Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:35

Nozim Majid ad-Deyravi: Islom nafaqat din, u hayot tarzi!


Nozim Majid ad-Deyravining yangi kitobi.
Nozim Majid ad-Deyravining yangi kitobi.
Sankt-Peterburgda “Rus mumtoz she‘riyatida Qur‘on va Muhammad payg‘ambar”, deb nomlangan asar nashrdan chiqdi. Asar muallifi Mustaqil rus-arab madaniy markazi direktori doktor Nozim Majid ad-Deyravi Ozodlik savollariga javob berdi.

Rossiya madaniy poytaxti Sankt-Peterburgda rus she‘riyati tadqiqotchisi doktor Nozim Majid ad-Deyravining “Rus mumtoz she‘riyatida Qur‘on va Muhammad payg‘ambar”, deb nomlangan to‘plami arab va rus tillarida chop etila boshladi.

To‘plamga XIX– XX asr boshlarida ijod qilgan rus shoirlarining arab-musulmon madaniyatidan ilhomlanib yaratgan asarlari kiritilgan, deydi Ozodlik bilan suhbatda asar muallifi, tarix fanlari nomzodi, asli iroqlik doktor Nozim Majid ad-Deyravi.

- Bu to‘plamga 12 ta rus shoiri, jumladan, G. Derjavin, A. Pushkin, A. Shishkov, P. Obodovskiy, Yu. Lermontov, Ya. Polonskiy, I. A. Bunin, K. D. Balьmont va boshqalar asarlari kiritilgan. Bu kitobni yaratishdan maqsad – arab-islom tematikasining buyuk rus she‘riyatiga ta‘sirini o‘rganishdan iborat edi. Izlanish asosan ikki yo‘nalish bo‘yicha olib borildi. Birinchidan, o‘sha davrda Qur‘onning ta‘siri ostida yozilgan yuzlab asarlarni aniqladim. Bu asosan XIX asr boshlaridan boshlangan, chunki aynan shu davrda Muqaddas kitobning rus tiliga tarjimalari keng tarqala bordi,- deydi rus adabiyoti tadqiqotchisi.

Doktor ad-Deyravi so‘zlariga ko‘ra, Islom va arab madaniyatiga qiziqish chor imperiyasida Sharq madaniyati o‘rganila boshlashi va Qur‘oni Karimning tarjimalari paydo bo‘lishi bilan boshlandi.

“Rus tiliga Qur‘oni Karim 1716 yilda Pyotr 1 buyrug‘iga binoan Postnikov tomonidan o‘girilgani taxmin qilinadi”, - deya davom etadi Nozim ad-Deyravi.

- Lekin bu tarjima keng jamoatchilik orasida chop etilmadi, chunki buni Pyotr shaxsan o‘zi va boshqa amaldorlar uchun tarjima qildirgan. O‘sha davrda Pyotr juda janubiy qo‘shnilari, ayniqsa Turkiya, Kavkaz, Markaziy Osiyo, Eron va boshqa musulmon davlatlari bilan juda qiziqayotgan edi. Keyinchalik paydo bo‘lgan ko‘plab tarjimalar so‘zsiz bu asarga rus adabiyot namoyandalarining qiziqishini jalb qildi. Men ularning she‘rlarida nafaqat arabcha ritm va qofiya, o‘xshatish yoki iboralarning mavjudligini qidirdim, birinchi navbatda bu asarlarda Qur‘on va Islomning ruhiy-madaniy elementlarini izladim,- deydi doktor ad-Deyravi.

Asar muallifining so‘zlariga ko‘ra, bu davrda buyuk nemis shoiri Iogann Gyote kabi qator Yevropa adiblari ham Qur‘on va Islom tematikasiga qiziqishi katta bo‘lgan.

Nozim ad-Deyravining fikricha, Islom madaniyatining Yevropaga ta‘siri G‘arbda boshlangan mustamlakachilik davridan avj oldi.

“Ikkinchidan, men rus she‘riyatida Muhammad Payg‘ambarimiz (s.a.v.) qoldirgan madaniy me‘ros ko‘rinishlarini, umuman islomiy madaniyatning ta‘sirini izladim”, deydi u.

- G‘arb elitasi Islom bilan qiziqa boshladi, musulmon dunyosi bilan til topishga intildi. Moddiy taraqqiyotga erishayotgan G‘arb mamlakatlari jiddiy ma‘naviy muammolarga duch keldi. Bu muammolarning yechimi esa Islom madaniyati va uning Muqaddas kitobida izlay boshladi. E‘tibor bering, bu muammolar bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan, yana G‘arb va Sharq o‘rtasida ayrim tushunmovchiliklar paydo bo‘la boshladi, yana Islom madaniyatiga qiziqish oshib boryapti. Dunyoning to‘rtdan bir qismini egallab kelayotgan Islom olamisiz Yer yuzini tasavvur qilib bo‘lmaydi!- deydi Nozim ad-Deyravi.

Russhunos olimning aytishicha, Germaniyada so‘nggi yillarda asosan erkaklar Islomni qabul qilgan bo‘lsa, Rossiyada ayollar qabul qilgan. “Bunga sabab, Ittifoq tarqalganidan keyin paydo bo‘lgan ma‘naviy vakuumni turli soxta g‘oyalar egallay boshladi. Erkaklarga nisbatan intizomliroq bo‘lgan rus ayollari Islomda najot topa boshladilar. Islom nafaqat din, u hayot tarzi”, deydi u.

Doktor Nozim Majid ad-Deyravi o‘zbek madaniyati, o‘zbeklarning Islom taraqqiyotiga qo‘shgan hissasiga yuqori baho berdi. Shunga qaramasdan, Ozodlik bilan suhbatda u O‘zbekiston bilan birinchi uchrashuvi ko‘ngilsiz voqea bilan yakunlanganini hozirgacha afsus bilan eslashini gapirdi.

- Men O‘zbekistonda 90 yillar o‘rtalarida bo‘lgan edim. Bilasizmi, u yerda noxush bir voqea ro‘y berdi. U yerga men sayyoh sifatida borgan edim. Men iordaniyalik do‘stim bilan Andijon shahrida mahalliy masjidga borib kelganimizdan keyin mehmonxonada bizni kutib turgan militsiya, maxsus xizmat xodimlari olib ketdi. Bo‘limda bizga nega bu yerga kelganimiz, Andijonda nima qilib yurganimiz, nima uchun namoz o‘qiyotganimiz haqida ajoyib savollarni bera boshlashdi. Men ularga Rossiya Fanlar akademiyasi ilmiy xodimi ekanimni aytdim. Biz Samarqand, Buxoro, Xiva kabi mashxur diyorlarni ko‘rgani kelgan edik, xolos. Eng qizig‘i, militsiya xodimlari menga nafaqat mening rus tilini bilishim va fan nomzodi ekanimni, balki “Arabistondan” kelganimni ayb sifatida ko‘rsatishdi! Men ularga “Arabiston” degan davlat yo‘q-ku”, deyishimga qaramasdan, u mendan “nega Arabiston yo‘q ekan?!” deya xafa ham bo‘ldi,- deydi iroqlik olim.

Nihoyat, 20 dollardan jarima solinib, Samarqandu Buxoroni ko‘rmasdan O‘zbekistondan chiqarib yuborilgan “arabistonlik” sayyoh Nozim ad-Deyravi zamon o‘zgarsa, albatta O‘zbekistonni yana ziyorat qilishini aytdi.

Suhbatimiz so‘nggida u O‘zbekistondan bunday holatda chiqarib yuborilganiga qaramasdan o‘zbek sharqshunos va islomshunos olimlari haqida juda yaxshi fikrda ekanini aytdi.

Doktor Nozim Majid ad-Deyravi Mustaqil 1957 yilda Iroqning Basra shahrida tug‘ilgan, rus-arab madaniy markazi direktori, tarix fanlari nomzodi, Rossiya Fanlar akademiyasining Osiyo va Afrika mamlakatlari adabiyoti bo‘limining ilmiy xodimi, Sankt-Peterburg universitetining tarix-filologiya fakultetini bitirgan, Livan, Tunis, Jazoirda jurnalist sifatida faoliyat yuritgan.
XS
SM
MD
LG