Линклар

DAN xodimi endi joyida jarima olmaydi


O‘zbekistonda DAN xodimlari poraxo‘rligini va umuman korruptsiyani qonunlarni o‘zgartirish bilan hal etib bo‘lmaydi, deydi ichki ishlar vazirligi mutaxassisi.

O‘zbekistonda DAN xodimlari poraxo‘rligini va umuman korruptsiyani qonunlarni o‘zgartirish bilan hal etib bo‘lmaydi, deydi ichki ishlar vazirligi mutaxassisi.

O‘zbekiston Oliy majlisi muhokama qilayotgan yangi tartibga ko‘ra, bundan keyin haydovchilar qonunbuzarlik qilib ushlangan joyida jarima to‘lamasligi ko‘zda tutiladi.

"O‘zbekiston ma‘muriy javobgarlik Kodeksining 283- va 291- moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish" to‘g‘risidagi qonun loyihasida yo‘l patrul inspektorlariga haydovchilardan voqea joyida jarima undirish qat‘iyan man qilingan.

O‘zbekistonlik haydovchilar militsiya xodimlarining poraxo‘rligi haqida shikoyat qilib keladi.

O‘zbekiston Oliy majlisida qabul qilinishi kutilayotgan bu qoidalar O‘zbekistonda fe‘lan joriy bo‘lganini Ozodlikka bildirgan O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi mulozimi pora bilan qo‘lga tushgan DAN xodimlaridan bir nechtasining ishi sudga oshganligini bildirdi.

- Ular nafaqat ishdan haydaldi, balki ishi sudga oshib qamalganlari ham bo‘ldi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining ismi aytilishini istamagan mulozimi ayni vaqtda DAN xodimlari qonunbuzar haydovchilardan voqea joyida jarima undirmayotganini ham qo‘shimcha qildi.

Suhbatdoshga ko‘ra, bu holatda qonunbuzar haydovchi jarimani bankka to‘lab chiptasini DAN hodimiga keltirib berishi lozim bo‘ladi.

Toshkent shahar DAN boshqarmasida kompyuter mutaxassisi bo‘lib ishlaydigan yigit Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda O‘zbekiston DAN tizimlarida korruptsiya darajasi o‘zgarishsiz qolayotganidan gapirdi.

Uning aytishicha, Oliy majlis poraxo‘r DAN xodimlari masalasini ko‘rishidan oldin bir nechta poraxo‘r DAN xodimlari ho‘jako‘rsinga jazolangan.

Suhbatdoshga ko‘ra, bu xolat umumiy manzarani o‘zgartirmaydi.

- DAN xodimini poraxo‘rlikda ayblab qo‘lga olgan ichki ishlar vazirligi xodimining mashinasidan tortib dang‘illama hovlisigacha pora hisobidan bo‘lgandan keyin qanaqa islohot haqida gapirish mumkin, deydi suhbatdosh.

O‘zbekiston Oliy majlisi DAN islohoti haqida muhokamalar qilar ekan, dunyo andozalariga bir qarab qo‘ysa bo‘lar edi, deydi DAN xodimlari o‘zboshimchaligidan tazyiq ko‘rgan toshkentlik haydovchi Saidazim Saidahrorov.

- Singapur, Yangi Zellandiya va Shvetsiyada eng maukammal yo‘l patrul politsiya tizimi mavjud, biz shundan o‘rnak olsak bo‘lar edi¸ deydi asli kasbi ingliz tili muallimi bo‘lgan 27 yashar toshkentlik haydovchi.

O‘zbekiston ichki ishlar vazirligi mulozimi esa Yevropa tajribasi o‘zbekistonga to‘g‘ri kelmasligini aytadi.

- Mopassan degan yozuvchi aytib ketgan sharqdagi narsa janubga to‘g‘ri kelmaydi, g‘arbniki sharqqa deb. O‘shandan kelib chiqsak, g‘arbniki bizga to‘g‘ri kelmaydi. Bizning o‘z yo‘limiz bor, o‘zimizga mos, deydi militsiya rahbari.

Yo‘l-patrul politsiyasi sohasidagi Yevropa tajribasini qo‘llagan sobiq Sovet davlatlari orasida Gruziya alohida o‘rin tutadi.

Gruzin jurnalisti Okropir Ruhadzega ko‘ra, Gruziyada islohot boshlanganda yo‘l harakati inspektsiyasi xodimlarining hammasi bir kunda ishdan haydalgan.

- 60 ming kishini birdan ishdan haydashdi. Gruziyada GAI bir kunda odamlarga dahshat soluvchi qaroqchilar to‘dasidan haydovchilarga xizmat ko‘rsatuvchi xizmatga aylandi.

Umrida politsiyada ishlashni hayoliga keltirmagan yosh va bilimli kadrlar politsiyaga ishga olindi. O‘rtacha ish haqi 200 dollar bo‘lgan Gruziyada DAN xodimlari oyligi 600 dan 1000 dollargacha qilib belgilandi. Bundan tashqari butun trassalar radar robotlar bilan jihozlandi,- deydi gurji jurnalisti.

Gruziyadagi DAN islohoti mamlakat byudjetiga katta pulga tushmoqda ammo samara ham shunga loyiq deydi Okropir Ruhadze.
XS
SM
MD
LG