Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:11

Atambayev g‘alabasi bilvosita tan olindi


Qirg‘izistondagi prezidentlik saylovida mag‘lub bo‘lgan nomzodlar Almazbek Atambayevning saylovda g‘alaba qozonganini e‘tirof etdilar.

Bu haqda bugun Jo‘g‘o‘rqu Kenesh (mamlakat parlamenti – tahr.) spikeri Axmatbek Keldibekov bildirdi.

Ayni paytda, Keldibekovga ko‘ra, prezidentlikka nomzodlar saylovlar adolatli va ochiq bo‘lishi lozimligini qayd etganlar.

30 oktyabr kuni Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarining dastlabki natijalari chiqqanidan keyin qator nomzodlar saylov natijalarini tan olmasliklari haqida bayonot tarqatgandilar.

Saylovning dastlabki natijalariga ko‘ra, Qirg‘iziston sotsial-demokratik partiyasi lideri Almazbek Atambayev 63 foizdan ko‘proq, Yaxlit Qirg‘iziston partiyasi rahbari Adaxan Madumarov qariyb 14,8 foiz, Ata-Jurt partiyasi lideri Qamchibek Tashiyev 14,3 foizdan ko‘proq ovoz yiqqan, qolgan 13 nomzodning qozongan ovozlari 1 foizga ham yetmagandi.

Kecha parlament spikeri Axmatbek Keldibekov prezidentlikka nomzodlar Qurmanbek O‘smo‘nov, Qamchibek Tashiyev, Adaxan Madumarov, Anarbek Qalmatov, Tursunbay Bakir uulu va Qubatbek Baybo‘lov bilan uchrashib, ular bilan saylovdan keyingi vaziyatni muhokama qilgan. Mazkur uchrashuv 2 noyabr kuni ham davom etgan va unda saylovchilar ro‘yxati bo‘yicha qonunbuzarliklar hamda boshqa masalalar ko‘rib chiqilgan. Nomzodlar uchrashuvida Almazbek Atambayev ishtirok etmagan. Spiker Keldibekov unga Atambayev tomog‘i og‘rib qolgani uchun uchrashuvga qatnasholmaganini aytishganini ma‘lum qildi.

Asnoda parlament spikeri uchrashuv ishtirokchilari o‘zlarini yaxshi tutishganini qayd etdi.

- Ammo odamlar bir-birlari bilan anglashsinlar uchun bunday muzokaralar zarur. Shu vajdan parlament muzokaralar tashkil qildi. Bugun juda samarali suhbat bo‘ldi. Hamma o‘z fikrini aytdi. Hamma Qirg‘izistonda barqarorlik saqlanib qolishini istaydi. Barqarorlik bo‘lmasa, rivojlanish ham bo‘lmaydi, - dedi Axmatbek Keldibekov.

U Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi qonunbuzarliklar bo‘lgani tasdiqlangan saylov uchastkalarini qayta tekshiruvdan o‘tkazishga rozi bo‘lganini, Bishkekdagi 3 uchastka bo‘yicha ovoz berish natijalarini bekor qilishga kelishilganini qo‘shimcha qildi.

Ammo, kuzatuvchilarga ko‘ra, 100 ta uchastkada ovoz berish natijalari bekor qilingan taqdirda ham bu saylov natijalariga yetarli darajada ta‘sir ko‘rsatolmaydi. Shunga qaramasdan, bugun Qirg‘izistonning O‘sh va Jalolobod shaharlarida Adaxan Madumarov va Qamchibek Tashiyev tarafdorlaridan iborat 200-300 kishilik mitinglar bo‘lib o‘tdi.

Xususan, O‘shda norozilik namoyish o‘tkazgan mitingchilar rasmiylar oldiga 4 talab – yakshanba kuni o‘tkazilgan prezidentlik saylovlari natijalarini tan olmaslik, Markaziy saylov komissiyasining iste‘foga ketishi, MSKning qayta saylanishi hamda qayta saylov o‘tkazilishi talablarini qo‘ydilar va buning uchun rasmiylarga 7 noyabrgacha muhlat berdilar.

Jaloloboddagi miting ishtirokchilari ham saylovlar qonunbuzarliklar bilan o‘tganini, unda uchastka saylov komissiyalari faqat bitta nomzod manfaati uchun ishlaganini va bunday saylov natijalarini tan olmasliklarini bildirdilar.

Biroq mitingchilar bilan uchrashgan Jalolobod viloyat gubernatori Azizbek Tursunbayev 30 oktyabr kungi saylovda mahalliy rasmiylar ma‘muriy resurslardan foydalanganiga oid iddaolarni rad etdi.

- Men hech kimni tashviq qilmadi. Hech kimga: “Atambayev uchun ovoz bering”, demadim. O‘zingiz ko‘rib turgandek, Atambayev viloyat bo‘yicha 25 foiz ovoz oldi. Agar ma‘muriy resursdan foydalanilganda, u 70-80 foiz ovoz olishi mumkin edi, - dedi gubernator Azizbek Tursunbayev.

MSK ma‘lumotlariga ko‘ra, yakshanba kuni o‘tgan saylovda Jalolobod viloyati bo‘yicha Qamchibek Tashiyev 42 foiz, Almazbek Atambayev 25 foiz, Adaxan Madumarov esa 24 foiz ovoz olgan.

Ayni paytda dunyodagi qator davlat rahbarlari Almazbek Atambayevning ishonchli g‘alaba bilan tabriklagani ulgurdi.

Atambayevni birinchi bo‘lib 31 oktyabr kuniyoq Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdo‘g‘on telefon orqali qutladi. 1 noyabr kuni esa Turkiya prezidenti Abdulloh Gul ham uni prezidentlik saylovidagi g‘alabasi bilan tabrikladi.

Bugun Atambayev nomiga Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putindan tabrik telegrammasi keldi.

Shuningdek, 2 noyabr kuni Almazbek Atambayevni Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev ham saylovdagi g‘alaba bilan qutladi.

Bunday qutlovdan Gruziya prezidenti Mixail Saakashvili ham chetda qolmadi.

AQSh prezident Barak Obama esa bevosita Almazbek Atambayevni emas, balki prezidentlik saylovini demokratik va osoyishta o‘tkazgan Qirg‘iziston xalqi va hukumatini tabrikladi.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovdan Almazbek Atambayev yoki Qirg‘iziston xalqiga tabrik telegrammasi kelgani haqida esa hozircha hech qayerda xabar qilingani yo‘q.
XS
SM
MD
LG