Линклар

O‘zbekistonda, rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, 3,5 million tonna paxta terib olingani aytilmoqda. Hosilning 90 foizi oliy navli paxtadir.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning bu haqdagi bayonoti hamda uning paxtakorlarga yo‘llagan tabrigi 21 oktabr kuni rasmiy matbuotda e‘lon qilindi.

Karimov paxtakorlarni erishgan zafarlari bilan qutlar ekan, bu yil mamlakatda paxtachilikdan ko‘riladigan daromad 2 trillion 400 milliard so‘mdan ortiqroq bo‘lishini ta‘kidladi.

Prezidentga ko‘ra, bu o‘tgan yildagiga qaraganda 25 foizga ko‘proqdir.

“Hozir jahon bozorida o‘zbek paxtasiga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Yaqinda Toshkentda o‘tgan xalqaro paxta yarmarkasida yirik xorijiy shirkatlar bilan 650 ming tonna paxta tolasini sotish bo‘yicha shartnomalar imzolangani buning dalilidir”,- dedi Karimov.

O‘tgan yili O‘zbekistonda paxta hosili 3,4 million tonnanini tashkil etgan edi.

Jahon bozorida paxta narxi oshgani tufayli O‘zbekistonning bu yil paxta eksportidan ko‘proq daromad ko‘rishi kutilyapti.

Dunyoning eng yirik paxta yetishtiruvchilaridan hisoblangan O‘zbekistonda har yili 3,5 million tonna paxta hosili olinadi, 1 million tonnadan ziyod tola ishlab chiqariladi.

O‘zbekistonning asosiy haridorlari Xitoy, Bangladesh, Eron, Pokiston va Rossiyadir. G‘arbning yetakchi to‘qimachilik korxonalari O‘zbekistonda paxta yetishtirishda bolalar mehnatidan foydalanilishi bois bu mamlakat paxtasiga boykot e‘lon qilgan.

Yaqinda O‘zbekiston chetga paxta xom ashyosini sotishni bosqichma-bosqich qisqartirib, uni mamlakat ichkarisida qayta ishlashga ko‘proq e‘tibor qaratishini bildirdi.

O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev 2015 yilga borib paxtani mamlakatning o‘zida qayta ishlab chiqarish hajmini 70 foizga oshirish rejalanayotganini ma‘lum qildi.

Hozir O‘zbekistonda qishloq-xo‘jaligi sohasida sovet davridan an‘ana bo‘lib qolgan ma‘muriy-buyruqbozlik usuli, "paxta planini bajarish" usuli meros bo‘lib qolgan.

Garchi O‘zbekistonda Sovet davrida qo‘shib yozishlar Moskvaning bosimi ostida ro‘y bergani aytib kelinsa-da, mustaqil O‘zbekistonning rahbarlari 1991 yildan keyin ham mamlakatdagi paxta siyosatini mohiyatan o‘zgartirmaganlar, deydi kuzatuvchilar.
XS
SM
MD
LG