Линклар

Toshkentdagi avtomobillar gazga qiynalyapti


Toshkentda gaz quyish shoxobchalarida yuzlab mashinalar to‘planib qolayotgani kuzatilmoqda.

Toshkentda gaz quyish shoxobchalarida yuzlab mashinalar to‘planib qolayotgani kuzatilmoqda.

Avtomashinalari gazda ishlaydigan haydovchilar uch kundan buyon to‘rt-besh soatlab navbat kutmoqdalar. Rasmiylar buning sababini gaz ta‘minotidagi qiyinchiliklar bilan emas, balki gazda ishlaydigan avtomobillarning ko‘payganligi bilan izohlamoqdalar.

Toshkentdagi avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarining barchasida uch kundan buyon yonilg‘i tortilgan. Har bir shoxobchada 200-300 dan ortiq mashinalar navbati vujudga kelgan.

Toshkent shahrida shartnoma bo‘yicha kirakash bo‘lib ishlayotgan Saidmurod Aliyev bilan mashinasiga gaz quyish uchun navbatda turgan paytida bog‘landik. 3 soatdan buyon navbatda turibman, deya gap boshladi suhbatdoshimiz:

- Hozir ham kak raz ocheredda turibman. Taxminan kamida 200-300ta moshina bor. Ikki soat, uch soat, inogda to‘rt soat ocheredda turyapmiz. Sovuq bo‘lgandan keyin gazning davleniyesi tushib qoldimi, bilmadim. Gazning davleniyesi tushgandan keyin kompressorlar yaxshi ishlamaydi. Shaharda gaz zapravka kam. Mashina kundan kunga ko‘payayapti. Benzin esa bemalol. It ham yo‘q zapravkada. Mana hozir Medgorodokda turibman. 14 ta zapravka bor bu rayonda. To‘rttasi ishlamayapti. 10 tasi ishlayapti. Uning ham yarmi gruzovoy, yarmi yengil mashinaniki. Qiyinda. Trubadan kelishi kam. Tagi yo‘qda. Tagi kam, tagi,- deydi kirakash.

Saidmurod Aliyevning aytishicha, gaz quyish shoxobchalari xodimlari bu holatni quvurlarda gaz bosimining pasayganligi bilan izohlamoqdalar.

Biroq Toshkentdagi “Avtogazta‘minot” korxonasining o‘zini Mirvohid deb tanishtirgan xodimiga ko‘ra, gaz ta‘minotida hech qanday uzilish bo‘lgani yo‘q, gaz quyish shoxobchalarida katta navbatlarning vujudga kelishiga esa shaharda gazda ishlaydigan avtomobillarning ko‘paygani va gaz quyuvchi shoxobchalarning kamligi sabab bo‘lmoqda:

- Bu ochered bo‘lgani moshinaning ko‘pligiga-de. Endi hamma gazga o‘tib ko‘payayotganligi. Gaz har doimgiday olinayapti, berilayapti. Gaz sotilayapti. Prosto odam ko‘payib ketayapti. Ochered ko‘payib ketayapti. A tak, gaz yetkazib berilayapti. Gaz ularda bor.

Ozodlik: Gaz bor, lekin quvurda gaz kam ekan, shuning uchun kompressorlar yaxshi ishlamayapti ekan, deyishayapti.

- Kompressorning ishlamayotgani zapravkalarning o‘zini aybi. Kompressorga biz javob bermaymiz. Zapravkalar bizlardan gaz olishadi. Bizlar ulaga gaz yetkazib beramiz truba orqali bo‘ldi. Yetarli miqdorda gaz yetkazib berilayapti. Ha, gaz bor ana. Prosto o‘shaning atomosferasi kam bo‘lgani uchun kompressorda sekin urilayapti. Shuning hisobiga ochered bo‘lib ketayapti hamma joy. Butun oblastda shunaqa. Mashina ham ko‘payib ketgan. Toshkentda esa zapravka kam,- deydi Toshkentdagi “Avtogazta‘minot” korxonasining xodimi.

Toshkent shahrida avtomobillarning gazga qiynalishi bilan bog‘liq muammo O‘zbekiston viloyatlarida aholiga yetkaziladigan tabiiy gaz tanqisligi avj olgan paytga to‘g‘ri kelmoqda. Har yili havo harorati sovushi bilan quvurlardagi gaz bosimi keskin darajada pastga tushib ketadi, aholi uylarini istish va xo‘jalik ehtiyojlari uchun gaz yetishmovchiligidan qiynala boshladyi.

O‘zbekiston Vazirlar mahkamasi topshirig‘iga ko‘ra, o‘tgan oyda Toshkent shahri va viloyatlardagi yuzdan ortiq korxona va tashkilotlar hamda xususiy tadbirkorlik sub‘ektlari 2011-2012 yilgi kuz-qish mavsumida markaziy gaz ta‘minotidan uzila boshladi. Bu korxona va tashkilotlar rahbarlariga muqobil yoqilg‘i turlariga o‘tish taklif qilindi.

O‘tgan oyda Vazirlar mahkamasi ko‘rsatmasiga ko‘ra, Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlari rasmiylari aholini bu yil qishda tabiiy gaz bo‘lmasligidan ogohlantirib, ko‘mir g‘amlashni tavsiya qilgan edilar.

O‘zbekiston har yili xorijga 10 milliard kubometr gaz eksport qiladi. Biroq mamlakat ichki bozoridagi gaz ta‘minotida uzilishlar muntazam kuzatiladi.
XS
SM
MD
LG