Линклар

Toshkentda bir necha kun kuzatilgan benzin taqchilligidan so‘ng hayit kunlari yonilg‘i quyish shoxobchalarida yana benzin paydo bo‘ldi. Norasmiy xabarlarga ko‘ra, hayit kunlari poytaxtda benzin taqchilligini yengillashtirish uchun tegilmas zaxira yonilg‘isidan limit ajratilgan.

O‘zbekistonda benzin va dizel yonilg‘isi ta‘minotida muammolar paydo bo‘lganiga ancha bo‘ldi. Yonilg‘ining bu turlari AYoQShlarda bir paydo bo‘ladi, bir yo‘q bo‘ladi.

Norozilik bo‘lmasin deb...

Toshkentda taqchillashgan benzin hayit kunlari yana paydo bo‘ldi. Bu haqda toshkentlik kirakash Saidmurod aka bunday deydi:

- Hozir hammasi joyiga tushdi. Benzin ham, gaz ham joyiga tushdi. Bayram uchunmi, normallashib qoldi,- deydi Saidmurod aka.

Biroq suhbatdoshimizning bundan keyin benzin erkin sotilishiga ishonchi komil emas. “O‘zneftmahsulot” kompaniyasida ishlaydigan tanishim, “hayit kunlari norozilik kuchaymasligi uchun tegilmas zaxiradan benzin ajratilganini aytdi”, deydi u.

Biroq O‘zbekistonning aksariyat viloyatlarida hayit kunlari ham benzin sotuvda juda kam bo‘ldi.

Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro, Samarqand, Sirdaryo viloyatlarida ham benzin va dizel yonilg‘isi sotuvda deyarli yo‘q. Onda sonda shoxobchalarga keltiriladigan benzinga tumonat navbat bo‘ladi. Ulgurgan oladi, ulgurmagan yo‘q. Qo‘lda sotiladigan benzinning narxi esa bir-yarim ikki baravarga qimmatlashadi:

- Benzin juda qiyin bo‘lib ketdi. Redkiy-redkiy bo‘ladi-da. Qo‘lda ikki yarim ming so‘mgacha chiqib ketyapti,- deydi Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida yashaydigan Adhamjon.

Neft kam bo‘lsa benzin qaydan bo‘lsin

O‘zbekistonda benzin va dizel yonilg‘isi ikkita katta korxona - Farg‘ona va Buxoro neftni qayta ishlash zavodlarida ishlab chiqariladi.

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining o‘zin tanishtirmagan mutaxassisining aytishicha, benzin taqchillaganining asosiy sababi zavodning to‘la quvvat bilan ishlamayotganida:

- Buning sababi neft yo‘q, xom ashyo kam, shunga mahsulot ishlab chiqarish ham kamayayapti,- dedi zavod mutaxassisi.

Shu zavodda ishlab pensiyaga chiqqan Ismoil Mallaboyevning ham sobiq hamkasblari gaplariga tayanib aytishicha, xom ashyoning yetmayotgani zavodning to‘la quvvat bilan ishlamayotganiga sabab bo‘lyapti:

- Sababi neft yo‘q. Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodiga kelaëtgan dastlabki xom ashë neftdan eng yengil fraktsiyalarni ajratib oladigan beshta qurilma bor. Ularni atmosferniy vakumniy deydi. Birinchi navbatda neft ana shu qurilmalarga kiradi. Ana shu beshta qurilmadan faqat ikkitasi ishlayapti ekan, neft tanqisligi sabab. Ko‘chalardagi ëqilg‘i quyish shoxobchalarida ham tanqislik kundan kunga ortib, ayrimlari hatto bekitdi ham. Shaxsiy mashinasi borlar “ëqilg‘i narxi kundan kunga oshayapti” deyishayapti,- deydi Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining sobiq ishchisi Ismoil Mallaboyev.

Buxoro neftni qayta ishlash zavodining texnologiya bo‘limi boshlig‘i Bahodir Usmonov ham neft ta‘minotining ozayganligini tan oldi:

- Albatta, xom ashyo oldingiga qaraganda kam. Lekin bizga qo‘yilgan majburiyatni bajaryapmiz. Biz sutkasiga 1850-1900 tonna yonilg‘i ishlab chiqaryapmiz. Bizda hech qachon uzilish bo‘lmagan,- dedi mikrofonsiz suhbatda Buxoro neftni qayta ishlash zavodining texnologiya bo‘limi boshlig‘i Bahodir Usmonov.

Buxorolik mutaxassis aytgan “yonilg‘i uzilishsiz ishlab chiqarilayotgan” bo‘lsa, unda nega viloyatlarda yonilg‘i sotish shoxobchalari ishlamayapti, nega benzinning narxi qo‘lda ikki qariyb baravarga chiqib ketmoqda? “O‘zneftmahsulot” hissadorlik shirkati bu savolga javob berishdan bosh tortdi.

Quduqlarning tubi ko‘rinib qoldi

O‘zbekistonlik iqtisodchi Dmitriy Povarov fikricha, mamlakat iqtisodiyoti boshdan kechirayotgan yonilg‘i tanqisligining sababi neft xom ashyosining O‘zbekistondagi zaxiralariga borib taqaladi:

- Gap shundaki, O‘zbekistonda sobiq ittifoq davrida ochilgan neft quduqlarining tagi ko‘rinib qoldi. Zaxirasi katta deb stavka qilingan yangi neft quduqlarining zaxirasi ko‘p emasligi ma‘lum bo‘ldi.

Shuning uchun ham O‘zbekiston 2003 yildan boshlab Qozog‘iston va Rossiyadan neft import qila boshladi. 2010 yildan boshlab esa Qozog‘istondan keltiriladigan neft importida uzilishlar sodir bo‘la boshladi. Chunki Qozog‘iston vaqtincha neft eksportini to‘xtatdi va O‘zbekiston bu xom ashyo ta‘minotida kutilmagan muammoga duch keldi.

Bundan tashqari ilgari “Zeromaks” kompaniyasi ham neft importi bilan shug‘ullanardi. Bu kompaniya bankrot deb e‘lon qilinganidan so‘ng, albatta, neft importi ham ancha qisqardi. Albatta, bunga muqobil ravishda boshqa kontragentliklar ham tuzilgandir, biroq ular, menimcha, bu ishni unchalik uddalay olishmayapti,- deydi o‘zbekistonlik iqtisodchi Dmitriy Povarov.

5 noyabr kuni prezident Islom Karimov O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga Toshkentdagi benzin va gaz tanqisligi masalasini o‘rganishni topshirdi.

Uzmetronom.com sayti xabariga ko‘ra, O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev ham iqtisod masalari bo‘yicha neft-gaz sohasiga ma‘sul bo‘lgan G‘ulomjon Ibrohimovga jiddiy topshiriqlar bergan.

REGNUM agentligining O‘zbekiston davlat statistika qo‘mitasiga tayangan holda yoyinlangan ma‘lumotlariga ko‘ra, mamlakatda benzin ishlab chiqarish joriy yilning o‘tgan 9 oyi mobaynida o‘tgan yilga nisbatan 2,6 foiz (1,009 million tonna), kerosin 4,5 foiz (260,3 ming tonna), dizel yoqilg‘isi 1,1 foiz (845,5 ming tonna), siqilgan gaz ishlab chiqarish esa 4,4 foiz (191,8 ming tonna) ga kamaygan.
XS
SM
MD
LG