Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:47

Rossiya "O‘zbekiston havo yo‘llarini" ogohlantirdi


Konvertatsiya muammosi O‘zbekiston havo yo‘llarini "bo‘g‘ib" qo‘yishi mumkin.
Konvertatsiya muammosi O‘zbekiston havo yo‘llarini "bo‘g‘ib" qo‘yishi mumkin.
Rossiya transport vazirligi O‘zbekistonda sotilgan biletlardan tushgan pul konvertatsiyasiga imkon berilmasa, "O‘zbekiston havo yo‘llari" aviakompaniyasining Rossiyaga reyslari sonini qisqartirishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Rossiya Transport vazirligi O‘zbekiston milliy valyutasi – so‘mda sotilgan biletlardan yig‘ilgan pulni konvertatsiya qilishda muammolarga duch kelmoqda.

Vazirlik o‘zbek so‘mi hisobida sotilgan biletlardan yig‘ilgan mablag‘ni ayirboshlash imkonini berish talabi bilan O‘zbekiston aviatsiya rahbariyati va hukumatiga bir necha marotaba murojaat qilgan, deydi Ozodlik bilan suhbatlashgan Rossiya Transport vazirligining Jamoatchilik aloqalari bo‘limi boshlig‘i Temur Hikmatov.

- O‘zbekistonga samolyotlari uchadigan Rossiyaning uchta aviakompaniyasida yig‘ilib qolgan va konvertatsiya qilish imkoni bo‘lmagan mablag‘ bugungi kunda taxminan 54,5 million AQSh dollarini tashkil etadi. Shu munosabat bilan biz o‘zbekistonlik hamkasblarimizga, hukumatga qilgan bir nechta murojaatimizga hozircha javob ololganimiz yo‘q,- deydi Rossiya trasport vazirligi rasmiysi.

Temur Hikmatovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonga Rossiyadan “Aeroflot”, “Transaero” va “Yuteyr” aviashirkatlar samolyotlari uchish huquqiga ega va aynan shular o‘zbek so‘mini valyutaga konvertatsiya qilish muammolari bilan to‘qnashmoqda.

Ozodlik Radiosining yuzaga kelgan vaziyat masalasida uchchala aviashirkatiga qilgan murojaati javobsiz qoldi.

Bu kompaniyalarga qarashli samolyotlar Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida haftasiga jami 14 reys amalga oshiradi.

Rossiya aviashirkatlarining o‘z mablag‘larini konvertatsiya qila olmayotgani sabablari va Rossiya Transport vazirligining bu masala yuzasidan qilgan rasmiy murojaatlari nima sababdan javobsiz qolmoqda, degan savolga “O‘zbekiston havo yo‘llari” izoh berishdan bosh tortdi.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” shirkatining axborot bo‘limi rahbari Feruza Qurbonova ommaviy axborot vositalarida Rossiya Transport vazirligining iddaolari va talablariga oid tarqatilayotgan ma‘lumotlarni o‘ydirma, deb atadi.

- Bu yolg‘on ma‘lumot. Umuman bu haqda sizdan birinchi marta eshitib turibman. Bizda bunday xabar yo‘qligi tufayli biror izoh ham bera olmayman. Rossiyaga biletlar shaharlarimizning barcha aviakassalrida bemalol sotilyapti,- dedi “O‘zbekiston havo yo‘llari” shirkati vakili.

Ta‘kidlash joiz, o‘zbek so‘mi 2004 yildan beri konvertatsiya qilinadi. Shunga qaramay, O‘zbekistonda dollar, yevro va boshqa valyutalarni sotib olish katta muammoga aylangan. Qora bozorda valyuta qimmatroq narxda sotiladi.

2011 yilning avgust oyidan boshlab, hukumat tomonidan O‘zbekistondagi aviabiletlar faqat xorij valyutasiga sotilishi haqida qaror chiqarilgan. Shuningdek, xorijliklarga mahalliy so‘mga bilet sotilishi man etilgan. Uchib borayotgan joyi O‘zbekiston hududidan tashqarida bo‘ladigan bo‘lsa, mamlakat aholisiga ham o‘zbek so‘miga bilet sotish, qarorga binoan mumkin emas.

Rossiya rasmiylarining konvertatsiya masalasida Toshkentga qilgan murojaatlari natijasiz qolayotganini ta‘kidlagan Rossiya Transport vazirligi rasmiy vakili Temur Hikmatov, bunga javoban o‘zbek aviashirkatiga nisbatan muayyan choralar qo‘llanilishi mumkinligini aytadi.

- Konvertatsiya qilinmagan pul miqdori to‘planib qolmoqda. Shuning uchun, agar muammo hal etilmasa, biz havo aloqalari kelishuvlariga binoan yo‘lovchi tashuvchi shirkatlarimiz manfaatlarini ko‘zlagan holda O‘zbekiston aviakompaniyasiga nisbatan cheklov joriy qilishga majbur bo‘lamiz. Menimcha, ikki mamlakat o‘rtasida yaxshi aloqalarning rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan konvertatsiya muammosi sabablarini O‘zbekiston qonunchiligida izlash zarur. Axir pul konvertatsiyasi muammosidan Rossiyaning nafaqat aviashirkatlar, balki avtoshirkatlari, savdo va ishlab chiqaruvchi kompaniyalari zarar ko‘rmoqda,- deydi Rossiya Transport vazirligining Jamoatchilik aloqalari bo‘limi boshlig‘i Temur Hikmatov.

1992 yilda tashkil topgan “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida 1,06 million yo‘lovchi tashidi.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” o‘tgan 2010 yilda 23523 ta reysni amalga oshirib, ikki milliondan ziyod yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi, 50 ming tonna yuk tashidi.

Respublika bo‘ylab Milliy aviakompaniyaga qarashli 11 aeroportdan oltitasiga - Toshkent, Samarqand, Buxora, Urganch, Termiz, Navoiy aeroportlariga xalqaro maqomi berilgan.
XS
SM
MD
LG