Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:47

Internetga kiruvchilar soni ko‘paymoqda


O‘zbekistonda Interent foydalanuvchilar soni 8 millionga yaqinlashdi. Bu haqda O‘zbekiston aloqa va axborot agentiligida o‘tkazilgan majlisda ma‘lum qilindi. 2011 yilning uch choragi yakunlariga bag‘ishlangan majlisda shuningdek, O‘zbekistonda Internetga ulanish xizmatlarini taqdim qiladigan firmalar 939, Internet-kafelar soni 1032 yetgani ta‘kidlandi. O‘zbekistonlik Internet foydalanuvchilar ham saflari kun sayin kengayayotganidan xursand. Biroq o‘zbekcha Internetning xususiyatlari global tarmoq tushunchasidan bir muncha farq qiladi.

O‘zbekiston aloqa va axborot agentligi 24 oktyabr kuni o‘tkazgan 2011 yil dastlabki to‘qqiz oyi yakunlariga bag‘ishlangan majlisda o‘zbekistonlik Internet foydalanuvchilar soni 7,9 millionga yetgani ma‘lum qilindi. Bu o‘tgan yildan beri global tarmoqqa chiqayotgan o‘zbekistonliklar yarim millionga ko‘payganini anglatadi. Internetga ulanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxonalar ham o‘tgan yili 934 bo‘lgan bo‘lsa, bugunga kelib 939, Interent-kafelar soni esa 985 dan 1032 ga chiqqan.

Qariyb 8 million foydalanuvchilarning yarmidan ko‘pi – 4,3 millioni Internetga mobil telefonlardan kirayotgani aytilmoqda.

O‘zbekistonlik Internet shinavandalarining o‘zlari ham saflari kengayayotganidan xursand. Farg‘onadagi Interent-kafelardan birida mutaxassis bo‘lib ishlagan Abdulaziz ana shundaylardan biri. Uning aytishicha, farg‘onalik Internet foydalanuvchilarning aksar ko‘pchiligi ijtimoiy tarmoqlarga kirishga ishqiboz.

– Ancha ko‘payib odamlar nima qilayapti. Hozir odamlar ko‘p qiziqqan. Yoshlar ko‘p qiziqayaptida. Eng mashhurlari qaysi Internet-kafega kirsangiz, “odnoklassniki”da hamma o‘tiradi.

Lekin Abdulazizning so‘zlariga qaraganda, O‘zbekistondagi Internet boshqa mamalakatlarda urf bo‘lgan global tarmoq tushunchasidan biroz farq qiladi. Masalan, O‘zbekistonda hamma veb-sahifalarga ham kira olmaysiz. Jumladan rasmiy ko‘z-qarashlardan farq qiluvchi mustaqil axborot beriladigan saytlar to‘sib qo‘yilgani bois odamlar bu saytlar borligini esdan chiqarayozgan.

– U saytlarga O‘zbekistonda kirish taqiqlanadi. U saytlarni blokirovat qilib qo‘yishgan. Bu to‘siqlarni olib tashlash mumkin, lekin unday qilishmaydi. Kam kirishadi. Umuan kirishmaydi, desa ham bo‘ladi. Ayniqsa, Internet-kafeda umuman kirishmaydi. Chunki qo‘rqadi. Administrator kuzatib o‘tiradiyu. Birortasi kirib qolganini ko‘rsa, kirmang deydida. Chunki keyin Internet-kafening boshini og‘ritishadida.

Abdulazizning o‘zi ham jahon tarmog‘idan asosan musiqa ko‘chirib olish yoki kompyuter va Intrenet sohasidagi yangiliklarni qidiradi xolos.

Internet-kafelarga ba‘zan talabalar ham keladi, ular orasida imtixonga tayyorlanayotgan yoki referat yozish uchun adabiyotlarni qidirayotganini uchratish mumkin, lekin bosh qoldim deguncha hammasi yana ijtimoiy tarmoqlarga sho‘ng‘ib ketadi, deydi Abdulaziz.

Interent-kafeda mutaxassis bo‘lib ishlagan suhbatdoshimiz, keyingi bir-ikki yil ichida ayniqsa mobil telefon orqali jahon tarmog‘iga chiqishga urinayotganlar ko‘paygan, deydi.

– Ular hammasi odnoklassnikiga kirishadi desak ham bo‘laveradi.

Ozodlik: Mobil telefondan qanaqa qilib kiradi odnoklassnikiga? Juda kichkina emasmi ekrani?

– Kichkinayu, bilmadim kirishadi. Foydalanib o‘tirishadi. Kompyuterda qiziqrog‘u, telefonda hamma yoqdada.

O‘zbekistonlik yana bir suhbatdoshimiz Murodjon ham axborot bobida asosan sport yoki shoubiznes yangiliklarini qidirishini aytadi. Murodjon bilan qisqa suhbatdan o‘zbekistonlik Interenet-foydalanuvchilar hali ham rus tilidagi ijtimoiy tarmoqlarni ma‘qul ko‘rishi ma‘lum bo‘ldi.

– Men o‘zimga kerakli narsani, misol uchun o‘zimga nima kerak bo‘lsa, masalan sport haqida, o‘zimning kasbimda biror narsa kerak bo‘lsa, odnoklassniki, meyl, agent shunaqa narsalar asosan.

Ozodlik: Rus tilidagidan tashqari Facebook, Myspace degan saytlar bor. Twitter degan xizmatlar bor. Shunaqalardan foydalanish qanaqa O‘zbekistonda?

– Unaqalardan ko‘pincha foydalanmasa kerak hali. U ham odnoklassnikiga o‘xshagan narsami?

Ozodlik: Masalan Facebook odnoklassnikiga o‘xshagan.

– Bizda yo‘q. Bizda asosan odnoklassniki, vkontakte ishlatiladi.

Ozodlik: Twitter degan narsa haqida eshitmaganmisiz?

– Yo‘q. Nima u twitter aka?

Ba‘zi hisob-kitoblarga ko‘ra, Facebook ijtimoiy tarmog‘ida bugun 90 mingga yaqin o‘zbekistonlik foydalanadi. Jahon bo‘ylab Facebook shinavandalari soni 900 millionga yaqinlashgan.

Twitter ning 250 millionga yaqin foydalanuvchisi ichida atigi 1000-2000 atrofida o‘zbeklar borligi aytiladi.

Internet bo‘yicha mutaxassis Abdulazizning aytishicha, o‘rtaxol foydalanuvchi Internet uchun oyiga 15-20 ming so‘m sarf qiladi.
XS
SM
MD
LG