Линклар

Hukmron "Edinaya Rossiya" partiyasi asoschilaridan biri¸ Moskva sobiq hokimi Rossiya joriy siyosatini tanqid qildi.

2010 yilning 28 sentyabrida katta shov-shuv bilan iste‘foga chiqarilgan sobiq Moskva meri Yuriy Lujkov mamlakatning eng yirik partiyasi hisoblangan “Edinaya Rossiya”ning kelgusi prezidentlik saylovi oldidan aholi orasida obro‘si keskin pasayib ketayotganini gapiradi.

- Saylov davomida “Edinaya Rossiya”¸ Medvedev bilan bo‘ladimi yoki uningsiz¸ jiddiy muammolarga duch keladi va o‘zini qo‘llab kelgan ovozlarni yo‘qotadi. Chunki “Edinaya Rossiya” – aslini olganda hokimiyat partiyasi emas, u xalqni, odamlarni himoyalamadi, u hukumat va prezidentga xizmat qildi¸ xolos, deydi Yuriy Lujkov.

Moskva sobiq meri mazkur partiya asoschisi va rahbarlaridan biri edi. U merlikdan iste‘foga chiqishi bilanoq partiyani ham tark etgan. Moskvani 18 yil davomida boshqarib¸ uni dunyoning eng yirik megapolislaridan biriga aylantirgan Lujkov, o‘z sobiq partiyadoshlarini “sotqinlikda” aybladi.

- “Edinaya Rossiya” partiyasi obro‘si keskin tarzda tushib bormoqda. Chunki undagi odamlar, men partiyani boshqarayotganlarni nazarda tutyapman, tashkiliy, aqliy potentsial nuqtai nazaridan kuchsiz, ko‘rimsiz shaxslardir. Bunday shaxslar tufayli esa partiya hokimiyat qo‘lidagi qulaygina o‘yinchoqqa aylandi. “Edinaya Rossiya” rahbariyati xizmatkorlik qilish qulay ekanini fahmlab oldi, deydi Yuriy Lujkov.

Yuriy Lujkov Putin-Medvedev tandemida joy-almashish qoidasining joriy qilingani misolida Rossiya joriy siyosati oldindan belgilab berilgan o‘yin qoidalariga binoan olib borilayotganini ta‘kidladi. U bu ikki siyosiy rahbar orasida prezidentlikka Putinning nisbatan loyiqligini gapirdi.

- Joy almashish masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak... Putinning Medvedevdan ko‘ra prezidentlikka da‘vogarlik qilishi ma‘qulroq, deb bilaman. Medvedev mamlakat miqyosidagi masalalarni hal eta olmasligini namoyish qildi. Aytishim kerakki, Mevedevning Bosh vazirlik lavozimiga tayinlanishi Rossiya uchun bundan-da salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Medvedev premer sifatida juda kuchsizdir. Rossiya hokimiyatni, prezidentni o‘zgartirib davlat iqtisodiyotini tiklashga qodir shaxsni hokimiyat tepasiga qo‘yishi shart, deydi hozirda rafiqasi¸ milliarder Yelena Baturina bilan Shveytsariyada qo‘nim topgan Yuriy Lujkov.
XS
SM
MD
LG