Линклар

O‘zbekistonda paxta topshirish majburiyati bajarilganiga qaramasdan maktab o‘quvchilari va oliy o‘quv yurtlari talabalari hamon paxta dalalarida qolmoqda.

O‘zbekiston Prezidentining respublika paxtakorlarini 3,5 million tonnalik paxta xirmoni bilan tabriklaganiga 6 kun bo‘ldi. Biroq, Ozodlik manbalarining aytishlaricha, paxta terimi viloyatlarda shiddat bilan davom etmoqda.

Ismini oshkor qilmagan Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanida yashovchi fermerlardan birining aytishicha, garchi respublika bo‘yicha paxta topshirish shartnomasi bajarilgan bo‘lsa-da, ayni kunlarda tumandagi hasharchilardan birortasiga javob berilgani yo‘q:

- Paxtaga kelgan bolalar hali shu yerda yo‘q narsaga yuribdi ertalabdan kechgacha. Taksist bolalar o‘tiribdi. Ostanovkalar berk, bozorlar berk. Rayonning ho‘v bir burchagiga tiqib tashlagan taksistlarni. Daje kasal bo‘lish mumkin emas ekan. Bolnitsalar yopiq. Yana nima emish, 5-noyabrda otboy berar emish. Hozir o‘zi tergani hech narsa yo‘q. Bitta odamga “Aylanib kechgacha terib kel. Ko‘raychi qancha terar ekansan” desangiz, 5 kilo yo tera oladi yo tera olmaydi. Yo‘qda yo‘q. Paxtaning o‘zi yo‘q. Tugadi paxta. Televizorda respublikamiz bajarganiga ancha bo‘ldi. Paxta planlarimiz to‘lib ketgan. Qayoqda to‘lib ketgan? Qog‘ozda to‘lib ketgan. Perpiskada bu. Shunga bo‘sh joyni to‘ldiray deb, chiranib yotibd-da, bular,- deydi ismi sir qolishini so‘ragan fermer.

Surxondaryo viloyatidagi maktablardan birining direktori ham xavfsizlik nuqtai nazaridan ismi sir qolishi so‘radi. Direktor o‘z maktabi o‘quvchilari yaqin ikki oydan buyon paxta terimida ekanligini ta‘kidlar ekan, garchi rasman paxta terimiga “otboy” berilmagan bo‘lsa ham, u mustaqil tarzda o‘quvchilarini darsga qaytarganini aytadi:

- Hali tugagani yo‘q paxtamiz. Otboy berishgani yo‘q. Lekin, ikki kundan beri dars qilayapman. Darsga chaqirib oldim. Bilmadim, hali hech kimga aytganim yo‘q. O‘zimizcha dars o‘tib yotibmiz.

Maktab direktori o‘quvchilarni darsga qaytargani uchun jazolanishi mumkinligi xavfi borligiga qaramasdan, bunday mas‘uliyatni o‘z bo‘yniga olganini qo‘shimcha qiladi.

- Gap tegadi. Gap tegsa ham uch-to‘rt kun qolgandir deb o‘qitib o‘tiribmiz. Bu yil 5-sinfni ham chiqardi. Hozirgacha mana kuniga 5 kilodan norma qo‘ygan har bir o‘quvchiga. Dalalarda hech narsa qolmadi, lekin shunday bo‘lsa ham topasan deydida. Har kun yig‘ilish. Biz obedgacha dars o‘tsak, obeddan keyin aytamiz, bolalar topganicha 5-10 kilo paxta olib kelishayapti, - deydi maktab direktorlaridan biri.

Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Guliston” qishloq-vrachlik punkti shifokori Abdurayim Bozorov ham maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilari hamon paxta dalalarida qolayotganini aytadi:

- Yo‘q, qaytgani yo‘q. Doktorxonada bir o‘zim. Maktablarda yuqori sinflar dushanba kundan qaytadi o‘qishga deyapti, lekin hali yordamchilar qaytgani yo‘q. Maktablardagi sinfxonalarda yordamchilar yotibdida. Bilasiz birorta qaror bilan maktab bolalariga javob berilgani yo‘q. Lekin o‘qituvchilarni ham majburlab paxtaga olib ketgan, - deydi Abdurayim Bozorov.

Jizzax davlat pedagogika institutining talabasi Jahongirga ko‘ra, paxta terimidan qochgan talabalar, institutdan haydalish bilan qo‘rqitilmoqda:

- 1-noyabrgacha deyapti, kimdir 5-noyabrgacha deyapti. “Bo‘lib turinglar shu yerda. Ketmanglar. Ketsalaring, problemalaring ko‘payadi” degan gap qilayapti. Hozir uncha qattiq bo‘lmay qo‘ydi. 7da turayapmiz. 8-8.30larda polyaga chiqamiz. Soat 1-1.30gacha terib kelamiz. Obedni qilib, mana obedni hozir qilib bo‘ldik, paxtaga chiqamiz yana, - deydi talaba Jahongir.

Jizzaxlik talaba ayni kunlarda paxtakor talabalar haqida bir qo‘shiq tarqalganini va u qo‘shiq mazmuni ularning bugungi daladagi hayotiga aynan mos tushganini aytdi. Kim tomonidan aytilgani noma‘lum bo‘lgan bu qo‘shiqni biz qidirib topdik va uni sizlarga taqdim etamiz:

XS
SM
MD
LG