Линклар

Forum 18 tashkilotiga ko‘ra, O‘zbekiston bojxonachilari musodara qilayotgan diniy kitoblarning aksari Islomga oid.

Toshkentdagi Baptistlar cherkoviga xorijdan jo‘natilgan rus tilidagi "Iso Masih - bizning nurimiz" (Xristos — nashe osvyashcheniye) nomli 23 ta diniy kitob sentyabr oyining oxirida O‘zbekiston bojxonaci tomonidan ushlandi.

Cherkov xodimlaridan birining Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, ular 11 sentyabr kuni xorijdan kitob solib jo‘natilgan posilkani bo‘sh holda olishgan.

Toshkentdagi Mirzo Ulug‘bek tuman pochta bo‘limi xodimlari, kitoblar bojxonachilar tomonidan musodara qilinganini aytishgan.

Ushbu vaziyatni o‘rganayotgan Din erkinligi masalalari bilan shug‘ullanuvchi Forum 18 xalqaro tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha muharriri Feliks Korliga ko‘ra, O‘zbekistonda xorijdan jo‘natilgan kitob va jurnallarning musodara qilinishi odatiy holga aylangan.

- O‘zbekistonda diniy kitoblarga nisbatan asossiz shubha bor. Nafaqat nasroniylar, balki, musulmonlarning diniy kitoblari ham Davlat tomonidan tsenzura qilinadi. O‘zbekiston bosh pochtasining xorijdan jo‘natilgan kitoblarni musodara qilishi keyingi paytlarda ko‘paygan. Toshkentdagi Baptistlar cherkoviga jo‘natilgan kitoblar ham noqonuniy deb topilib, bojxonachilar tomonidan musodara qilindi,- deydi Feliks Korli.

"O‘zbekiston pochtasi" xorijiy jo‘natmalar bo‘limi xodimining Ozodlikka aytishicha, ular xorijdan kelgan yuk jo‘natmalarinini maxsus tekshiruvdan o‘tkazish va qonunda taqiqlangan kitoblar bo‘lsa, tegishli tashkilotga xabar berish uchun ma‘suldirlar.

Forum 18 tashkilotining rasmiy sayti orqali e‘lon qilinishicha, O‘zbekistonda musodara qilinayotgan kitoblarning 80-90 foizi Islom diniga oid kitoblardir.

- Biz O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasiga rasman murojaat qilganimizda, bojxona inspektori Dilshod Sodiqov bizga O‘zbekistonda joriy yilning birinchi yarmida musodara qilingan har 10 ta kitobdan, 8 yoki 9 tasi islomiy kitoblar ekanini aytdi. Unga ko‘ra, bu kitoblar O‘zbekiston diniy ishlar qo‘mitasi tomonidan taqiqlangan. U xorijdan jo‘natilgan har bir kitob ushbu qo‘mitaga tahlil uchun jo‘natilishi va ulardan olingan javobga tayanib, xulosa chiqarilishini aytdi,- deydi Korli.

Xalqaro mutaxasis tadqiqotlariga ko‘ra, juda ko‘p holatlarda kitoblar musodara qilingach, ularni jo‘natgan xorijdagi manzilga yozma maktub ham yo‘llanadi.

- Bu haqda bizda juda ko‘plab ma‘lumotlar bor. O‘zbekiston kitoblarni musodara qilish bilan birgalikda kitobni jo‘natgan xorijdagi tashkilot yoki shaxs nomiga xat jo‘natib, "bundan keyin O‘zbekistonga bu kabi kitoblarni jo‘natmaslik"dan ogohlantiriladi,- deydi Korli.

O‘zbekistonda bir yilda qancha kitob musodara qilinishi haqida aniq raqamlar mavjud emas. Forum 18 taxminlariga ko‘ra, har yili taxminan 1000 ta kitob musodara qilinib, keyin yo‘q qilinadi.

- Aniqlashimizcha, musodara qilingan barcha kitoblar keyin yo‘q qilinadi. Bu haqda aniq ma‘lumotlarimiz bor,- deydi Korli.

O‘tgan yili O‘zbekiston Bibliya jamiyatiga qarashli Injil kitobining 2800 nusxasi ham musodara qilingan edi.

O‘zbekiston Din ishlar bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati bunday hatti-harakatlarni mamlakat qonunchiligida taqiqlangan prozelitizm, deb baholar ekan, missionerlik “diniy va milliy qadriyatlari o‘zaro uyg‘un holatda shakllangan o‘zbek xalqida bu illat jiddiy oqibatlarni yuzaga kelishiga, jamiyat poydevori hisoblangan oilalarning parchalanishiga, qarindosh-urug‘chilik aloqalarini uzilishiga sabab bo‘lishi mumkin”ligini ta‘kidlagan.
XS
SM
MD
LG