Линклар

Turklar “gastarbayter” bo‘lganiga 50 yil to‘ldi


Germaniya kantsleri Angela Merkelga ko‘ra, kecha o‘tkazilgan bayram tantanalari bundan 50 yil muqaddam Turkiyadan Germaniyaga kelganlarga minnatdorchilik belgisidir.

Germaniya kantsleri Angela Merkelga ko‘ra, kecha o‘tkazilgan bayram tantanalari bundan 50 yil muqaddam Turkiyadan Germaniyaga kelganlarga minnatdorchilik belgisidir.

Bundan yarim asr muqaddam Germaniya Federativ respublikasi va Turkiya o‘rtasida mehnat migrantlari to‘g‘risida shartnoma imzolangan edi.

O‘shandan buyon turk gastarbayterlari – mehmon ishchilar – Ozodlik tinglovchilaridan birining iborasi bilan aytganda, “gostrboy”larga aylandi.

Faqat turklarga qolganda “gostrboy” so‘zining ikkinchi qismi – “boy”ga urg‘u berish to‘g‘ri bo‘ladi. O‘rta yer dengizining “Turkiya rivyerasi” deb atalayotgan sohilidagi minglab mehmonxonalardan ko‘pchiligini Germaniyada ishlab topilgan pulga o‘sha gostrboylar qurgan, deyishadi.

Birgina Alaniya shaharchasida 800 ta ko‘pqavatli mehmonxona borligini nazarda tutsak, har yili 10 millionga yaqin turistni Turkiya qayerga sig‘dirayotganini tasavvur qilish mumkin.

Germaniya va Turkiya o‘rtasida mehnat migrantlari to‘g‘risidagi shartnoma 1961 yilning 30 oktyabrida Germaniya poytaxti Bonn shahrida imzolangan edi. Shartnomani imzolash tashabbusi Turkiyadan chiqqandi.

Ozodlik radiosi rus xizmati muxbiri Aleksandr Xavroninga ko‘ra, tilga olingan hujjatga Germaniya bilan Italiya o‘rtasida 1955 yili tuzilgan shartnoma andoza qilib olingan.

O‘sha yillari bunday shartnomani Germaniya nafaqat Italiya va Turkiya, balki Gretsiya, Yugoslaviya, Marokash, Portugaliya, Ispaniya va Tunis bilan ham imzolagan.

Germaniyani ham, turklarni ham o‘zgartirib, balki qariyb o‘zgartirib yuborgan hujjatning 50 yilligi shu kunlarda Germaniyada nishonlanmoqda.

Sana munosabati bilan o‘tkazilgan tantanalarda ishtirok etgan Germaniya kantsleri Angela Merkelь, shartnoma imzolanganidan keyingi dastlabki yillarni nazarda tutar ekan, jumladan quyidagilarni aytdi:

- O‘shanda Turkiyadan GFRga aynan qancha odam kelganini ayta olmaymiz. Lekin bir millionning atrofida kelgan, deb hisoblab yuramiz. Ko‘pchilik bir necha yildan so‘ng vataniga qaytib ketdi. Qolganlar ham ko‘pchilikni tashkil qildi. O‘tgan yillar davomida Germaniyada turk jamoasi paydo bo‘ldi. Bugun o‘tkazilayotgan bayram tantanalari o‘sha yillarda Turkiyadan Germaniyaga kelganlarga minnatdorchilik belgisidir. Ular o‘zlari ko‘nikib qolgan muhitdan voz kechib, oilalari, do‘stlarini tashlab, qarorlari qat‘iy ekanligini jasurlik bilan namoyon qila oldilar, uzoq va begona, tili va madaniyati boshqa yurt - Germaniyaga keldilar. Bu qo‘rqmas kishilar tashlagan qadam edi...

Ayni paytda Anqara nazarida Germaniyada yashayotgan turklarga munosabat va umuman, Yevropa Ittifoqining Turkiyaga munosabati ko‘ngildagiday emas.

Germaniyadagi tantanalar arafasida Turkiya bosh vaziri Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Germaniya hukumatini tanqid qildi.

“Bilьd” gazetasiga bergan intervьyusi chog‘ida Erdo‘g‘on: “Germaniya turklarni xavf manbai, deb emas, balki boyish manbai, deb qarashi kerak”, dedi.

Erdo‘g‘onga ko‘ra, Germaniyada yashayotgan turklar ona tili sifatida turk tilini, nemis tilini esa ikkinchi til sifatida o‘rganishlari lozim.

Angela Merkel o‘z chiqishida immigrantlarni Germaniya jamiyatiga integratsiyalash masalasiga ham to‘xtaldi. Uning aytishicha, 2005-2010 yillar orasida immigrantlarni integratsiyalash kurslari uchun Germaniya hukumati bir milliard yevrodan ko‘proq mablag‘ sarflagan.

Ma‘lumotlarga qaraganda, shu kunda Germaniyada 3 million nafargacha turk yashaydi.
XS
SM
MD
LG