Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:16

Afg‘onistondan Tojikistonga qochayotganlar ko‘paymoqda


2011 yil boshidan beri Tojikistonga bir yarim mingga yaqin afg‘onistonlik qochib o‘tgan.
2011 yil boshidan beri Tojikistonga bir yarim mingga yaqin afg‘onistonlik qochib o‘tgan.
Tojikistonga qochib o‘tayotgan afg‘onistonliklar soni oshmoqda. BMTning Dushanbedagi vakolatxonasi o‘z joylarini tashlab ketishga majbur bo‘layotgan afg‘onistonliklar Tojikiston hududi orqali uchinchi davlatlarga o‘tib ketishni maqsad qilgan. Tojikiston hukumati qoshidagi Migratsiya xizmatining ma‘lum qilishicha, har oy afg‘onistonlik 10-15 oila mamlakat hududiga qochib o‘tmoqda.

Tojikiston afg‘onistonlik qochqinlar uchun Kanada va Amerika kabi uchinchi davlatga chiqib ketishning “qulay maydoni” hisoblanadi.

BMTning Dushanbedagi vakolatxonasiga ko‘ra, iqtisodiy va ijtimoiy ahvoli Afg‘onistondagidan qolishmaydigan Tojikistonga bu oilalar faqat xavfsizlik nuqtai nazaridan kirib kelmoqda xolos.

Ayni kunda, rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, har oy Afg‘oniston hududidan 10-15 oila Tojikistonga qochmoqda.

2001 yilda AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya Afg‘onistonda harbiy amaliyotlarni boshlaganida ham minglab afg‘onlar Tojikistonga qochib o‘tgan edi.

Yillar davomida kamayib borgan qochqinlar oqimi keyingi oylarda yana oshib bormoqda. BMTning Tojikistondagi vakolatxonasi ma‘lumotlariga ko‘ra, joriy yil boshidan 1400 nafar afg‘onistonlik qochqinlik maqomini so‘rab Tojikiston Migratsiya xizmatiga murojaat qilgan.

2014 yilda NATO kuchlarining Afg‘onistondan olib chiqilishi ortidan bu mamlakat xavfsizligida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar afg‘onistonliklarni xavotirga solayotganini aytadi mustaqil tahlilchilar.

Mustaqil tahlilchi Rashid G‘ani Abdullo xavfsizlik mas‘uliyati to‘laligicha Afg‘oniston kuchlari zimmasiga tushgach, vaziyatning yomon tomonga o‘zgarishi ehtimollari ko‘pchilikni tashvishga solmoqda, deydi.

- NATO kuchlarining 2014 yilgacha Afg‘onistondan olib chiqilishiga oid reja e‘lon qilinishi bilan mamlakatimizga kelayotgan afg‘onlar soni ko‘paydi. Afg‘onlar NATO chiqib ketishi bilan rasmiy hukumat toliblar qo‘liga o‘tishi va mamlakatda vaz‘iyat yomon tomonga o‘zgarishidan cho‘chimoqdalar,- deydi mustaqil tahlilchi.

Afg‘onistonlirk qochqinlar asosan qo‘yi Panj nazorat o‘tkazish posti orqali Tojikistonga o‘tayotgani aytilmoqda. Tojikistonga vaqtinchalik boshpana topish ilinjida o‘tayotgan afg‘onlarning 10 foizigina havo yo‘lidan foydalanayotgani aytiladi.

Tojikistonga o‘tgan afg‘onistonliklar sharoiti o‘z vatanlaridagidan ko‘p ham farq qilmaydi. Asosan Dushanbe shahriga tutash Vahdat, Rudakiy tumanlari va So‘g‘d viloyatining Bobojon G‘afurov tumanlariga joylashtirilayotgan afg‘onistonliklardan biri Ozodlikka bularni gapirib berdi.

- Elektr va suv taqchilligi muammolaridan rosa qiynalayapmiz. Yetti nafar farzandim bor. Ularni cho‘miltirishga, taom pishirishga hatto suv topa olmayman. Turmush o‘rtog‘im ishlamaydi, ish yo‘q. O‘zim BMT ochib bergan korxonada tikuvchiman. Lekin olgan maoshim hech narsaga yetmaydi, to‘yib ovqatlanmaymiz,- deydi yosh 50 larga borib qolgan Rohila ismli afg‘onistonlik ayol.

Ayrim afg‘onistonliklar oilalarining tirikchiligi kichik tijorat hisobiga o‘tib turganiga shukr qiladi.

- Endi buni “tijorat”, deyish ham qiyin. Chunki biz do‘kondor emasmiz, faqat savdo qilamiz xolos. Lekin har holda ishsizlik va muhtojlikdan ko‘ra yaxshiroq. Kuniga 30 somoniygacha (taxminan 6,5 AQSh dollari-tahr.) pul topamiz. Ozrog‘i yo‘lkiraga ketadi, qolgani esa bir kunlik yegulikka sarflanadi,- der ekan Dushanbe shahridagi tijorat markazlaridan birida savdo qilib turgan Abduqodir, maktabni bitirgan farzandlarini xunar yoki til o‘rgatish kurslariga topshirish uchun umuman imkoniyati bo‘lmayotganini qo‘shimcha qildi.

1951 yilda qabul qilingan Qochqinlar to‘g‘risidagi konventsiyani 1993 yil ratifikatsiya qilgan Tojikiston o‘tgan shu davr ichida afg‘onistonlik minglab qochqinlarga boshpana berdi va BMTning qochqinlar ishlari bo‘yicha idorasi ko‘magida afg‘on qochqinlari Amerika va Kanadaga ko‘chirildi.

Biroq ayni paytda, BMTning Dushanbedagi vakolatxonasi mas‘uli Parvina Munavvarovaning bildirishicha, qochqinlarning uchinchi davlatga ketishlari uchun kvota ajratilmaydi.

- Idoramiz Tojikistondan boshpana so‘rayotgan afg‘onistonliklar uchun juda ko‘plab dasturlarni amalga oshirdi. Tikuvchilik, qo‘l hunarlari va shirinliklar pishirish kabi o‘nlab kichik korxonalarning ochilishi shular jumlasidandir. Undan tashqari kamta‘minlangan oilalarga moliyaviy yordamlar, har mavsumda kiyim-kechak tarqatilib turiladi. 2004 va 2005 yillari Tojikistondan boshpana topgan afg‘onilar Kanada va Amerikaga o‘tishlari uchun katta miqdorda kvota ajratilgan edi. Ayni paytda esa bu mamlakatlar kvota ajratmay qo‘ygan,- dedi BMT mas‘uli Munavvarova.

BMT vakilasining aytishicha, ayni paytda Tojikistonda 3000 nafar afg‘onistonlik qochqin yashamoqda.

Dushanbe shahrida afg‘onistonlik qochqinlarning “Oryono” jamiyati, o‘z ona-tilida o‘qishlari uchun barcha imkoniyatlarga ega bo‘lgan “Somon” maktabi va Vahdat tumanida ijtimoiy markaz faoliyat qiladi.
XS
SM
MD
LG