Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:06

"Qirg‘iziston hokimiyatida millatchilar ko‘p"


Ravshan Jeenbekov islohotchi "Ata meken" partiyasidan parlament deputatligiga saylangan.
Ravshan Jeenbekov islohotchi "Ata meken" partiyasidan parlament deputatligiga saylangan.
“Avtoritar rejimga xizmat qilib kelgan qirg‘iz militsiyasi xalq manfaati, jumladan, etnik o‘zbeklar huquqlarini himoya qila olishiga ishonmayman”.

Qirg‘iz parlamentining deputati, "Ata meken" siyosiy partiyasi raisi o‘rinbosari Ravshanbek Jeenbekov Ozodlik muxbiri bilan suhbati chog‘ida shu gapni aytdi.

Ravshanbek Jeenbekov O‘shda etnik o‘zbeklar huquqlari militsiya tomonidan ayovsiz toptalganini tanqid qilib, bunday ko‘rinishga barham berish talabi bilan chiqqan birinchi qirg‘iz deputatidir.

U bilan Qirg‘izistonda avj olgani aytilayotgan millatchilik muammosi haqida suhbatlashdik.

- Ravshanbek, siz qirg‘iz deputatlari orasida birinchilardan bo‘lib O‘shda militsiya tomonidan etnik o‘zbeklarga ko‘rsatilayotgan zo‘ravonliklar, noqonuniy harakatlar masalasini ko‘tarib chiqqan edingiz. Bugungi kunda sizning harakatlaringiz samara berganiga, O‘shda etnik o‘zbeklar huquqlari masalasi yaxshilanganiga bir oz bo‘lsa ham ishonchingiz bormi?

- Biz mamlakatda bir kunda o‘zgarishlar bo‘ladi, degan tushunchadan olis bo‘lishimiz kerak. Men o‘zim janublik bo‘lmaganim uchun u yerdagi muammoni bilmayman. Ammo xalqaro tashkilotlar va mahalliy nodavlat tashkilotlari vakillari bilan uchrashib, o‘zbeklarga bo‘layotgan noqonuniy harakatlar masalasini o‘rganib, bu muammoni parlamentda ko‘targan edim. Bugungi kunda ham avatoritar rejimga xizmat qilgan militsiya inson manfaatlari uchun xizmat qilayapti, deb hisoblamayman. Ammo siyosatchi qatorida mamlakat janubida etnik o‘zbeklarga nisbatan qilinayotgan noqonuniy harakatlar meni shu kungacha bezovta qilib kelmoqda.

- O‘sh voqeasidan so‘ng yangi parlamentga ko‘proq millatchilik g‘oyasini targ‘ib qilayotgan partiya vakillari saylanib qoldi. Qirg‘izistonda millatlararo munosabatlarning yomonlashuviga qanday omillar ta‘sir qilmoqda deb o‘ylaysiz?

- Qirg‘izistondagi millatlararo munosabatlardagi salbiy ko‘rinishlar va boshqa muammolar davlatimizning iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan ojizligi belgisidir. Qirg‘iz va o‘zbeklar orasida bo‘lib o‘tgan nizoning tomirlari ham aynan iqtisodiy-ijtimoiy muammolarga borib taqaladi.

Ikkinchidan, bugungi kunda qirg‘iz tili masalasi ko‘ndalang qo‘yilmoqda. Albatta, Qirg‘izistonda davlat tili rus tili emas, qirg‘iz tili bo‘lishi tabiiy holat. Barcha millatlar bu tilni o‘zlashtirsalar yaxshi bo‘ladi. Ammo men qirg‘iz tilining boshqa millat vakillariga majburlab o‘rgatilishiga qarshiman. Eng avvalo Qirg‘izistonni boshqarayotgan davlat amaldorlarining o‘zlari qirg‘izcha so‘zlashni o‘rganishlari kerak. Bugungi kunda Qirg‘izistondagi davlat amaldorlarining ko‘pchiligi qirg‘izcha gapirishni bilmagan holda, bizning boshqa millat vakillariga “Qirg‘izcha gapir”, deb shart qo‘yishga haqqimiz yo‘q. Ayni paytda biz boshqa millatlar qirg‘iz tiliga qiziqishlari, uni ixtiyoriy tarzda o‘rganishlari uchun eng yaxshi sharoitlarni yaratib berishimiz kerak.

-Ayni paytda O‘sh shahar meri o‘zbek maktabalarini qirg‘izchalashtirish g‘oyasini olg‘a surmoqda. Bu borada O‘shda xato maxsus ishchi guruhi ham tashkil etildi. O‘sh merining bu g‘oyasi qirg‘iz davlatchiligi uchun naqadar manfaatli bo‘la oladi?

- Kuch bilan biron narsaga majburlash yaxshi natijalarga olib kelmaydi. Bu, aksincha, majburlanayotgan tomonning nafratiga sazovor bo‘ladi. Yana qaytaraman, biz majburlash o‘rniga til o‘rganish uchun eng yaxshi sharoitlarni yaratib berishimiz kerak. Biz bunday qarorlarni qabul qilayotganimizda kuch bilan emas, aql bilan ishlashimiz kerak.

-Qirg‘iziston parlamentiga, hukumatning ayrim butoqlariga millatchilik g‘oyasini olg‘a surgan siyosatchilarning kelib qolganini qanday izohlaysiz?

- Afsuski, Qirg‘iziston traybalistik va regonalistik davlat qatorida taniyalapti. Bizdagi siyosiy madaniyat yaxshi rivojlana olmadi. Oqibatda hokimiyat tepasiga millatchilar va regionalistik ruhdagi siyosatchilar o‘rnashib olib, ular o‘z manfaatlari yo‘lidagi qaror va qonunlarni qabul qilishmoqda. Bu Qirg‘izistondagi shafqatsiz reallik. Ayni paytda hokimiyatda Qirg‘izistonni millatchilik davlati sifatida emas, mafkuraviy davlat sifatida rivojlantirish istagida bo‘lgan kuchlar ham bor. Ya‘ni Qirg‘iziston fuqarolari demokratik mafkura yo‘lini tanlasa demokratlar, so‘l mafkura tanlansa so‘lchilar hokimiyatga kelishi lozim.

Ikkinchidan, jamiyatda millatchilik ruhini kamaytirish uchun parlamentda pasportga millat va propiska yozilmasligi to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqayapmiz. Qonun loyihasiga ko‘ra, istagan fuqaro pasportga millatini yozdirishi mumkin, lekin buni istamasa “millati” degan joyga “Qirg‘iziston fuqarosi”, deb yoziladi. Agar ko‘pchilik deputatlar qonun mohiyatini tushunib yetsalar, bu qonunni qabul qilish uchun ovoz beradilar, deb o‘ylayman.

- Qirg‘izistondagi vaziyat 30 oktyabrda o‘tadigan prezidentlik saylovidan so‘ng qanday rivojlanishi yuzasidan tahminlaringiz bormi?

- Bu borada turli nuqtai nazarlar bor. Prezidentlikka nomzodlar orasida “prezidetlik hokimiyatini tiklaymiz”, degan siyosatchilar ham bor. Men o‘ylaymanki, ular yanglishadilar. Davlatda hokimiyatni prezident deb atalimish bir shaxs emas, balki siyosiy sistema va demokratik institutlar boshqarishi kerak. Shuning uchun “Qirg‘izistonda prezidentlik hokimiyatini tiklayman”, degan odam juda qattiq yanglishadi, chunki ularga qarshi biz-demokratik kuchlar qattiq qarshilik ko‘rsatamiz. Qirg‘izistonning kelajagi parlament boshqaruvidadir.
XS
SM
MD
LG