Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:10

Hokim kollej direktorlarini kaltakladi


Surxondaryo viloyati hokimi Turob Jo‘rayev 25 oktyabrь kuni Jarqo‘rg‘on tumani hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda 8 ta kollej direktorini kaltakladi.

Jarqo‘rg‘on tumanidagi kollej direktorlari kam paxta topshirayotgani uchun viloyat hokimi Turob Jo‘rayevning g‘azabiga uchradi.

Kaltakning eng ko‘pi, tuman qishloq xo‘jaligi kolleji direktori bo‘yniga tushdi. Hokim uning og‘iz-burnini qonga beladi.

Voqeani o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan Jarqo‘rg‘on tumanidagi tashkilotlardan birining rahbari Ozodlikka hokimning direktorlarni qanday kaltaklagani tafsilotlarini aytib berdi:

- Surxondarëda viloyat hokimi o‘qituvchi ham qolmadi, tashkilot rahbari ham qolmadi hammani urib, tepib, tepalab ëtibdi, paxta deb. Paxta topshirish normasi bo‘lmasa har kuni ertalabdan kechgacha tepadi. Biz kimni tepaylik, kimni uraylik? Mana kecha bo‘lib o‘tgan selektor yig‘ilishida Jarqo‘rg‘on qishloq xo‘jalik kollejini direktorini urib, burunlarini qonatib tashladi.

Ozodlik: Yig‘ilishda viloyat hokimi o‘zi qatnashganmidi?

- Ha, o‘zi so‘kayapti, o‘zi urayaptida.

Ozodlik: Selektor yig‘ilishi deyapsizku. Selektorda uzoqdan turib gaplashmaydimi?

- Yo‘q, o‘zi shaxsan qatnashgan edi.

Ozodlik: Qayerda bo‘ldi bu yig‘ilish?

- Jarqo‘rg‘on tumani hokimiyat binosida. Paxta so‘rayapti. Kunlik plan. Kunlik norma so‘rayapti. Dalada yo‘qda shu narsa. Qayerdan olib beradi uni? 10 kilo bo‘lsa ham, 20 kilo bo‘lsa ham olib kel, deydi. Dalada bor narsa bo‘lsa shuni biz o‘zimiz ham terib olamizku. Termasak, uvoli borku shuning. Bilamiz shu narsani. O‘zimizning boyligimiz o‘zimizga qaytadi.

Ozodlik: Kollej direktorini nima uchun urdi? Biror narsa dedimi, biror narsa so‘radimi? Gap qaytargandirda, to‘g‘ri gapni aytgandirda.

- Paxta olib kel deyapti. Direktor bechora nima deydi. “Yo‘q. Dalada yo‘q” deyapti. Hokim “Topib kelasan” deydi.

Ozodlik: Siz o‘zingiz ko‘rdingizmi urganini?

- Ha, men o‘zim shu yig‘ilishda bor edim.

Ozodlik: Qanday qilib urdi? Turib borib urdimi ëki oldiga chaqirib urdimi?

- Oldiga chaqirib olib urayapti. Yig‘ilishda ko‘pchilikning ichida chaqirib olib shapaloqlab so‘kayaptida. O‘zidan katta odamni ham sensirayapti, ho‘lu quruqni baravar ëqayapti. Bundan tashqari boshqa holatlar ham ko‘p. Boshqa vaziyatlar ham to‘lib ketgan. Boshqa tashkilotlarda ham shunday qilib ëtibdi kerak bo‘lsa. Tepadi ko‘tiga aylantirib.,

Ozodlik: Hammaning oldida tepadimi?

- Ha, hammaning oldida. Dodini kimga aytadi u? Arzini kimga aytadi rahbar xodimlar? U viloyatning egasi bo‘lsa.

Ozodlik: Shuncha kaltak yegandan keyin ham kollej direktorlari, tashkilotlar rahbarlari jim turibdimi?

- Nima qiladi? Hech kim bosh ko‘tara olmasa.

Ozodlik: Shu kuni yig‘ilishda bitta shu kishini urdimi ëki boshqalarni ham urdimi?

- Boshqalarni ham urayapti. Bir xillarini tepib ham yuborayapti.

Ozodlik: Xuddi urush davrida aristonlarni ishlatadiku, "Nimaga ishlamaysan?", deb uradi. Shunday bo‘lyaptimi?

- -Xuddi shunday bo‘lib ëtibdi-da. Nima deysiz? Kimga dodni aytamiz? Arzimizni kimga aytaylik? Muhtaram prezidentimiz, boboning bundan xabari yo‘q. Bo‘lmasa, yo‘l qo‘ymaydi bunga.

Ozodlik: Paxta yo‘q bo‘lsa dalada, hokimning o‘zi ham ko‘raëtgandir dalani kezib paxta yo‘qligini. Yo‘q paxtani qayerdan topib ber deb uradi? Shunga hayron qolayapmanda.

- Viloyat planni bajargan bo‘lsa, kim biladi, biz ham hayronmiz. Perepiskada bo‘lsayu bu ëg‘ini to‘ldirayaptimi. Bilmadik endi. Bexabar bo‘lsak,- deydi viloyat hokimi Turob Jo‘rayevning Jarqo‘rg‘on tumani hokimligida o‘tkazgan yig‘ilishi ishtirokchisi.

Mahalliy hokimlarning mushtumzo‘rlik siyosati O‘zbekistonda bir necha yillardan buyon davom etib keladi.

Mahalliy hokimlarning prokuratura va militsiya boshliqlari bilan birga o‘tkazgan yig‘ilishlarda, fermerlarni, tashkilotlar rahbarlarini va hatto tuman hokimlarini bemalol haqorat qilishi va kaltaklashi odatiy tusga kirgan.

Ma‘muriy buyruqbozlik uslubi ustiga qurilgan bunday siyosat qurbonlari esa dodlarini hech kimga aytolmaydilar, chunki prokuror va militsiya boshliqlarining o‘zlari bu fojealarning bevosita guvohi bo‘ladilar.

Aynan Surxondaryo viloyati hokimi Turob Jo‘rayevning mushtumzo‘rligi haqida ilgari ham Ozodlik tinglovchilari ko‘p gapirgan edilar.

Jumladan, shu yilning 12 sentyabrь kuni paxta ustida viloyat hokimidan dakki eshitib, tunni ichki ishlar bo‘limida o‘tkazgan Surxondaryo viloyatining Muzrobod tumanidagi Ziyodillo Qo‘ldoshev mahallasida istiqomat qilgan 50 yashar fermer Ismoil To‘ranazarov o‘zini osgan edi.
XS
SM
MD
LG