Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 09:30

Janubliklar saylov natijalaridan norozi


31 oktyabr kuni O‘sh va Jalolobodda yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovi natijalarini bekor qilish talabi bilan mitinglar bo‘lib o‘tdi.

Dushanba kuni Jalolobod viloyat davlat ma‘muriyati oldiga bir necha yuz odam to‘plandi:

- Mitingga chiqqanlar prezidentlikka nomzod Qamchibek Tashiyevning tarafdorlari ekan. Ular gubernator bilan uchrashdi. Murojaatlari bor ekan, gubernatorga topshirishdi. Gubernator: “Men bu murojaatni Markaziy saylov komissiyasiga junataman, javob kelganidan keyin sizlarga aytaman”, dedi. Biroq odamlar bunga ko‘nmay, “ertaga yana to‘planamiz” deb, tarqab ketishdi. Tashiyev tug‘ilib o‘sgan Barpi qishlog‘ida O‘sh-Bishkek yo‘lini to‘sishgan ekan soat 16.10 da, qayta ochishdi. Hozir mashinalar o‘tayapti.

Ozodlik: Ular nimani talab qilishayapti, aytishdimi?

- “Saylovda qonunbuzarlik ko‘p bo‘ldi” deb, saylov natijalari yo‘qqa chiqarilishini talab qilishdi, - der ekan mitingni kuzatgan “Qilim shami” huquqni himoya qilish markazi vakili Abdunazar Mamatislamov Jalolobod shahrida mitingchilar soni 200 kishiga yetganini aytdi.

Mitinglar, shuningdek, Jalolobod viloyatining Suzoq va Bozorqo‘rg‘on tumanlarida ham bo‘lib o‘tgan. Bu yerlarda mitingchilar bir necha soat O‘sh-Bishkek yo‘lini to‘sib turishgan:

- 50-60 ga yaqin odam Bozorqo‘rg‘onga kirish yo‘li, O‘sh-Bishkek yo‘lidagi ko‘prikni to‘sib turishibdi, - dedi mitingga guvoh bo‘lgan jalolobodliklardan biri bu mitingchilar talabi saylov natijalarini bekor qilish bo‘lganini ta‘kidlar
ekan.

Prezidentlik saylovi natijalariga qarshi norozilik tadbiri bugun O‘shda ham bo‘lib o‘tdi. Aktsiyaga guvoh bo‘lgan o‘shliklarga ko‘ra, 30-40 kishidan iborat mitingchilar o‘zlarini saylovda ishtirok eta olmagan saylovchilar sifatida tanishtirgan va prezidentlik saylovi qayta o‘tkazilishini talab qilishgan.

Ayni paytda Qamchibek Tashiyevning matbuot kotibi Nurg‘azi Anarqulov jurnalistlarga bergan intervyusida 31 oktyabr kuni Jalolobodda va O‘shda bo‘lib o‘tgan mitinglarga Tashiyevning aloqasi yo‘qligini, biroq bu fuqarolar norozilik bildirishga haqli ekanini aytgan.

Qamchibek Tashiyevning o‘zi esa 31 oktyabr kuni Bishkekda matbuot anjumani o‘tkazdi va saylov natijalarini tan olmasligini bildirdi:

- Xalqim tarixida bunchalik iflos va adolatsiz saylov bo‘lmagan, deb hisoblayman. Bunday saylov buyuk Manas avlodi va erksevar qirg‘iz xalqi uchun uyatli ko‘rinishdir. Men va minglab saylovchilar bu saylovni tan olmaymiz. Biz qonun doirasida o‘z huquqlarimizni himoya qilamiz. Men yana bir marotaba muvaqqat hukumatga yaxshilab o‘ylanib ko‘rishni va saylov natijalarini bekor qilishni tavsiya qilaman, - dedi Qamchibek Tashiyev.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, 31 oktyabr kuni O‘sh shahri yaqinida joylashgan Qorasuv tumanida prezidentlikka nomzodlardan biri Adaxan Madumarov tarafdorlari ham norozilik mitingi o‘tkazgan. Hozircha miting borasida batafsil ma‘lumotlar yo‘q.

Prezidentlik saylovlarida ikkinchi o‘rinni olgan nomzod Adaxan Madumarov ham bugun Bishkekda o‘tkazilgan matbuot anjumanida prezidentlik saylovi natijalarini tan olmasligini bildirgan.

Aytish joizki, saylovdan avval ayrim nomzodlar agarda saylovda ma‘muriy resurslar qo‘llanilsa va saylov natijalari qalbakilashtirilsa, ommaviy noroziliklar boshlanishi to‘g‘risida bayonotlar tarqatganlar. O‘shlik huquq faollari bunday bayonotlar O‘shda istiqomat qiluvchi milliy ozchiliklar, xususan, o‘zbeklar orasida vahima kayfiyatini paydo qilganini aytishadi:

- Tashiyev: “Agar saylovlar iflos o‘tsa, men ommaviy noroziliklar uyushtiraman”, debdi-ku. Vahimalar shu bayonotdan kelib chiqqan. Aynan Tashiyevdan ko‘proq xavfsirab turibmiz. “Atambayev kelib, o‘zbeklarni saqlab qoladi”, degan ishonch ham yo‘q. Hozircha davlatga ishonch yo‘q, - dedi o‘z ismini oshkor qilishni istamagan o‘shlik huquq faoli.
XS
SM
MD
LG