Линклар

O‘zbekiston ommaviy vositalari ko‘klarga ko‘tarayotgan o‘zbek modelini dunyoga yoyish zarurati pishib yetilgan ko‘rinadi...

Televizorni birov o‘tirib ko‘radi, birov yonboshlab, yana birov yastanib yotvolib ko‘radi.

Birovlar hafsala bilan – ko‘k choyni achchiq damlab, bir hovuch mayiz solingan taqsimchani oldiga qo‘yvolib ko‘rsa, ba‘zilar televizorni yolg‘izlikdan qutulish uchun yoqib qo‘yadi – javrab tursin shu!

Faqat bizning muxbirimiz sevib ko‘radi televizorni. Jon-jahdi bilan ko‘radi. Tikilib ko‘radi. Ayniqsa O‘zTVni.

****************************************************

O‘zbekiston televideniyesining 19 oktyabr kungi dasturida ham har doimgiday iqtisodiyotning o‘zbekcha modeli to‘g‘risida gap bo‘ldi.

Sirdaryolik mehnat faxriysi Saydulla Abduqodirovning televizorda turib aytishicha, “Mana bugunga kelib bizning rivojlanishimizning dunyo o‘rganib, o‘zbek modeli sifatida dunyo o‘rganmoqda. Bundan mag‘rurlanmasdan bo‘ladimi?”

Televizorga chiqqan Oliy Majlis deputati Oysha Oxunovadan ham eshitdik o‘zbek modeli to‘g‘risidagi gapni.

“Taraqqiyotimizni prezidentimiz tomonidan belgilab bergan o‘zbek modelida mana shu beshta tamoyil bor”.

Sirdaryoda yashaydigan mehnat faxriysi ham, Toshkentda yashaydigan deputat ham nima uchun modElь so‘zining birinchi bo‘g‘iniga urg‘u berib, mOdelga aylantirvorganlari ustida fikr yuritib tilshunoslarning nonini yarimta qilmoqchimasmiz. Yumushimiz boshqa.

O‘zbekcha modelь to‘g‘risidagi 19 oktyabr kungi “Axborot”da, shu kuni Vazirlar Mahkamasida bo‘lib o‘tgan majlisdan tayyorlangan syujetda ham aytildi.

Joriy yilning 9 oyida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan majlisdan tayyorlagan materialida muxbir mana bunday xabar qildi.

Biz muxbirning o‘rischasini o‘zbekchalashga urinib o‘zimizni qiynamadik. Tayyorini O‘zAdan olib qo‘yaqoldik:

“Qayd qilindiki, jahonda islohotlarning “o‘zbekcha modeli” sifatida keng e‘tirof etilgan o‘z rivojlanish modelini izchil va aniq maqsadlarga yo‘naltirilgan tarzda amalga oshirish tufayli, davom etayotgan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozning salbiy ta‘siriga qaramay, jahondagi uncha ko‘p bo‘lmagan mamlakatlar qatorida respublikamizda makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy o‘sishining izchil yuqori sur‘atlari saqlanib qolmoqda”, deb yozdi O‘zA va aytdi O‘zTV muxbiri.

Ikkala axborot vositasi ham o‘zbekcha modelning hayotiyligini raqamlar bilan dalilladi:

“Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur‘atlari 8,2 foizni, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi o‘sishi 7,0 foizni va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi o‘sishi 6,8 foizni tashkil etdi”, deb yozdi O‘zA va aytdi O‘zTV muxbiri.

Erishilgan muvaffaqiyatlar to‘g‘risidagi bu ma‘lumotlarga “Axborot”ning xorij xabarlari juda yaxshi, kerakli fon bo‘ldi.

“Buyuk Britaniyada inflyatsiya darajasi 4,5 foizdan 5 foizga ko‘tarildi.
Ispaniya iqtisodiyotiga ishonch reytingi 2 pog‘onaga pasayib ketdi”, deb xabar qildi “Axborot”.

Inglizlarning ham, ispanlarning ham muvaffaqiyatsizligi “islohotlarning jahon e‘tirof etib turgan “o‘zbekcha modeli”dan o‘rnak olmayotganidadir.

Qanday qilib ular o‘rnak olsin, agar o‘zbekchani, boring ana, hech yo‘q o‘rischani bilmasa?!

Shuni, ya‘ni Britaniya va Ispaniya, qolaversa butun jahon iqtisodiyotini saqlab qolish zarurligini nazarda tutib, O‘zbekiston televideniyesiga bir g‘oyani bepul taklif qilmoqchimiz.

Haftada 7 kun, sutkada 24 soat ingliz tilida ishlaydigan kanal ochish kerak. VVSday, “Al-Jazira”day yoki “Russia today”day.

Kanalni amirkon andozada uch harf bilan “GUT”, deb nomlash mumkin. “GUT” garmonchining asbobiday yoyilsa “Golden Uzbekistan Today” – “Oltin O‘zbekiston bugun” bo‘ladi.

Bu nom bilan ikkita “quyon otiladi”: televideniyesini “Oltin asr”, deb nomlagan qo‘shni turkmanlar changda qoldirib ketiladi (ertaga gazi tugasa, oltin asriyam tugaydi) va jahon tomoshabinlari idroki ostiga ta‘sir qilinadi. Axir “GUT” inglizcha “Good” bilan bir xil aytiladi-da!

Yangi TVni junalist kadrlar bilan ta‘minlash masalasi bor. Bu masala ham toshkancha aytganda, “onson” hal qilinadi. Kim ko‘p – maktablarda ingliz tili o‘qituvchisi ko‘p...

...desam, hamkasbim Farrux “E, Sarvar aka, axir ular jurnalist emasku!” dedi.

Bir gap keldiyu indamadim. Xafa qipqo‘ymay, dedim Farruxni.

Va nihoyat yana bir detal - kanalning dizayni (savob ish qilsang, oxirigacha qil deyishadiku!)

Biz taklif qilayotgan inglizcha “GUT” kanali vazifasi islohotlarning o‘zbekcha modelini jahon bo‘ylab targ‘ib qilish ekan, kanalning bezak suratlarida o‘zbek iqtisodiyotini harakatlantiruvchi omillar bo‘luvi lozim.

Kitob tumanidagi bir suhbatdoshning aytishicha, shu kunlarda paxta terimiga haydalayotgan hasharchilarni “viloyati prokuraturasidan borib sanadi” va sanamoqda.

Paxtakor tumanidagi boshqa suhbatdoshning aytishicha, “100 kilo paxtaga 1 litr moy beradi”.

O‘zbekistonning o‘zida yashayotganlarning bu gaplaridan, iqtisodiyotning o‘zbekcha modelini harakatlantirayotgan omillar prokuratura va bir litr paxta yog‘i bo‘lib chiqayapti.

Demak, bosh prokuratura peshlavhasi va bir shisha yog‘ “GUT” kanali bezak suratlarida aks etishi lozim.
XS
SM
MD
LG