Линклар

logo-print
AQSh Davlat kotibi Hillari Klintonning O‘zbekistonga ikki kunlik amaliy tashrifi tugadi. O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov 22 oktyabr kuni Oqsaroyda Hillari Klintonni qabul qildi.

O‘zbekiston va AQSh munosabatlari tarixiga to‘xtalgan Islom Karimov ikki davlat munosabatlari rivojiga qo‘shib kelayotgan katta hissasi uchun Klinton xonimga minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston televideniyesi xabariga ko‘ra, Islom Karimov Hillari Klintonning O‘zbekistonga tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar rivojiga turtki bo‘lishini urg‘ulagan.

- Men sizning tashrifingizga ikki tomonni qiziqtirgan dolzarb masalalar xususida yana bir marta fikr almashish, eng asosiysi, munosabatlarimizning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlab olish uchun yaxshi imkoniyat deb qarayman, - dedi O‘zbekiston rahbari.

Muloqot chog‘ida Davlat kotibi O‘zbekiston hukumatini inson huquqlari hurmat qilinishi bilan bog‘liq muammolariga ko‘proq e‘tibor qaratishga chaqirgan.

AQSh Davlat departamenti tarqatgan ma‘lumotga ko‘ra, uchrashuvda Hillari Klinton diniy erkinlik, inson huquqlari, demokratik islohotlar, odam savdosiga qarshi kurash, majburiy mehnat bilan bog‘liq muammolar xususida xavotir bildirib, bu borada vaziyat o‘nglanishi kerakligini urg‘ulagan.

Davlat Departamentiga ko‘ra, Karimov va Klinton o‘rtasidagi so‘zlashuvda O‘zbekiston-AQSh hamkorligini kengaytirish va mustahkamlash masalalari, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb muammolar muhokama qilingan.

Hillari Klinton xonim Afg‘onistondagi xalqaro kuchlarga zaruriy ta‘minot yuklari O‘zbekiston orqali olib o‘tilishi, shuningdek, Afg‘onistonni qayta tiklashda O‘zbekiston ko‘rsatayotgan yordam uchun Islom Karimovga minnatdorlik bildirdi.

Muloqot chog‘ida invostitsiya va iqtisodiy hamkorlikka oida boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari, Tashqi ishlar vaziri Elyor G‘aniyev, AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Robert Bleyk va boshqa rasmiylar ishtirok etdilar.

AQSh Davlat kotibi Hillari Klinton O‘zbekistonga safari davomida 23 oktyabr kuni AQSh va O‘zbekiston o‘rtasida tuzilgan “GM Uzbekistan qo‘shma” korxonasi uchun zamonaviy va ekologik toza avtomobil dvigatellari ishlab chiqaradigan yangi “GM Powertrain Uzbekistan” zavodning tantanali ravishda ishga tushirilishi marosimida qatnashdi.

Tadbirda ishtirok etgan "Ezgulik" jamiyati vakili Abdurahmon Tashanovning Ozodlikka aytishicha, Klinton inson huquqlari va demokratiya masalari yo‘lga qo‘yilmas ekan taraqqiyotga erishish qiyinligini ta‘kidlagan.

AQSh Davlat Kotibi Hillari Klinton O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida mustaqil huquq himoyachilari bilan uchrashmadi.

Klinton Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mintaqasiga safari doirasida O‘zbekistonga kelishidan oldin Liviya, Afg‘oniston, Pokiston va Tojikiston poytaxtlarida bo‘lib davlat rahbarlari bilan o‘zaro munosabatlar, tinchlik va barqarorlikni ta‘minlash, narkotiklarga qarshi kurash, inson huquqlari va diniy erkinliklar bilan bog‘liq masalarni muhokama qildi.

Klinton xonim yakshanba kuni Toshkentdan Vashingtonga jo‘nab ketdi.
XS
SM
MD
LG