Линклар

Yekaterinburgda odam savdosida ayblanayotgan o‘zbekistonlik hibsga olindi


Rossiyada hibsga olingan "odam savdogari" Abdushukur Umurzoqov.

Rossiyada hibsga olingan "odam savdogari" Abdushukur Umurzoqov.

Yekaterinburgda O‘zbekiston huquq tartibot xizmatlari tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan shaxs hibsga olindi.

Ural Federal okrugi Ichki ishlar boshqarmasi maxsus bo‘limi va Xalqaro politsiya xodimlari tomonidan “Ulan-Ude - Moskva” yo‘nalishidagi poyezdda Novosibirskdan Yekaterinburgga ketayotgan O‘zbekiston fuqarosi hibsga olindi.

Bu haqda Ozodlik Radiosiga ma‘lum qilgan Sverdlovsk viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot bo‘limi rahbari Valeriy Gorelix, hibsga olingan shaxs 1957 yilda tug‘ilgan o‘zbekistonlik Abdushukur Umurzoqov ekanligini aytdi.

- U nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro qidiruvda ham bo‘lgan. Qidiruv unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atgan O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari talabi bilan e‘lon qilingan. Sverdlovsk viloyati politsiyachilari uning poyezdda ketayotgani haqida xabar topgach, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi rahbari general Borodinning maxsus buyrug‘i bilan Umurzoqovni hibsga olishga Interpol xodimlari ham jalb qilindi. O‘zbekistonda bu shaxs mahalliy Jinoyat Kodeksining 135-moddasi 2-qismi bo‘yicha, aniqrog‘i odam savdosida ayblanmoqda,- deydi Valeriy Gorelix.

IIB rasmiysining so‘zlariga ko‘ra, qo‘lga olinayotgan paytda “o‘ta xavfli jinoyatchi” ekanligi aytilayotgan Umurzoqov OMON guruhiga qarshilik ko‘rsatmagan.

Svedlovsk Ichki ishlar boshqarmasi tarqatgan xabarnomada aytilishicha, Abdushukur Umurzoqov O‘zbekistonda “tekin ishchi kuchini yollab, Rossiya shaharlariga olib kelgan. U Rossiyada, xususan Yekaterinburgda 100-150 dollar evaziga mardikorlarga 300-500 dollar haq to‘lanadigan ish joyini topib berish va‘dasi bilan ularning pasportlarini tortib olgan”.

O‘zbekistonda ishga yollanganlar xujjatlari bilan birga Yekaterinburgda boshqa shaxslarga topshirilgan. Mardikorlarga Umurzoqov va‘da qilgan pul berilmagan, o‘zbeklar faqat oziq-ovqati uchun mahalliy ish beruvchilar qo‘lida ishlagan.

“Kerak bo‘lmasdan qolgan “gastarbayterlar” poyezdda O‘zbekistonga bir tiyinsiz qaytarib yuborilgan”, deyiladi Svedlovsk Ichki ishlar boshqarmasi rasmiy saytidagi xabarnomada.

“Bilishimcha, qilgan jinoyatlari uchun O‘zbekistonda bu shaxsga nisbatan 8 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin”, deydi politsiya rasmiysi Valeriy Gorelix.

- Hozirda u Yekaterinburg tergov izolyatorida saqlanmoqda va o‘z yurtiga ekstraditsiya qilgunga qadar shu yerda bo‘ladi. Bizda hozircha uni qidiruvda bo‘lganligi haqida O‘zbekistondan yuborilgan hujjatlar bor. Ekstraditsiya qilinishi uchun zarur bo‘lgan qog‘ozlar kelganidan keyin u O‘zbekistonga yuboriladi. Bunga esa yarim yildan kam bo‘lmagan vaqt ketadi,- dedi Sverdlovsk viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot bo‘limi rahbari Valeriy Gorelix Ozodlik bilan suhbatda.
XS
SM
MD
LG