Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:55

Qirg‘izistonda saylov natijalari chiqarilmoqda


Markaziy saylov komissiyasining dastlabki ma‘lumotlariga ko‘ra, 31 oktyabr kuni soat 20.30 ga qadar saylov bayonnomalarining 99,96 foizi ishlab bo‘lingan.

Yakshanba kuni o‘tkazilgan saylovda ro‘yxatlarga kiritilgan 3 million 32 ming 681 nafar saylovchidan 1 million 827 ming 872 nafari (60,27%) ishtirok etdi.

2317 saylov uchastkasidan kelib tushgan ma‘lumotlarga ko‘ra, hozircha saylovda 1 173 561 ovoz (63,24%) bilan Qirg‘iziston sotsial-demokratik partiyasi lideri Almazbek Atambayev peshqadamlik qilmoqda.

Ikkinchi o‘rinda 273 952 ovoz (14,76%) bilan “Yaxlit Qirg‘iziston” partiyasi rahbari Adaxan Madumarov bormoqda.

Ata-Jurt partiyasi lideri Qamchibek Tashiyev esa 265 930 ovoz (14,33%) bilan uchinchi o‘rinni egallab turibdi.

Qolgan 13 nomzodning 30 oktyabr kuni o‘tkazilgan saylovda qozongan ovozlari 1 foizga ham yetmagan. 9 438 nafar (0,51%) saylovchi esa barcha nomzodlarga qarshi ovoz bergan.

Qirg‘iziston qonunchiligiga ko‘ra, prezidentlik saylovining birinchi bosqichida g‘olib chiqish uchun nomzodlardan biri saylovchilarning 50 foizi ovoz va yana bitta ovoz qozonishi lozim. Xususan, 30 oktyabrdagi saylovning birinchi bosqichida g‘alaba qozonish uchun nomzodlardan biri kamida 913 937 ovoz yig‘ishi lozim bo‘ladi.

O‘tgan saylovda Almazbek Atambayevning 1 milliondan ziyod saylovchi ovozi qozonishi va birinchi bosqichdayoq oliy lavozimga saylanishi boshqa nomzodlarga xush keldi, deb bo‘lmaydi.

Xususan, saylovning dastlabki natijalariga ko‘ra uchinchi o‘rinni egallab turgan Qamchibek Tashiyev: “Saylovda men g‘alaba qozonishim kerak edi, men uchun 1,5 millionga yaqin kishi ovoz berishi kerak edi”, deya bildirdi.

Saylov natijalariga ko‘ra ikkinchi o‘rinda borayotgan Adaxan Madumarov ham Qamchibek Tashiyev singari 30 oktyabr kuni o‘tkazilgan saylov natijalarini tan olmasligini ta‘kidladi.

- Mening siyosiy talabim saylov natijalarini tan olmaslik, ommaviy axborot vositalari va Jo‘g‘o‘rqu Kenesh (parlament – tahr.), nodavlat tashkilotlari vakillaridan iborat mustaqil komissiya tuzishdir. Biz saylov boshqa kunga ko‘chirilishini va bu masalaning parlamentga ko‘rib chiqilishini talab qilamiz, - dedi Adaxan Madumarov.

Saylovda peshqadamlik qilayotgan Almazbek Atambayev esa bugun o‘tkazilgan matbuot anjumanida asosiy muxoliflari bo‘lgan Adaxan Madumarov va Qamchibek Tashiyev bilan til topa olishiga shubha qilmasligini hamda bu ikki kishining kelajakda hukumatga kirishi mumkinligini istisno qilmasligini aytdi.

- Ular real siyosatchilardir, ammo ularning yonida bu siyosatchilarni o‘ylanmagan qadamlarga turtuvchi turli-tuman kishilar bor. Men Qirg‘iziston gullab-yashnashi uchun Adaxan Madumarov va Qamchibek Tashiyev bilan umumiy til topa olamiz, deb o‘ylayman, - dedi Almazbek Atambayev.

Ayni paytda kuzatuvchilar kechagi saylovda “elakdan tushib qolgan” nomzodlar o‘z noroziligini bildirishlari uchun sabab-bahonalar yetarli ekanini ta‘kidlayaptilar.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, yakshanba kuni o‘tkazilgan saylov bo‘yicha Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasiga 50 ta shikoyat arizasi kelib tushgan. MSK rais o‘rinbosari Aynura Shayimqulovaga ko‘ra, shikoyatlarning ko‘pchiligi saylov ro‘yxatlaridagi noaniqliklar bilan bog‘liq.

Asnoda saylovda kuzatuvchilik qilgan nodavlat tashkilotlari vakillari ovoz berish chog‘ida ayrim saylov uchastkalarida qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilganini bildirmoqdalar. Jumladan, “Demokratiya va fuqarolik jamiyati uchun” koalitsiyasi muvofiqlashtiruvchisi Meder Talkanchiyevga ko‘ra, Talas viloyatidagi saylov uchastkalaridan birida kechki soat beshga yaqin noma‘lum saylovchi qutida bir to‘p byulletenь tashlab ketgan.

Chuy viloyatida esa saylovchilarga 500 so‘mdan tarqatayotgan ikki kishi ushlangan. Bu haqda Qirg‘iziston ichki ishlar vaziri Zarilbek Risaliyev bildirdi. Uning aytishicha, qo‘lga olinganlar nomzod Adaxan Madumarovning tarafdorlari bo‘lib chiqqan. Biroq Madumarovning shtabi bu xususda biror izoh bermayapti.

30 oktyabr kuni Qirg‘izistonda o‘tkazilgan prezidentlik saylovi bo‘yicha saylovda kuzatuvchilik qilgan xalqaro tashkilotlar vakillari ham o‘z munosabatlarini bildirdilar.

MDH mamlakatlaridan, xususan, Rossiya va Qozog‘iston Markaziy saylov komissiyasidan vakil bo‘lib kelgan kuzatuvchilar Qirg‘izistondagi saylovlarni qonunga muvofiq o‘tganini, ovoz berish chog‘ida kuzatilgan juz‘iy kamchiliklar esa saylovning umumiy natijasiga ta‘sir ko‘rsata olmasligini urg‘uladilar.

Turkiy tilli mamlakatlar parlament assambleyasidan bo‘lgan xalqaro kuzatuvchilar ham yakshanba kuni o‘tgan saylovlarda qo‘pol qonunbuzarliklar kuzatilmaganini aytdi.

- Qirg‘izistondagi saylovlar qonun doirasida xalqaro standartlarga muvofiq ravishda o‘tdi, - degan mazkur guruh vakili Nevjat Pakdil saylovlar chog‘ida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar texnik xarakterga ega ekanini qayd etdi.

Prezidentlik saylovlarida anchagina kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganini ta‘kidlagan YeXHT kuzatuvchilari esa bu kamchiliklar ichida eng ko‘zga chalingani saylovchilar o‘zlarini ro‘yxatlardan topa olmagani ekanini aytdilar. Shunga qaramay, YeXHT kuzatuvchilariga ko‘ra, kechagi saylovlar kutilganidan ko‘ra yaxshiroq o‘tgan.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, yakshanba kuni o‘tkazilgan saylovni 56 mamlakatni tamsil etgan 792 nafar xorijlik kuzatuvchi hamda 100 dan ziyod xorijiy ommaviy axborot vositasi vakillari kuzatib borgan.
XS
SM
MD
LG