Линклар

18 oktyabr kuni Toshkent rahbarining ashxobodlik hamkasbiga sim qoqqani¸ Berdimuhamedov Karimovni mehmonga chaqirganiyu¸ bu taklifning mamnuniyat bilan qabul qilingani ana shunday taxminga asos bo‘ldi.

Turkmanistondagi davlat nashrlarining yozishicha¸ 18 oktyabr kuni O‘zbekiston tomoni tashabbusi bilan Islom Karimov va Qurbonquli Berdimuhamedov o‘rtasida telefon suhbati bo‘lib o‘tgan.

Turkman prezidenti matbuot xizmatiga ko‘ra¸ suhbatda ikkala prezident savdo-iqtisodiy va gumanitar-madaniy sohadagi o‘zaro hamkorlik¸ shuningdek mintaqaviy va xalqaro maydondagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashishgan.

“Qurbonquli Berdimuhamedov Islom Karimovni¸ o‘zi ma‘qul topgan istalgan paytda Turkmanistonga kelishga chaqirdi va bu taklif mamnuniyat bilan qabul qilindi. Karimov safarining aniq muddati o‘zaro diplomatik kanallar orqali kelishiladi”¸ deyiladi Turkmaniston prezidenti matbuot xizmati tarqatgan rasmiy bayonotda.

Islom Karimov Qurbonquli Berdimuhamedovga sim qoqqan ayni 18 oktyabr kuni Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a‘zo mamlakatlar hukumatlari raislarining Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida Erkin savdo zonasi yaratish to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi.
Hujjatga hamdo‘stlikka a‘zo davlatlardan sakkiztasi qo‘l qo‘ydi. Biroq 3 davlat: O‘zbekiston, Turkmaniston va Ozarbayjon mazkur shartnomani imzolamadi.

Aftidan¸ Islom Karimovning o‘z tashabbusi bilan ittifoqqa qo‘shilmagan sherigi – Berdimuhamedovga ayni kunda sim qoqishi tasodif emas.

Bu ikki voqeaning bir kunga to‘g‘ri kelgani¸ ayrim kuzatuvchilarning “Toshkent va Ashxobod Moskvaga qarshi ittifoq tuzmoqchi” deyishiga asos bo‘lmoqda.

Ammo Ozodlik muxbiri bilan o‘z ismi aytilmasligi sharti bilan suhbatlashgan Ashxobod va Toshkentdagi kayfiyat va rejalardan xabardor yuqori darajali yonilg‘i rasmiysi¸ bunday taxminni asossiz deydi.

“Toshkent rahbari Berdimuhamedov bilan Rossiya taklif qilayotgan Erkin savdo zonasiga kirish shart-sharoitlarini muhokama qilmoqchi. Aniqrog‘i¸ bu zonaga hozircha kirmagan bu ikki davlat MDH ning qolgan a‘zolari oldiga o‘z shartlarini qo‘ymoqchi ko‘rinadi. Turkmaniston va O‘zbekiston o‘ziga taklif etilgan shartga ko‘nmadi va aftidan ikki prezident endi ham siyosiy¸ ham iqtisodiy hisob-kitobni qilib olib¸ ana shu masalada mushtarak javob hozirlashni o‘ylamoqda”¸ deydi mintaqadagi gaz va neft loyihalari mualliflaridan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Ayni paytda¸ turkman muxolifati faollari¸ o‘zbek va turkman prezidentlarining bir xil avtoritar fikrlash tarzi¸ ularning mushtarak siyosat ishlab chiqishiga to‘siq ekanini aytadi.

- Berdimuhamedov va Karimov olib borayotgan ham ichki¸ ham tashqi siyosat ko‘p jihatdan bir-biriga uyqash – ularning ikkalasi ham hech kimga bo‘yin egishni istamaydi. Balki bo‘yin egish kerak emasdir¸ ammo bu davlat rahbarlari Rossiya¸ Xitoy¸ AQSh kabi yirik davlatlar bilan manfaatli munosabat olib borishi lozim. Hozirda bu ikkalasining siyosati dam u tomon¸ dam bu tomonga bosh urishdan iborat¸ deydi Turkmanistonning muxolifatdagi Respublika partiyasi yetakchisi Nurmuhammad Hanamov.

Ammo hozirgi paytda o‘z manfaatlarini himoya qilish yo‘lida o‘zbek va turkman prezidentlari bir-biri bilan muvaqqat ittifoq tuzishga borishini ehtimoldan soqit qilib bo‘lmaydi. Ayniqsa¸ tashqi siyosat bobida tajribasiz Berdimuhamedov¸ bu borada ilonning yog‘ini yalagan Islom Karimovdan maslahat olish ehtiyojini sezgan bo‘lishini tasavvur qilish mumkin¸ deb qo‘shib qo‘yadi turkman muxolifati yetakchisi¸ Turkmanistonning Turkiya va Isroildagi sobiq elchisi Hanamov.
XS
SM
MD
LG