin bilan ham uchrashgan edi.

Qaddafiy Liviyasi terrorchilar sandoni

Ayni paytda G‘arb Liviyani terrorchilar yetishturuvchi xamirturush sifatida ko‘rdi.

1986 yilning 5 aprelida G‘arbiy Berlindagi diskotekada yuz bergan portlashda Liviya qo‘li borligi aytildi.

Bunga Qaddafiydan yozib olingan telefon so‘zlashuvlari asos qilib ko‘rsatildi.

AQSh prezidenti Ronald Reygan Qaddafini "Yaqin Sharqning quturgan iti" deb atadi.

G‘arbning arab bahoridan oldin Qaddafiy bilan konstruktiv muloqoti

Liviya qo‘li borligi isbotlangan terror qurbonlariga tovon to‘lanishi¸ Tripolining yadro quroli yaratishdan voz kechishi va eng muhimi G‘arb shirkatlariga neft sanoatidan ulush berilishi¸ bolalarga OITS yuqtirganlikda ayblanib¸ o‘lim jazosiga hukm etilgan bolgar hamshiralarining avf qilinib ozodlikka chiqarilishi Qaddafiyga nisbatan g‘azab havosini yumshatdi.

Qaddafiy ko‘p o‘tmay Yevropa poytaxtlarininng aziz mehmoniga aylanadi. Sarkozi¸ Berluskoni kabi G‘arb liderlari Qaddafiy bilan og‘iz-burun o‘pishadi.

Italiya Bosh vaziri Berluskoni Qaddafiyning qo‘lini o‘pdi. Qaddafiyni diktator deb atashga G‘arb ommaviy axborot vositalari iymana boshladi.

2009 yil Muammar Qaddafiy AQShga keldi va BMTning 64 seyesiyasida 75 minut nutq so‘zladi.

2011 yilda boshlangan arab bahori¸ G‘arbning Qaddafiyga mulozamatiga xalaqit berdi.

Misrning Tahrir maydonida boshlangan jarayon Afrika va Yaqin Sharqdagi tutumini o‘zgartirdi.

Isyon bilan iqtidorga kelgan Qaddafiy hayotiga isyon nuqta qo‘ydi.

NATO qo‘shinlari ko‘magidagi "xalq isyonchilari" Qaddafiyni 7 oy mobaynida ag‘darishdi.

Qaddafiyning "Liviyada tug‘ildim¸ Liviyada o‘laman" degan gapi rostga do‘ndi....
XS
SM
MD
LG