Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 04:21

O‘zbekistonliklar axlatxonada yo‘qoldi


Namanganlik Abduvali Mamadaliyev Rossiyada bedarak ketgan 5 nafar farzandini qidirmoqda. Uning aytishicha, Rossiyaga ikki yil avval mardikorlik qilgani kelgan farzandlari Moskva axlatxonalaridan birida majburan ushlab turilibdi. Namanganlik opa-ukalar “axlat mafiyasi” qo‘liga tushganini tahmin qilinmoqda.

54 yoshli Abduvali aka mana ikki yildirki Rossiyaga pul ishlagani kelgan yoshlari 18 dan 21 gacha bo‘lgan besh nafar farzandini qidirib yuribdi.

Voqea tafsilotlarini Ozodlik Radiosiga gapirar ekan, u Moskva shimolida joylashgan axlatxonalardan birida baland panjara ortida ishlayotgan o‘g‘illarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini aytadi.

- Mening bolalarim 2009 yilning dekabr oyida Moskvaga kelgan. To‘rtta o‘g‘lim, bir qizim. Avtobusda kelganidan keyin, chaqirgan firmasi bularni qabul qilmagan. Avtobus ichidagi bir tojik yigit “Men bularga ish beraman”, deb menga telefon qildi. Roziligimni olib u olib ketgan ularni.

Ozodlik: Qayerga olib ketganini aytmadimi?

- U Ximki shahridagi musorniy svalkaga olib borgan. Bolalarimdan so‘rasam, haqiqatan Ximki shahrida ekan. Men 2010 yil 27 aprelda kelib ularni izlashni boshladim. Ximkiga borsam, u yerda chiqindixona poligoni nachalnigi “Bu yerda birovlar yo‘q”, dediyu meni yuqoridan kelgan “ZIL” musorovoziga o‘tirgizib yubordi. Boyagi shofyorga aytibdiki, “O‘zoqqa olib borib tashla buni”, debdi. Uch kundan keyin yana keldim. O‘sha oxrannik meni yana qo‘ymadi. 17 joyga borib yana shu Ximkiga keldim,- deydi Abduvali Mamadaliyev.

U axlatxona atrofida aylanib yurganida, uyulib turgan axlat tepasida uchta o‘g‘lini ko‘rib qolgani va ularni taniganini gapirib berdi.

- Shu yilning may oyida yuqorida ko‘rdim bolalarimni! Yuqorida plastmassa terayotganida men ko‘chada katta trassada turib aylanib yurgandim. Shapkalarimni otib baqirsam ham qaramadi ular. Aniq uchta o‘g‘limni ko‘rdim. Ximka shahri Leviy bereg ko‘chasida 60 metrgacha balandlikda bo‘lib ketgan chiqindi tepasida bolalarim terib yurarkan. Yotoq joyi ichkarida ekan. Hech kimni qo‘ymas ekan. Tojik bolalar ishlarkan, ular bemalol magazinlarga chiqib yurarkan, o‘zbek bolalarni chiqarmas ekan hech qayoqqa. Men ular bilan 14 yanvargacha, ya‘ni 23 kun aloqada bo‘lganman. 14 yanvar soat 11 da ular “Dada, har bir oyda gaplashaylik, bizdan ham sizdan pul ko‘p ketib qolyapti. Ahmad aka shunday deyapti”, dedi. Ahmad-bu o‘sha avtobusdagi tojik bola. 14 fevralni kutdim. Javob yo‘q. 19 aprelda keyin bu yoqqa junadim izlagani. Mana apreldan beri shu yerdaman,- deydi beshta farzandini Moskvada yo‘qotib qo‘ygan namanganlik Abduvali aka.

Abduvali Mamadaliyev o‘z farzandlarini izlab murojaat qilmagan idora qolmaganini aytadi. Shu yilning may oyidan buyon Krasnogorskda qurilishda ishlayotgan xo‘jandlik o‘zbek mardikorlarinikida yashab yurgan o‘zbekistonlik yana qayerga bosh urishini bilmasligini gapiradi.

“Dastlab shu yilning may oyida uchastkovoy militsiyaga murojaat qildim”, deya davom etadi Abduvali aka.

- Arizani uchastkovoy o‘zi yozdi, men qo‘l qo‘ydim. “Mana, bu yerda o‘zbeklar yo‘q”, dedi. Bilsam, yashirib qo‘yarkan. Men shuning uchun topolmay chiqdim. O‘sha chiqindixonaga uch marotaba kirdim militsiya bilan. Yaqinda O‘zbekistondan elchixonamiz arizani qabul qildi, uni Ximki ugolovniy rozisska berdi. Jinoyat qidiruv bo‘limi eplolmadi. Besh kundan keyin meni nachalnik militsiyasi podpolkovnik Chepegin chaqirib, “E, hozir olib kelaman, bu bizning territoriya”, deb ketdi. Bolalarim Sheremetьevo svalkasida ekan. Xursand bo‘lib tursam, bir yarim soatlardan keyin boyagi podpolkovnik “otstavit” qilib boshini qimirlatib qoldi. “Sening vaziyating juda og‘ir”, dedi. Svalkaning nachalnigi unga “K...ni qis!”, deganda telefon qilib so‘raganda. Ertasiga Sheremetьevo svalkasiga ketayotganimda, Tushino metrosida militsiya olib ketib mendan pul talab qildi. “Pul yo‘q, shunaqa ahvolim, bichman”, desam qo‘yvormadi. Podpolkovnikka telefon qildim, u milisani so‘kib “Vaziyatini ko‘rmayapsanmi. Qo‘yib yubor buni!”, degandi qo‘yvordi boyagilar.

Bundan tashqari, men Moskva viloyati FMS boshlig‘iga bordim. U “Bizda avtomat-qurolimiz yo‘q. Sen yaxshisi kriminalniy politsiyaga bor”, dedi. Bugun ozgina ishimiz bor edi - ularni izlash uchun pul kerakku, shunga bora olmadim. Ertaga borsammikan politsiyaga, deb o‘tiribman,- deydi ikki yildan beri Moskvada farzandlarini qidirib yurgan 54 yoshli namanganlik Abduvali Mamadaliyev.

Bu ishni kuzatuv ostiga olgan Moskvadagi “Fuqaroviy ko‘mak” tashkiloti rahbari Svetlana Gannushkina Ozodlik bilan suhbatda opa-uka Mamadaliyevlar qudratli “axlat mafiyasi” qo‘liga tushib qolgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.

“Chiqindi biznesi bilan bog‘liq bunday vaziyatlar bizda birinchi marotaba uchrayotgani yo‘q”, deydi Gannushkina.

- Bu axlatxonalar hatto Sovet davrida ham mustaqil tuzulmalar kabi ishlab kelgan. Bu biznes, katta biznes! Sovetlar davrida shunaqa ahvol bo‘lgan bo‘lsa, hozir u yerda nima bo‘layotganini tasavvur qilib ko‘ring... Ular doimo yopiq, hech kimni kiritmaydi. Axir bu biznes yo‘q joydan millionlab dollar daromad oladigan joy-ku! U yerda odamlarni ushlab majburan ishlatayotgani turgan gap. Axlatxonada odamlarni qullikda saqlash holati Oryol shahrida ham bo‘lgan edi. Biroq mahalliy huquq-tartibot idoralarining bu ishga aralashishdan bosh tortgandi. Bu ishni hatto sudgacha olib bordik, lekin qul mehnatidan foydalanganini isbotlab bera olmadik. Mamadaliyev esa kurashni davom etishi kerak,- deydi “Fuqaroviy ko‘mak” tashkiloti rahbari Svetlana Gannushkina.

Abduvali Mamadaliyev Ozodlikka o‘z farzandlarining fotosuratlarini berib, ularni uchratgan yoki ular haqida biror ma‘lumotga ega bo‘lganlar Ozodlik Radiosi orqali xabar berishlarini so‘radi.

Moskva viloyatidagi Ximki yoki Sheremetevo axlatxonalarida bo‘lishi mumkinligi taxmin etilayotgan Abduvali Mamadaliyevning farzandlari ro‘yxati:

1. Mamadaliyeva Umida – 1980 yilda tug‘ilgan;
2. Mamadaliyev Muhammad – 1981 yilda tug‘ilgan;
3. Mamadaliyev Musallam – 1985 yilda tug‘ilgan;
4. Mamadaliyev Maqsudxon – 1989 yilda tug‘ilgan;
5. Mamadaliyev Muhammadali – 1993 yilda tug‘ilgan.
XS
SM
MD
LG