Линклар

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani prokurori Ziyodulla Yo‘ldoshev shu tumanning Ubay Muasev qishlog‘i mahalla qo‘mitasi raisi muovini Zuhriddin Zokirovni paxta terimiga yetarli odam yig‘magani uchun kaltaklagan.

Bu haqda Zokirov O‘zbekiston inson huquqlari alyansiga shikoyat qilgan. Terimga 100 odam yig‘ilishi talab qilingan paytda Zokirov 50ga yaqin odam to‘play olgan.

Tekshiruv uchun paxta dalasiga kelgan tuman prokurori mahalla qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Zokirovni no‘noqlikda ayblab, kaltaklagan.

“Ko‘pchilik nogiron, kimdir o‘zini yomon his qilyapti, mana yoshlar terayaptiku, desam meni kaltaklay boshladi. Oldiniga qo‘li bilan keyin oyog‘i bilan tepkiladi. Ana undan keyin dalaga sanchilgan bayroqni dastasi bilan urdi”, - deb aytgan Zokirov O‘zbekiston inson huquqlari alyansiga.

60 yashar Zuhriddin Zokirov kasalxonaga murojaat etmagani, unga hamshira bo‘lib ishlaydigan to‘ng‘ich qizi birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgani aytiladi.

Bo‘lib o‘tgan ushbu hodisadan so‘ng Zuhriddin Zokirov ishdan bo‘shatilgan.

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani prokurori Ziyodulla Yo‘ldoshevning o‘zi bilan bog‘lana olmadik. U o‘z yordamchisi orqali mahalla qo‘mitasi raisi muovinini kaltaklaganini rad etdi.

“Bo‘lmagan gap. Umuman aqlga to‘g‘ri kelmaydigan gap. Hozir birovni uradigan, boshqa qiladigan zamon emasku. U davrlar o‘tib ketdi, hozir qaysi davrda yashayapmiz”, - dedi Ziyodulla Yo‘ldoshevning yordamchisi.

O‘zbekistonda urish, so‘kish boshqaruv usuli bo‘lib qolgan, deydi hozirda Frantsiyada yashayotgan o‘zbekistonlik huquq himoyachisi Tolib Yoqubov.

“O‘zbekistonni siyosati asosan mushtumzo‘rlikka asoslangan. Bu oddiy hayotni normasiga aylanib qolgan. Hukumatni siyosati shunaqa”, - deydi Yoqubov.

Ayniqsa paxta mavsumida bu kabi mushtumzo‘rlik xolatlari ko‘p kuzatiladi. Hatto, O‘zbekiston Vazirlar mahkamasi amaldorlaridan biri ikkinchi terimni o‘tkazmasdan paxta maydoniga g‘alla ekib qo‘ygan fermerni o‘ziga go‘r qazishga majburlagani xolati ham bo‘lganini eslaydi Tolib Yoqubov.

“Jizzah viloyatida bo‘lgan edi bu. Vazirlar Mahkamasining Tursunov degan vakili masjidni imomini olib kelib, ikkita-uchta militsiya xodimini olib kelib fermerni o‘ziga go‘r qazdirgan. Shu jarayonni o‘zini uyali telefoniga olgan, o‘shani fermerlarni yig‘ib ko‘rsatib ham bergan. Ana shunaqa narsalar bo‘lyapti-da”, - deydi Tolib Yoqubov.

O‘tgan oy O‘zbekiston Xalq Harakati faoli o‘zbekistonliklarni mulozimlar zo‘ravonligiga qarshi kurashga chaqirgan edi.

Hazratqul Xudoyberdi amaldorlarning noqonuniy hatti-harakatlariga guvoh bo‘lgan va buni fosh etishga tayyor o‘zbekistonliklarni to‘rt og‘iz so‘z bitilgan sms, uch-to‘rt jumla bitilgan elektron maktub orqali bu holatdan dunyoni xabardor qilishga chaqirgan edi.
XS
SM
MD
LG