Линклар

Bishkekda Alisher Soipov xotirlandi


Alisher Soipovni xotirlagani to‘planganlar, u o‘ldirilgan 24 oktyabr kunini "Qirg‘izistonda so‘z erkinligi uchun kurash" kuni deb e‘lon qilishni taklif qildilar.

Alisher Soipovni xotirlagani to‘planganlar, u o‘ldirilgan 24 oktyabr kunini "Qirg‘izistonda so‘z erkinligi uchun kurash" kuni deb e‘lon qilishni taklif qildilar.

Bishkekda jurnalist Alisher Soipov xotirlandi. 2007 yilning 24 oktyabrida O‘sh shahrida otib ketilgan jurnalistning xotira marosimida inson huquqlari himoyachilari, jurnalistlar va Qirg‘iziston ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi. Marosim ishtirokchilari Qirg‘iziston hukumatiga maxsus murojaat yo‘llab, 24 oktyabrni Qirg‘izistonda so‘z erkinligi uchun kurash kuni deb e‘lon qilishni so‘radi.

Dushanba kuni Bishkekda jurnalist Genadiy Pavlyukka o‘rnatilgan xaykal oldida jurnalistlar, huquq himoyachilari va nodavlat tashkiloti vakillari taniqli jurnalist Alisher Soipovni xotirlashdi.

Tadbir ishtirokchilari Alisher Soipov o‘limining 4 yilligi munosabati bilan 24 oktyabr kunini “Qirg‘izistonda so‘z erkinligi uchun kurash kuni” deb e‘lon qilishni so‘rab Qirg‘iziston hukumati rasmiylariga maxsus murojaat yubordi. Unga media tashkilotlar, huquqni himoya qilish markazlari va nodavlat tashkilotlarining 50ga yaqin vakillari qo‘l qo‘ydi deydi tadbir irshtirokchisi Bishkekdagi “Jurnalistlar” jamoatchilik tashkiloti rahbari Marat To‘qo‘yev.

- Alisher Soipov o‘lgan kunni biz jurnalistlar “Qirg‘iziston respublikasida so‘z erkinligi kuni” sifatida qabul qilinishini so‘rab, Qirg‘iziston hukumatiga murojaat yubordik. Bu murojaat bir tashkilot nomidan emas, maxsus tashabbus guruhi nomidan yuborildi. Qolaversa, murojaatni birgina Ommaviy axborot vositalari xodimlarigina emas, nodavlat tashkilotlar, huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar ham qo‘llamoqda. Hozir hukumat rasmiylarining bu murojaatimizga qanday munosabat bildirishini kutayapmiz,- deydi Marat To‘qo‘yev.

Taniqli jurnalist Alisher Soipov 2007 yilning 24 oktyabrida O‘sh shahrida otib ketilgan edi. Bu jinoyat yuzasidan mustaqil tekshiruv olib borgan qator xalqaro ommaviy axborot vositalari va huquq himoyachilari Alisher Soipovning o‘ldirilishida O‘zbekiston maxsus xizmatlari qo‘li bor, degan taxminni bildirgan edilar.

Jurnalist o‘limi yuzasidan tergov ishini Qirg‘izistonning o‘sha paytdagi prezidenti Qurmonbek Bakiyev va ichki ishlar vaziri Mo‘ldomusa Qo‘ng‘antiyevlar nazoratiga olgan edi. Rasmiylar 2009 yilning 24 fevral kuni Qirg‘izistonning Botken viloyatida ichki ishlar xodimlari tomonidan narkotik moddasi savdosida gumonlab qo‘lga olgan Abdufarit Rasulov ismli shaxsning yonidan Alisher Soipov otib o‘ldirilgan qurol topilganini aytgan edi.

2009 yilning yozida Abdufarit Rasulov jurnalistni o‘ldirganlikda aybdor deb topilib, 20 yillik qamoq jazosiga hukum qilingan.

Biroq Marat To‘qo‘yevning aytishicha, Alisher Soipovni o‘ldirganlikda ayblanib uzoq muddatga qamalgan Abdufarit Rasulovning bu ishga aloqasi bor-yo‘qligi hamon shubha ostida qolmoqda:

- Bundan 4 yil aval jurnalist Alisher Soipovni o‘ldirib ketishdi. Bu Qirg‘izistonda jurnalistlarga bo‘lgan birinchi buyurtma qotillik edi. Afsuski bu ish nixoyasiga yetmay jurnalist Genadiy Pavlyuk suiqasd qurboni bo‘ldi. Bu ikki jinoiy ish bo‘yicha jinoyatchilar jazosini olib, maxkamalar nixoyasiga yetgandek. Biroq bizda mazkur jinoyatlar bo‘yicha hukm qilingan shaxslar rostdan ham shu jinoyatni amalga oshirganmi degan shubha paydo bo‘lmoqda. Ikkinchidan, sud jarayonlarida “ularning o‘limi kasbiy faoliyatlari bilan bog‘liq” degan so‘z aytilmadi,- deydi “Jurnalistlar” jamoatchilik tashkiloti rahbari Marat To‘qo‘yev.

Marxum jurnalist Alisher Soipovning ismi kasbiy faoliyatini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan jurnalistlar xotirasi uchun tashkil qilingan Vashingtondagi “Jurnalistlar muzeyi” memorial taxtasida abadiylashtirilgan.
XS
SM
MD
LG