Линклар

Chechenistondagi qiynoqlar Rossiyaning bir qismiga ko‘rsatildi


Chechenistonda inson huquqlari toptalayotganiga oid ko‘rsatuvni NTV telekanali namoyish qildi.

Chechenistonda inson huquqlari toptalayotganiga oid ko‘rsatuvni NTV telekanali namoyish qildi.

Rossiyaning Uzoq Sharqidagi teletomoshabinlar kuni kecha Chechenistonda inson huquqlari toptalayotgani to‘g‘risidagi kutilmagan ko‘rsatuvni tomosha qildilar.

Filьmning kutilmaganligi shundaki, davlatning kuchli nazorati ostidagi Rossiya telekanallari odatda Chechenistonni tinch va barqaror, gullab-yashnayotgan respublika qilib ko‘rsatadilar.

Biroq Rossiyaning Yevropa qismida yashaydigan tomoshabinlar filьmni ko‘ra olmadi: Gazprom tasarrufida bo‘lgan NTV kanali ko‘rsatuvni “qayta ishlash”ga jo‘natganini e‘lon qildi.

Inson huquqlari himoyachilari ko‘p yillardan beri Chechenistonda odamlar o‘g‘irlanayotgani va bedarak yo‘qolayotgani, qiynoqlar qo‘llanilayotgani to‘g‘risida aytib kelar, ammo bu haqda davlatning kuchli nazorati ostida bo‘lgan telekanallarda bir so‘z ham aytilmas edi.

30 oktyabr kuni NTVning Uzoq Sharqdagi tomoshabinlariga Checheniston Ichki ishlar vazirligi va boshqa davlat idoralari faoliyati to‘g‘risidagi achchiq haqiqat ko‘rsatildi.

Lekin ko‘rsatuvni Uzoq Sharq ko‘ra oldi, xolos. Mamlakatning Yevropa qismi tomoshabinlari uning o‘rniga ta‘mirdan keyin ochilgan Bolьshoy teatrdagi tantanalarni yana bir bor tomosha qildi.

Royter agentligi rossiyalik jurnalist Andrey Loshakning “har doimgiday Kremldan kimdir telefon qilgan bo‘lishi kerak”, degan gapini keltirdi.

Biroq Ozodlik radiosi rus xizmati muxbiri bilan suhbatlashgan NTV matbuot kotibi Mariya Bezborodova ko‘rsatuvning Kreml talabi bilan oldirib tashlanganini inkor etdi:

- To‘g‘ri, ko‘rsatuv Uzoq Sharqqa ketdi. Lekin shundan so‘ng kanal rahbariyati unda keltirilgan faktlarga aniqlik kiritish uchun qayta ishlashga jo‘natdi. Umuman olganda, bu tahririyat ish uslubidagi normal ko‘rinish, - dedi Mariya Bezborodova.

Efirdan olib tashlanishi ortidagi sabablar qandayligidan qat‘iy nazar ko‘rsatuvning Rossiya televideniyesi andozalarini yirtib tashlaydigan darajada bo‘lgani qiziqdir.

Unda 26 yoshli Islom Umarpashayevning ko‘rgiliklari hikoya qilingan. Islomning aytishicha, u Checheniston Ichki ishlar vazirligi xodimlari tomonidan o‘g‘irlab ketilgan va vazirlik bazasida 4 oy saqlangan, qiynoqqa solingan. Unga “o‘ldiramiz” deb, tahdid qilishgan.

Shu kunda Rossiya ichkarisida yashirinib yurgan Umarpashayev inson huquqlari himoyachilariga yordam so‘rab murojaat qilgan.

Moskvadagi “Memorial” inson huquqlari markazi vakili Aleksandr Cherkasov Shimoliy Kavkazda amalga oshirilayotgan terrorizmga qarshi kampaniya zamiridagi jinoyatlar to‘g‘risida gapirar ekan, jumladan bunday dedi:

- Gap aslida ichki ishlar xodimlarining odam o‘g‘irlashlari, tergov o‘tkazishning g‘ayriqonuniy usullari to‘g‘risida emas, balki terrorizmga qarshi kurashning soxtalashtirilayotgani ustida borayapti. Umarpashayevning aytishicha, u bir necha oy OMON bazasida saqlangan. Bir necha oydan keyin u qandaydir janggari tomonidan o‘ldirilgan bo‘lib chiqadi. Hamma uchun qulay bir holat...

Cherkasov ko‘rsatuv efirdan Kremlning buyrug‘iga binoan olib tashlanganiga ishonadi.

- NTV bu ko‘rsatuvni ikki hafta efirga chiqarmay ushlab turdi. “Ko‘rsatamiz” deb va‘da berishdi, lekin ko‘rsatishmadi. Ramzan Qodirovning sharhini kutishdi. Checheniston prezidenti sharh berishdan bosh tortdi. Shunday bo‘lsa-da, kanal o‘zining qandaydir ichki to‘siqlaridan oshib o‘tib, havoga uzatdi ko‘rsatuvni. Lekin Uzoq Sharqqa ko‘rsatilganidan keyin, ba‘zilarning aytishicha, tepadan – Kremldanmi, hukumatdanmi, ishqilib, tepadan qo‘ng‘iroq bo‘lgan va efirdan olib tashlangan, - dedi Cherkasov.

Ko‘p yillardan beri Moskva 1994 yildan boshlab ikkita urushni boshidan kechirgan Chechenistonda tartib o‘rnatishda Ramzan Qodirovning qattiq qo‘liga tayanib keladi.

Lekin inson huquqlari himoyachilarining aytishicha, Qodirovning o‘zi va unga sodiq kuch ishlatar idoralar oddiy fuqarolar huquqlarini muntazam ravishda toptab keladi.
XS
SM
MD
LG