Линклар

logo-print

O‘zbek rassomi Oxunov Gulnoraga qarshi


Gulnora Karimova modalar haftaligini uyushtirish oson bo‘lmaganidan shikoyat qildi.

Gulnora Karimova modalar haftaligini uyushtirish oson bo‘lmaganidan shikoyat qildi.

Toshkentda Gulnora Karimova homiyligida o‘tayotgan san‘at haftaligiga taniqli rassom Vyacheslav Oxunov o‘ziga xos tarzda norozilik bildirdi.

23 oktyabr kuni Toshkentda "Art Week Style.uz-2011" deya nomlangan san‘at haftaligi boshlandi.

San‘at haftaligining asosiy homiysi va tashkilotchisi sifatida taqdim qilingan Gulnora Karimova bu tadbir ochilish marosimida chiqish qildi.

Karimova honim o‘z chiqishida san‘at haftaligini o‘tkazishga to‘siqlar bo‘lgani va bu mashaqqatlar bartaraf etilganini ta‘kidladi. Bu to‘siq va mashaqqatlar u kishining otasi prezidentlik qiladigan O‘zbekistonda kim tomonidan yaratilgani mavhum bo‘lib qoldi.

"Art Week Style.uz-2011" dasturi doirasida teatr festivali, moda taqdimoti va zamonaviy rassomlar asarlaridan tartib berilgan biyennale ish boshladi.

Ko‘rgazmada 26 mamlakatdan kelgan rassomlarning asarlari qo‘yilgan.

Shu bilan birga Ispaniyaning ulug‘ rassomi Xuan Miro asarlari ham Toshkentga keltirildi.

Ayni shu biyennaleda taniqli o‘zbek rassomi Vyacheslav Oxunov o‘ziga xos norozilik tadbiri o‘tkaza oldi.

Ko‘rgazma tashkilotchilari istagiga zid bo‘lgan bu norozilik tadbiri haqida rassomning o‘zi Ozodlikka gapirdi.

– Ko‘rgazma ochilishida men ko‘kragimga beyjik (yozuv yozilgan qog‘oz) taqib oldim. Bu beyjikda ingliz tilida "Men rassom emasman. Meni bezovta qilmanglar" degan yozuv bor edi. Bu yozuv yonida mening fotosuratim bor edi.

Slava Oxunov, bunday dabdababozlik haqiqiy rassom uchun yot, deydi.

Slava Oxunov, bunday dabdababozlik haqiqiy rassom uchun yot, deydi.

Oxunov nazarida o‘zbek zamonaviy san‘at ehtiyoji uchun emas, balki Prezident qizining harhashasi sifatida yuqoridan tushirilgan buyruq asosida uyushtirilgan bunday tadbir haqiqiy rassom uchun yotdir.

– Men bu tadbirdagi rassomlarga qarata: Bolalar men sizlar bilan emasman. Men ko‘kragimdagi yozuv orqali bunday zona dunyoga tanilgan rassom uchun yot muhit degan mujdani berdim.

Rassom Oxunov ana shundan keyin ko‘rgazmani butkul tark qilib ko‘chaga chiqqani va o‘ziga xos norozilik tadbirini ko‘chada davom ettirganini aytadi.

– Men ko‘rgazma zalidan chiqib, bozorga bordim va boshqa beyjikni ko‘kragimga ildim. Bu beyjikda "men rassomman, menga istagan savolingizni berishingiz mumkin" deb yozilgan edi. Bu bilan men rassom uchun boshqa zona: bu bozor, mahalla ko‘y borligini ko‘rsatdim.

Ayni paytda rassom ko‘rgazmada ham bozorda ham rassom bilan qiziqadigan odam yo‘qligini ta‘kidladi.

– Bu holatda boshqa savol tug‘iladi. Bunday jamiyatda rassomga o‘rin bormi o‘zi. Odamlar bir birini tushunmaydigan, bir biridan hadiksiraydigan muhitga rassom qanchalik zarur?

Ko‘rgazma arafasida rassom Vyacheslav Ohunov Gulnora Karimova nashr qiladigan "Bella Terra" jurnalini hajv qilgan edi.

Rassom jurnalning ilk varag‘idagi Gulnora Karimova rasmini maymun rasmi bilan almashtirib, o‘zbek san‘ati ihlosmandlariga estetik-kesatiq janri ham borligini eslatdi.
XS
SM
MD
LG