Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:51

Rus millatchilaridan kaltak yeb, qamalgan muhojirlar Yevropa sudiga murojaat qilmoqchi


Rossiyada militsiyaning rus millatchilari yonini olishi holatlari ko‘payib bormoqda.
Rossiyada militsiyaning rus millatchilari yonini olishi holatlari ko‘payib bormoqda.
Moskvada avvaliga millatchilar, keyin militsiya xodimlari tomonidan kaltaklangan aka-uka Yunusovlar Shchyolkovo tuman sudi tomonidan aybdor deb topilgach, Rossiya sudida topmagan haqiqatni Yevropa sudidan qidirishga qaror qildi.

Bundan uch yil avval ro‘y bergan voqeada navoiylik aka-uka Ibrohim va Rustam Yunusovlar sodir etmagan jinoyatlari uchun yarim yil qamoq jazosini o‘tab chiqdi. Ular dastlab millatchilar, keyin esa himoya izlab murojaat qilgan militsiyachilar tomonidan kaltaklanadi.

Bu ham yetmaganday, rus taqirboshlari va militsiyachilari aka-uka Yunusovlarni telefon o‘g‘rilaganlikda ayblaydi, Shchyolkovo tuman sudi ularni aybdor, deb e‘lon qiladi.

Voqea tafsilotlarini Ozodlik mubiriga gapirib bergan Ibrohim Yunusovning o‘zi gapirib berdi.

- 2008 yilda biz bir o‘rtog‘imizni kuzatayotgan edik. Soat kechki 11:30 larda Shchyolkovo tumani Sokolovskaya stantsiyasiga chiqib, elektrichkaga kech qoldik. Kissada katta pulimiz ham bor edi. Yo‘lga taksi ushlaymiz, deb chiqyatuvdik 5-6 ta mestniy bollar gap ota boshladi. Bo‘ylari kelishgan, katta-katta bollar ekan. Belarus do‘stimizni “Sen nega churkalar bilan yuribsan?”, deya haqorat qila boshladilar. “Bu bizning territoriya, senlar churkasanlar! Yo‘qol bu yerdan!”, deb baqirdi.

Ozodlik: Mastmidi ular?

- Hammasining qo‘lida pivo bor edi. Biz yo‘lning narigi tomoniga qochib o‘tdik. Ular to‘da bo‘lib orqamizdan yugurdi. Dispetcherskiy domofonini bosib “Oching, bizlar kiraylik, haqorat qilyapti, uryapti”, desam “Ochmayman!”, dedi ichkaridagi odam. Bollar ura boshladi meni, ukamni. Mashina keldi va undan tushgan odam ukamni ura boshladi. Ukamni burnini urib sindirgan bolaning otasi Shcherbakov ekan. Ukamni burnini, ikkita qovurg‘asini sindirishdi. Militsiya kelib bizlarni olib ketib u yerda yana ura boshladi,- deydi Ibrohim Yunusov.

Uning aytishicha, ularni bo‘limga olib kelgan militsiya xodimlari shu kuni o‘z bayramlarini nishonlab o‘tirgan va deyarli hammasi mast holatda bo‘lgan.

- Bilmasam, o‘sha kuni Denь ugolovnogo roziska edi, ular ham kayfi bor edi-da. Ular Shcherbakov bilan bir-birini tanir ekan, o‘rtoq ekan. Ochniy stavkada urgan bolaning otasi ochiqchasiga “Men militsiya xodimlarini shaxsan bilaman”, deb aytdi. Qisqasi, biz aybdor bo‘lib qoldik. 2008 yil oktyabdan 2009 yil aprelgacha yarim yil o‘tirib chiqdik ukam bilan.

Ozodlik: Nima ayb qo‘yilgan sizlarga?

- Telefonini o‘g‘irlabmiz. Gap shundaki, Shchyolkovo sudi menga bir yil uslovno berdi. Yarim yil o‘tirib chiqqanim uchun hozir javob berdi. Menga ikkita statьya bosdi-da: birinchisi, 3 oktyabr kuni, ya‘ni biz kaltaklangan kunimiz Shcherbakov “O‘g‘limning kissasidan telefon o‘g‘irladi”, dedi, bir hafta oldin – otasini telefonini o‘g‘irladi, dedi,- deb eslaydi kaltaklanib telefon o‘g‘risiga chiqarilgan navoiylik Ibrohim Yunusov.

2009 yil aprel oyidan buyon hech qayerga chiqib ketmaslik sharti bilan Shchyolkovoda mehnat qilishni davom etayotgan Ibrohim va Rustam Yunusovlar ishi yuzasidan topshirilgan shikoyat arizasi kuni-kecha yuqori instantsiya sudi tomonidan o‘zgarishsiz qoldirildi.

“Kassatsiya sudi Shchyolkovo sudining qarorini o‘zgarishsiz qoldirib, aslida jabrlangan aka-ukalarni aybdor deb topgan qarorni o‘z kuchida qoldirdi”, deydi Ozodlikka ishni kuzatib borayotgan Moskvadagi “Fuqaroviy ko‘mak” tashkiloti muvofiqlashtiruvchisi Anastasiya Denisova.

- Bu ishning absurdligi aniq ko‘rinib turganiga qaramasdan, sudya ularni aybdor deb topdi. Lekin ularning tergov izolyatorida o‘tirib chiqqan vaqtini hisobga oldi va ularni ozodlikda qoldirdi, shunisiga ham rahmat. Axir prokuror ularga 6 yillik qamoq jazosini berishni so‘ragan edi! 3 yil davomida Yunusovlar nafaqat katta miqdorda harajatlarga tushdi, ularning sog‘ligi juda yomon ahvolda: avvaliga millatchilar, keyin militsiya tomonidan kaltaklangan Ibrohim boshida suyuqlik yig‘ilib qolgan, Rustamning burni, qovurg‘alari sinib ketgan. Biz bu ish yuzasidan endi Yevropa sudiga shikoyat qilamiz,- deydi Anastasiya Denisova.

Huquq faolining so‘zlariga ko‘ra, sudlar ommaviy axborot vositalarida Yunusovlar ishi keng yoritilgani bois aka-ukalarni qamoqqa tashlash haqida qaror chiqarishdan qo‘rqqan. Denisovaga ko‘ra, sudya Shcherbakov “o‘g‘irlangan” telefonidan bir necha kun davomida bemalol qo‘ng‘iroq qilib yurganiga, o‘zbeklar kaltaklanayotganini ko‘rganlarning guvohliklariga ham e‘tibor bermagan.

“Lekin, Yunusovlar ozodlikda qolganiga juda xursandmiz!”, deydi “Fuqaroviy ko‘mak” tashkiloti muvofiqlashtiruvchisi Anastasiya Denisova.

Ibrohim Yunusov 2008 yildan buyon Rossiya fuqarosi, Shchyolkovoda injenerlik kompaniyasida montajchi bo‘lib ishlaydi. Oilali, ikki nafar farzandi u bilan birga Shchyolkovoda istiqomat qiladi. Navoiydan akasi oldiga pul topish ilinjida ish izlab kelgan Rustamning O‘zbekistonda ikki nafar farzandi qolgan.

------------

Yunusovlarni kaltaklaganlikda ayblanayotgan militsiya xodimi sud jarayonida “Nega Yunusovlar militsiya bo‘limida kaltaklandi?”, degan savolga “Biz Yunusovlarni urmadik, chunki ular allaqachon kaltaklangan edi”, deya javob berdi.
XS
SM
MD
LG