Линклар

O‘zbekistonda “Sayohat” mehmonxonasi va “Versal” restorani kimoshdi savdosiga qo‘yiladi. O‘tgan yilning boshida yo‘q qilingan “Alp Jamol Bank”ga qarashli bo‘lgan mehmonxona va restoranni sotish haqida sud qaror chiqargani aytilmoqda. Kimoshdi savdosini uyushtirayotgan tashkilot vakilining Ozodlikka aytishicha “Sayohat” kompleksining narxi 41 milliard 632 million so‘m, “Versal” restorani esa 37 yarim milliard so‘m etib belgilangan. “Alp Jamol Bank”i keyingi ikki yil ichida O‘zbekistonda yo‘q qilingan yirik shirkatlardan biridir xolos.

“Sayohat” mehmonxonasi va “Versal” restorani “Alp Jamol Bank” yopilishidan avval bu shirkatning serdaromad sho‘‘balari hisoblangan. Bank yopilib, uning xo‘jayini Muhiddin Asomiddinov xorijga qochib ketgach, mehmonxona kompleksi va restoran Toshkent shahar hokimiyati ixtiyoriga o‘tgan edi.

Sud hukmiga ko‘ra, “Sayohat” va “Versal” endi kimoshdi savdosida xususiy qo‘lga o‘tishi kerak, deiylmoqda. Hokimiyat qoshidagi “Alp Jamol Bank”ni yo‘q qilish bo‘yicha maxsus komissiya sotuvga qo‘ygan ob‘ektlar “Ko‘p tarmoqli ko‘chmas mulk savdo” mas‘uliyati cheklangan jamiyat tashkil qiladigan kimoshdida 7 dekabr kuni sotilishi aytilmoqda.

Bu tashkilotning ismi sir qolishini istagan vakili Ozodlik bilan suhbatda bu ikki ob‘ekt sotuvga qo‘yilishini tasdiqladi. “Sayohat” kompleksining narxi 41 milliard 632 million so‘m (rasmiy kurs bilan 23 million 534 ming AQSh dollari), toshkentliklar orasida mashhur bo‘lgan hashamatli “Versal” restorani esa 37 yarim milliard so‘m (21 million 200 ming AQSh dollari) etib belgilandi, deydi u. Uning aytishicha, “Sayohat” kompleksiga mehmonxonadan taqshari oldidagi hashamatli restoran ham kiradi.

- Ha, ishlataverasiz. Sayohatning ham restorani boru, mana shunaqa restoranga o‘xshagan katta to‘yxona bor, orqasida mehmonxonasi bor katta. Sayohat restorani, hozir Sayohat to‘yxonasi bor katta. Xuddi Versalning kopiyasi.

Bunda, deya qo‘shimcha qildi suhbatdoshimiz, bu ikki ob‘ektni xorijliklar ham sotib olishi mumkin. Kimoshdi savdosida ishtirok etish uchun potentsial xaridor ob‘ekt qiymatining 10 foizini garov sifatida kiritishi kerak, deydi u. Mabodo mehmonxona va restoran 7 dekabr kuni sotilmay qolsa, oradan ikki hafta o‘tib, kimoshdi savdosi qayta o‘tkaziladi.

Sotilayotgan mehmonxona kompleksi va restoranning rentabelligi muammolari yoki ularning yangi xo‘jainlari ham keyinchalik rasmiylar tomonidan chuv tushirilishi ehtimollarini bu suhbatdoshimiz qat‘iyan inkor qildi.

“Alp Jamol Bank” keyingi ikki yil ichida O‘zbekistonda yo‘q qilingan yirik shirkatlardan biridir. 2010 yilgacha O‘zbekistondagi eng yetakchi banklardan biri hisoblanib kelgan bank o‘tgan yilning fevralida muammolarga duch kela boshladi. Uning xo‘jayini Muhiddin Asomiddinov xorijga qochib ketgach, “Alp Jamol Bank” aktivlari, jumladan jismoniy shaxslarning bankdagi mablag‘lari davlatga qarashli Xalq banki hisobiga o‘tkazildi.

O‘tgan yili O‘zbekistonda yo‘q qilingan boshqa bir yirik shirkatning sobiq xodimi Ozodklik bilan suhbatda, “Versal” restorani bilan “Sayohat” mehmonxonasi serdaromad ob‘ektlar hisoblanib kelganini aytadi. “Versal” restorani Toshkent hokimiyati ixtiyoriga o‘tganida ham yaqinlargacha poytaxtliklar orasida hashamati bilan mashhur bo‘lib kelgan edi, deydi u.

- O‘o‘o‘o‘, Versal, aka Versalga 1500 nafar odam sig‘adi. Bir vaqtning o‘zida 1500 nafar odam sig‘adi. To‘y-po‘ylarga katta joy u. Versalning o‘rni musorka bo‘lib yotardi bir paytlar. Musordan shu darajaga yetkazdi shu odam. Bilasizku, bizlarda bitta biznesni boshlasangiz, gullatganungizcha indamaydi. Gullatganingizdan keyin shartta olib qo‘yadi bo‘ldi.

Bunday ob‘ektlar kimoshdi savdosida kimga va qay tarzda sotilishi “qoidalari”dan xabardor suhbatdoshimiz mehmonxona va restoran o‘z narxi va xolis raqobat orqali sotilishiga shubha qiladi.

- Yopilgan taqdirda ham o‘ziniki oladida. Misol uchun tepada o‘tirgan odamlarga taalluqli odamlar olishi mumkin. O‘shanda ham juda qiyin masala bo‘ladi. Oxiri nima bo‘ladi Xudo biladi. Nerentabelniy deb ko‘rsatiladi. Juda ham bankrot sistema qilib ko‘rsatiladi. Ko‘p narsa shu orqali qilinadiyu.

Lekin, deydi o‘tgan yilgacha O‘zbekistondagi eng yirik shirkatlardan birida ishlagan suhbatdoshimiz, bu ikki ob‘ektni sotib oladigan odam “ehtiyot bo‘lishi kerak”.

- Muammo chiqadi, xuddi shu narsa bo‘ladida aka. Misol uchun sotib oladi. Davlatga pul tushadi. Qanaqadir muddat o‘tadi. Shundan keyin yana xuddi shu narsa bo‘ladi. Chunki bilasizku O‘zbekistonda boylar yo‘q. Boy bitta,- deydi ma‘noli qilib yaqinlargacha yirik shirkat xodimi bo‘lgan toshkentlik suhbatdoshimiz.
XS
SM
MD
LG