Линклар

logo-print
Rossiyaning Yamandagi elchixonasi o‘tgan hafta Shabvada o‘g‘irlab ketilgan o‘zbek shifokorining ozod etilganini ma‘lum qildi.

O‘zbek shifokorining ozod etilishida ishtirok etgan Rossiyaning Yamandagi elchixonasi attashesi Aydar Tuyg‘unov Ozodlik muxbiriga ozod etilgan shaxsning aynan Vohid Vohidov ekanligini tasdiqladi.

- Ozod etilgan shaxs bu bir hafta oldin o‘g‘irlab ketilgan O‘zbekiston fuqarosi Vohidov ekanini tasdiqlaymiz. Hozir u ozod etilgan va o‘z rafiqasi oldiga eski ish joyiga olib ketilyapti. Bu ma‘lumotni mahalliy hukumat rasmiylari ham tasdiqladi. Janggarilarning talablari qondirildimi yoki yo‘qmi¸ bu haqda Yaman rasmiylari ma‘lumot berganicha yo‘q, dedi Yamandagi Rossiya elchixonasi attashesi Aydar Tuyg‘unov.

O‘zbek shifokorining hamkasbi Abdulloh Ulaymiyning muxbirlarga bildirishicha¸ shifokorni o‘g‘irlagan qabila vakillari bilan muzokaralar natijasida ozod etilgan Vohidov Sanaaga olib kelingan va endilikda Haj ziyoratini ado etish uchun Makkaga uchib ketishga hozirlanmoqda.

Ayni paytda¸ Reuters agentligi ozod etilgan o‘zbekistonlik vrachning ismi Abdulhamid Yun (Abdulhamid Jun) ekani va uning 2011 yilning mart oyida Abiyon provintsiyasining Al-Mahfid shahridan o‘g‘irlab ketilgani haqida xabar tarqatdi.

Reutersga ko‘ra, o‘zbekistonlik Yun Al-Qoida janggarilari markazlariga aviahujumga rozilik bergan amaldorlarni javobgarlikka tortish talabi bilan o‘sha hujumdan talafot ko‘rgan ko‘chmanchilar tomonidan o‘g‘irlangan.

Shuningdek, ayrim manbalarda janggarilar qo‘lidan chiqarib olingan vrachning ismi Vohid Rof, boshqa manbalarda Vohidov ekani ta‘kidlanadi.

- Bu tushunmovchiliklar sababi shundan iboratki, o‘g‘irlanganlar ikki kishi bo‘lib, biri shu yilning mart oyida o‘g‘irlangan Tojikiston fuqarosi, xato qilmasam, Ochildiyev, ikkinchisi esa¸ o‘tgan hafta olib ketilgan o‘zbekistonlik Vohid Vohidov. 2011 yilda Yamanda xorijlik vrachlardan faqat shu ikki kishi o‘g‘irlangan. Ularning ikkalovi ham hozir ozod qilindi, deydi Rossiyaning Yamandagi elchixonasi attashesi Aydar Tuyg‘unov.

Tojikistonlik o‘zbek shifokori 60 yoshli Hamidjon Olchiboyev shu yilning mart oyida Yamanning Shabva viloyatida mahalliy qabila vakillari tomonidan o‘g‘irlab ketilib, keyinchalik qo‘yib yuborilgan edi.

Aydar Tuyg‘unovga ko‘ra, Vohid Vohidov xususiy shartnoma asosida Shabva provintsiyasining Bayxon shahridagi “Dor ash-Shifo” gospitalida shifokor bo‘lib ishlab kelgan. U o‘z rafiqasi bilan Shabvadan haj safariga jo‘nash uchun poytaxt Sanaaga ketayotgan paytda Jahm qabilasi janggarilari tomonidan garovga olingan. Janggarilar Vohidovning rafiqasini ozod qilib¸ uni o‘z shartlari bajarilishi uchun hibsda saqlaganlar.

Rossiyaning Sanadagi elchixonasi Yaman Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga Vohidovni zudlik bilan ozod qilishga ko‘maklashish iltimosi bitilgan nota yuborgan.

Sanaadagi kasalxonalardan birida ishlaydigan o‘zbekistonlik shifokorlardan birining Ozodlikka bildirishicha¸ hozirda Yamanda 5000 ga yaqin o‘zbekistonlik ishlamoqda va ularning ko‘pini oliy ma‘lumotli shifokorlar tashkil etadi.
XS
SM
MD
LG