Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:22

Ikrom Yoqubov Britaniyada 8 oy shartli qamoq jazosiga tortildi


Ikrom Yoqubov Portugaliya haydovchilik guvohnomasini Lissabonga o‘ta maxfiy topshiriq bilan borgan paytda qonuniy ravishda olganini iddao qilgan.
Ikrom Yoqubov Portugaliya haydovchilik guvohnomasini Lissabonga o‘ta maxfiy topshiriq bilan borgan paytda qonuniy ravishda olganini iddao qilgan.
O‘zbekistonlik sobiq josus Ikrom Yoqubov Britaniyada soxta haydovchilik guvohnomasi bilan qo‘lga tushdi.

Britaniyadagi Kingston tuman jinoiy sudining 4 noyabr kungi mahkamasi O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining sobiq zobiti Ikrom Yoqubovni soxta haydovchilik guvohnomasi bilan mashina boshqarganlikda aybdor deb topdi.

Sud Ikrom yoqubovni 8 oy shartli qamoq jazosiga hukm qildi. Jazoning sinov muddati bir yil qilib belgilandi.

Ayni paytda sud Yoqubovni axloq tuzatish ishlariga jalb qilish haqida ajrim chiqardi.

Sud mobaynida prokuror Yoqubovni O‘zbekistonga deportatsiya qilish talabini ham qo‘ygan, ammo bu talab yuzasidan biror qaror qabul qilinmagan.

Britaniya qonunlariga ko‘ra uzoq muddat yashash huquqini olganlar dastlabki 5 yil muddatda huquqbuzarlik qilishsa, mamlakatlariga qaytarilishi mumkin.

Ayni paytda Yoqubovning deportatsiyasi masalasi ochiq qolgan. 2008 yil qochqinlik maqomi olgan yoqubovning vizasi muddati 2013 yilda yana ko‘rib chiqiladi.

Sud hujjatlariga ko‘ra Yoqubov qo‘lga olinganida u yonidagi soxta guvohnomani MXX da ishlagan paytda Lissabonga ish safari bilan borib olganligini aytgan.

Kingston tumani jinoiy mahkamasi Ikrom Yoqubovning haydovchilik guvohnomasini Portugaliyaga qilgan o‘ta maxfiy ish safari chog‘ida qonunan olganiga oid ko‘rsatmasini rad etgan.

Britaniya politsiyasi Yoqubovga oid haydovchilik guvohnomasining qalbaki ekanligini aniqlagan.

Mahkamani yoritgan Daily Mail chiqargan maqolaga ko‘ra, O‘zbekistonda davlatga xiyonat qilganlikda aybdor, deb topilganini da‘vo qilgan Ikrom Yoqubov hakamga: "Bu men uchun hayot va mamot masalasi. Men bu mamlakatda toza nom bilan yashashni istayman," deb aytgan.

Ikrom yoqubov 2008 yilda Britaniyaga o‘zbekistonlik inson huquqlari faoli Sur‘at Ikromovning tarjimoni sifatida 6 oylik viza bilan kirib kelgan.

Sur‘at Ikromovning Ozodlikka aytishicha, Ikrom Yoqubov O‘zbekistonga qaytgan taqdirda unga jiddiy xavf-xatar yo‘q.

- U O‘zbekistondan chiqish vizasi va Britaniyaning 6 oylik vizasi bilan chiqib ketdi. Biz u bilan Londonga birga bordik. Keyin u oxirgi daqiqada qolish niyatini bildirdi. Men ixtiyoring dedim, deydi Sur‘at Ikromov.

Quyida Sur‘at Ikromov bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin.



2008 yil sentyabrida Britaniyadan siyosiy boshpana so‘ragan Ikrom Yoqubov o‘zining O‘zbekiston xavfsizlik xizmatining sobiq zobiti ekanini da‘vo qilgan.

Sur‘at IkromovYoqubovning haqiqatdan ham SNB zobiti ekani va O‘zbekiston Xavfsizlik kengashida ishlaganini tasdiqlar ekan, Ikrom Yoqubovning juda katta sirlarga dohil emasligini aytdi.

- O‘zbekistondan chiqib ketgandan keyin Yoqubov internetda turli iddaolar bilan chiqdi. Meni hayron qoldirgan narsa, O‘zbekistonda bu yuzadan deyarli hech qanday reaktsiya bo‘lmagani. yoqubovning Londonga safarini men uyushtirgan edim. Meni hech kim chaqirib so‘roq-savol qilmadi.

2008 yilda Ikrom Yoqubov Londonda siyosiy boshpana olib Ozodlik, Bi-Bi-Si va NyusNayt kanallarida O‘zbekiston milliy xavfsizlik xizmati sirlarini bilaman deb iddaolar qilgan edi.

2008 yili O‘zbekiston MXX matbuot xizmati kotibi Olimjon To‘raqulov Ozodlikka Ikrom yoqubov iddaolari jiddiy emas deya bildirgan edi.

Olimjon To‘raqulov: U yozgan narsalarini o‘qib ko‘rsangiz, hech aqlga sig‘maydigan narsalar. Jinni odamning yozgan bo‘htonlari. U yerda bildirilgan narsalar ichida fikr bildirishga arziydigan dalil ham, mantiqqa to‘g‘ri keladigan narsalar ham yo‘q.

2008 yilda Yoqubov rasmiy Toshkent O‘zbekiston islomiy harakatini boshqarmoqda degan iddaoni ham ilgari surgan edi.

Bu iddao O‘IH raddiyasiga sabab bo‘lgan edi.
XS
SM
MD
LG