Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:52

Uyini o‘g‘ri urgan prokuror javobgarlikka tortildi


Uyidan yirik mablag‘ hamda tilla taqinchoqlar o‘g‘irlangan prokurorning o‘zi endi javobgarlikka tortilmoqda. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tergov boshqarmasi boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari Abdurasul Yunusov uyidan o‘g‘irlangan 240 ming AQSh dollari miqdoridagi pulni qayerdan kelganini izohlab berishi kerak.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tergov boshqarmasi boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari Abdurasul Yunusov o‘tgan hafta hibsga olingani haqida Harakat axborot nashri prokuraturaning ismi aytilmagan vakillaridan biriga asoslanib xabar qildi.

Lekin, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi rasmiylari bu haqda Ozodlik radiosiga izoh berishdan bosh tortdi.

Aytilishicha, Yunusov poraxo‘rlik va mansab vakolatini suiiste‘mol qilganlikda ayblanmoqda.

O‘zbekistonlik jurnalist Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, sobiq prokurorning hibsga olingani aniq, lekin unga aynan qanaqa ayb qo‘yilayotgani mavhum.

- Ish aslida nima bo‘lyapti, nima uchun qo‘zg‘atildi, qaysi epizodlar bo‘yicha ish ko‘rilyapti, nom‘lum. Lekin uni qamoqqa olingani to‘g‘risida faktlar bor,- deydi Tashanov.

Qamalishidan oldin shu yilning may oyida Abdurasul Yunusovning uyidan 240 ming AQSh dollari hamda 25 million so‘mlik tilla taqinchoqlar o‘g‘irlangan, keyinchalik jinoyatchilar ushlanib, sud tomonidan 13-14 yil qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

Lekin Yunusovning o‘zi ham uyidan o‘marilgan katta miqdordagi pul yuzasidan ishonarli izoh berolmagani sababli Toshkent viloyati prokuraturasiga ishga yuborilgan va uning ustidan xizmat tekshiruvi borayotgani bildirilgan edi.

Endilikda sobiq prokuror uyidan o‘g‘irlangan 240 ming AQSh dollari va tilla taqinchoqlar manbasini aniq izohlab berishiga to‘g‘ri keladi.

- Pul manbaasi o‘rganiladi. Pul manbaasi o‘rganilgani taqdirda ham soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash, jinoiy daromadni legallashtirish, shunaqa faktlar bo‘yicha ham ishlar ketishi mumkin,- deydi jurnalist Abdurahmon Tashanov.

Prokuror Abdurasul Yunusov xonadonidagi o‘g‘irlikka oid ba‘zi tafsilotlarni avvalroq Uzmetronom.com sayti ham berdi.

Undagi xabarga ko‘ra, Abdursul Yunusovning rafiqasi o‘g‘irlik to‘g‘risida militsiyaga bergan arizasida dastlab uydagi seyfdan 13 ming AQSh dollari o‘g‘irlanganini yozgan.

Biroq keyinchalik besh nafar yigit o‘g‘irlikda gumonlanib hibsga olingach, Yunusova xonim o‘g‘irlik miqdori 200 ming 100 AQSh dollari ekanini aytgan.

So‘ngra o‘g‘irlik haqidagi ko‘rsatma yana o‘zgartirilib, prokurorning uyidagi seyfdan 240 ming 100 AQSh dollari va jami 24 million 950 ming so‘mga teng tilla buyumlar o‘g‘irlangani ko‘rsatilgan.

Abdurasul Yunusov seyfidan o‘g‘irlangan pullarning 13 ming AQSh dollari o‘z oilasiga, 140 ming dollari prokurorning akasiga, qolgan 87 ming 100 dollari esa O‘rtachirchiq tumanida yoqilg‘i quyish shoxobchasiga ega ukasiga tegishli bo‘lganini iddao qilgan.

- Qarindoshi yoki o‘zi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanganidan edi davlat amaldorida shunaqangi pul bo‘lishi mumkin edi va uni qonuniy deyishga asos bo‘lar edi. Lekin, prokuror topilgan pulga yetarli izoh topib bera olmayganligi uchun unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘otilgan,- deydi Tashanov.

Mahalliy banklarga ishonch yo‘qligi sabab ko‘pchilik puldorlar mablag‘larini AQSh dollarida uylarida saqlashadi, shu jumladan boy amaldorlar ham. Prokuratura esa O‘zbekistonda boshqa kuch ishlatar tizimlar qatori avval boshdan korruptsiyalashgan tizim hisoblanadi.
XS
SM
MD
LG