Линклар

Nafaqalar ihtiyoriy (majburiy) plastikka o‘tadi


Plastik kartochkalar endi pensionerlarning ham boshog‘riga aylanadiganga o‘xshaydi.

Plastik kartochkalar endi pensionerlarning ham boshog‘riga aylanadiganga o‘xshaydi.

O‘zbekiston Markaziy banki pensionerlar nafaqasini plastik kartochkalarga o‘tkazish masalasini tartibga solmoqchi.

O‘zbekiston Markaziy banki raisi muovini U. Mustafoyev 19 oktyabr kuni imzo chekkan hujjatda ana shu haqda gap boradi.

Hujjatga ko‘ra bank xodimlari pensionerlardan “o‘z ihtiyorim bilan plastik kartaga” o‘tmoqchiman deb ariza yozdirib olishlari zarur.

Hujjatga ko‘ra bu holat “Joylarda keyingi paytlarda yuzaga kelayotgan muammolar oldini olishga qaratilgan”

O‘zbekiston Markaziy bankining naqd pul aylanmasi bo‘limi mulozimi bilan aynan shu hujjat o‘rtaga qo‘ygan mavzuda suhbatlashdik.

Ismi aytilmasligi sharti bilan suhbatga rozi bo‘lgan mulozim pensionerlarni majburlab plastikka o‘tkazilmoqda degan gap so‘z chiqqanidan keyin, mana shu hujjat qabul qilinganligini aytdi.

Suhbatdoshga ko‘ra plastik kartalarga o‘tish pensionerlar uchun ixtiyoriy:

- Pensionerlarni plastikka o‘tkazish bu ixtiyoriy. Xohlagani o‘taveradi, xohlamagani yo‘q. Plastikka o‘tish ixtiyoriy. Arizasiga asosan bo‘ladi. Ariza bersalar, o‘tkaziladi. Ariza bermasalar, naqdini olib ketaveradi. Ixtiyoriy bu. Ariza bo‘lgandan keyin ixtiyoriy bo‘lib ketadi.

O‘zbekiston Markaziy banki hodimiga ko‘ra plastik kartaga mutlaq o‘tish sari katta qadamlar tashlanmoqda. Bu rivojlangan dunyo tajribasidir deydi mulozim:

- Zamon taraqiyoti bu. Taraqqiy etish kerakku. Yevropa davlatlari, boshqa davlatlar plastik kartochkani yo‘lga qo‘yishgan. Naqd pulni cho‘ntagida ko‘tarib yurmaydi.

Plastikdan hisob-kitob qilib ketaveradi. Xohlasa ana bankomat bo‘ladi.

Bankomatdan naqd pul kerak bo‘lsa, olib ketaveradi. Bizlarda ham xuddi shu. Naqd olmoqchi bo‘lsa, banklarga boradilar. Bank pulini beraveradi qancha kerak bo‘lsa.

Ozodlik: Plastikka o‘tmasdan naqdini qo‘limga bergani durust deyayotganlar ko‘pda pensionerlar bilan gaplashsangiz.

- Bir xillar naqddan ko‘ra plastikni afzal ko‘rayapti. Afzallik tomoni har oyda pulni ishlatmasdan yig‘sa, foiz bor. 4-6-7 foiz pul har oy tashlab beradi. Bir xillari “Men naqd ishlatib qo‘yaman. Plastik beringlar. Plastikda yig‘ib boraman” deydi. Yig‘ib boradida, naqd pul kerak bo‘lsa, bankdan olib ketaveradi.

Ozodlik: Qarorning oltinchi bandida “Pensionerlardan bank xizmati undirilmasligini ta‘minlash lozim” deyilgan.

- Pensionerlardan undirilmaydi aka. Hech qanaqa usluga olinmaydi plastikidan.

Bank mulozimining bu gaplari O‘zbekiston televideniyesida plastik kartochkaning afzalliklari haqidagi eshittirishlar ruhiga uyqash.

Plastik kartaga o‘tish jarayoni turli tovlamachilarni ham urchitdi. “Plastik obanlichkasi” degan “tadbirkorlikning” yangi turi paydo bo‘ldi. Bank mulozimi bunday tovlamachildan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.

- Avvalambor u odamning o‘ziga havola. “Menga foizi kerakmas. Undan ko‘ra bankdan borib olib kelaman” deydigan odam borib bankdan foizini olib kelaveradi. Ko‘chada shunaqa qilib yuradigan bir xillari bor ekan. Plastikni oladida, “men senga olib kelib beraman” deb o‘g‘irlab ketganlar ham bor.

Shuning uchun birovga berish kerak emas. Naqd pul kerak bo‘lsa, ana bankka boradilar, qancha xohlasa olaveradilar. Xohlasalar hammasini olsinlar, xohlasalar yarmini. Unda muammo yo‘q. Lekin ko‘chadagilarga bir xillar berib yuboradi kartochkasini. Shu bilan o‘g‘irlab ketdi. Shu bilan keyin “yo‘qotib qo‘ydim, o‘g‘irlab ketdi” deb bankka keladilar. Keyin bankni ayblashga tushishadi bular. Ko‘pchilik mana shunaqa qilib yuribdi hozir. O‘zining kartochkasini birovga bermaslik kerak. Naqd pul kerak bo‘lsa, bankka murojaat qiladilar. Bankda naqd pulini olaveradilar. Foizsiz. Hech qanaqa ustama olinmaydi.

Ozodlikka murojat qilayotgan pensionerlar banklarga naqd pul so‘rab murojaat qilishganida rad javobini olishganidan nolishadi:

Bunday holatda Markaziy bank ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilishsin deydi mulozim ozodlik bilan suhbatda.

- Respublika Markaziy bankining naqd pul mablag‘lari va plastikka doir ishonch telefoni: 236-38-39. Shunaqa yomon muomala qiladigan bo‘lsa, shu telefonga chiqib aytsin. Bizlar uning chorasini ko‘ramiz.
XS
SM
MD
LG