Линклар

logo-print
Tojikistonlik shifokorlar mamlakatda yurak xastaligi bilan og‘rigan yoshlar soni keskin oshayotganidan tashvish bildirmoqdalar.

- Birinchi infarktni 21 yoshimda olganman. Ko‘p o‘ylanishdan, ko‘p fikrlashdan, deb o‘ylayman. Bir hafta reanimatsiyada, keyin 24 kun palatada yotib chiqdim. Tabobat oldim, hozir yaxshiman. Har yil bir marta shifokorlar ko‘rigidan o‘tib turaman, - deydi 26 yoshli Abdusalom Abdunazarov.

Vahdat tumanida yashovchi Abdusalom Tojikiston va Rossiya kasalxonalarida bo‘lganida o‘z tengdoshlari va hatto undan kichik yoshdagilar ham yurak xurujini boshdan kechirganiga guvoh bo‘lganini aytadi.

Bugungi kunda yurak xastaligi bilan og‘rigan tojikistonlik yoshlar sonining ortayotgani shifokorlar tashvishiga sabab bo‘lmoqda ekan.

- Ammo, - deydi Zokirjon Toshtemirov ismli yosh shifokor biz bilan o‘zaro suhbatda, - mutaxassislarning yetishmasligi va bemorlarga birinchi yordam ko‘rsatish uchun zamonaviy uskunalarimizning yo‘qligi sababli ba‘zida yoshlarni o‘limdan qutqara olmayapmiz.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, joriy yilda mingga yaqin kishi yurak xastaligidan shikoyat qilgan. Shundan 300 tasi Xatlon viloyatida qaydga olingani va ularning yigirma nafari vafot etgani aytiladi.

Xatlonlik shifokor Ibrohim Musoyev avvalgi yillar asosan yoshi 50 dan oshgan kishilar turli yurak kasalligiga duchor bo‘lgan bo‘lsa, endilikda bu kasallik hatto 14-16 yoshdagi bolalarda ham kuzatilayotganini ta‘kidlaydi.

Musoyev mulohazasicha, o‘tish davrini boshdan kechirayotgan mamlakatlar, jumladan, Tojikistonda ham yurak xurujiga uchrayotganlar sonining oshishi tabiiydir. Undagi ma‘lumotlarga ko‘ra, yurak xuruji bilan og‘riganlar soni xususan fuqarolik urushidan keyin ko‘proq qaydga olingan.

- Qashshoqlik, yo‘qchilik, asab buzilishi tufayli odamlar bolaligidan turli yurak kasalligiga va hatto yurak xastaligiga chalinadi. Yuz foiz sog‘lom yurak ikki, uch oy davomida qattiq asab buzilishi, stress va g‘am-tashvish tufayli kasalga chalinadi. Menimcha, yoshlarimiz orasida yurak xurujini boshdan kechirayotganlar sonining ortishidagi asosiy va eng xavfli omil ham g‘am chekishdir, - deydi tojikistonlik shifokor Musoyev.

Shifokorning ma‘lum qilishicha, shu yilning sakkiz oyi davomida yurak xastaligi bilan og‘rigan taxminan o‘n ming kishi viloyat kasalxonalarida davolangan.

Ulardan biri 55 yoshli Zarif Nazifov yaqinda uyiga qaytgan. U bundan bir oy avval yurak xuruji tashhisi bilan viloyat kasalxonasiga yotqizilgan ekan.

- Ro‘zg‘or tashvishlari haqida o‘ylasam, yuragim tez og‘rib qoladi. Biror narsaga g‘am cheksam, yuragimning tez-tez urayotganini his qilaman. Lekin tirikchilik ekan - o‘ylamay bo‘lmaydi. Kardiologiyada yotganimda rosa ko‘p odamlar, xususan, yoshlar shifokorlarga yurak xastaligi bilan murojaat qilishardi. So‘nggi yillar bu kasallikka chalinganlar ko‘paygan, deb o‘ylayman, - deydi Boxtar tumanida yashovchi Zarif Nazifov.

Soha bo‘yicha mustaqil tahlilchilarga ko‘ra, Tojikistondagi iqtisodiy va ijtimoiy sharoitning yaxshi tomonga o‘zgarmayotgani odamlarning sog‘lom hayot kechirishiga to‘siq bo‘lmoqda.

Rasmiy ma‘lumotlarga muvofiq, tojikistonliklarning 75 foizi qashshoqlikda kun ko‘radi.

Kuzatuvlarga ko‘ra, Tojikistonning o‘nlab tuman va shaharlarida yurak kasalini muolaja qila oladigan mutaxassislar yo‘q. Shu sababli ko‘pincha tojikistonliklar O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya kabi mamlakatlarda davolanib qaytadi. Lavha boshida zikr etganimiz Abdusalom Abdunazarov ham asosiy muolajani Rossiyada olgan ekan.

- Tojikistonda Rossiyadagidek davolay olmaydi. Rossiyada ham pul bo‘lsa yaxshi davolanish mumkin. Kasalxonada ekanimda bir yosh qiz ham yurak kasali bilan yotqizildi. Lekin ular davolanish uchun pul topa olmadi, lecheniye ola olmadi, o‘ldi u qiz, - deydi Abdusalom.
XS
SM
MD
LG