Линклар

O‘zini yoqmoqchi bo‘lgan fermer sud zalidan ozod qilindi


Safargul Quryozova Toshkentning Mustaqillik maydonida o‘ziga o‘t qo‘ymoqchi bo‘lgan edi.

Safargul Quryozova Toshkentning Mustaqillik maydonida o‘ziga o‘t qo‘ymoqchi bo‘lgan edi.

Buxoro shahar sudi o‘ziga o‘t qo‘ymoqchi bo‘lgan xorazmlik fermer Safargul Quryozovani amnistiya aktiga binoan juma kuni sud zalidan ozod qildi.

4 noyabr kuni Buxoro jinoiy ishlar sudi mahalliy hokim va prokurorning poraxo‘rligi haqida turli idoralarga shikoyat qilgan shovotlik fermer Safargul Quryazova ishini ko‘rib chiqdi.

Sud Quryozovani O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 219-moddaci, ya‘ni hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga faol qarshilik qilganlikda aybli deb topdi.

Ayni mahkama Quryozovani 2009 yil O‘zbekiston senati e‘lon qilgan amnistiyaga ko‘ra sud zalidan ozod qildi.

Safargul Quryozova sudning bu qaroridan norozi ekanligini bildirib hukm ustidan shikoyat qilishini aytgan.

Xorazm viloyatining Shovot tumanidagi “Zubayda Nurjonova” fermer xo‘jaligi rahbari Safargul Quryazova 13 oktyabr kuni militsiya xodimlari tomonidan Shovot tumani hokimligi binosi oldida hibsga olingan edi.

Quryozova Urganch shahar tergov hibshonasida 6 kun saqlandi. Undan keyin Quryozova Toshkentdagi Toshturmaga o‘tkazildi. Toshturmaning SI-1 hibshonasida 7 kun so‘roq qilingan Quryozova 26 oktyabr kuni Buxorodagi tergov hibshonasiga olib kelindi.

4 noyabr kuni sudya Otabek Toshev hakamligida Buxoroda o‘tgan mahkama majlisiga jurnalistlar va inson huquqlari faollari qo‘yilmadi.

Sakkiz yildan buyon fermerlik qilib kelayotgan S. Quryazova Shovot tumanining sobiq hokimi Bozorboy Yoqubov, tuman prokurori Jiyanboy Norimbetov hamda ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Jonibek Ro‘zmetovlarga sholi ekish uchun yer ajratib bermagani uchun ta‘qibga uchrab kelgani haqida Ozodlikka gapirib bergan edi.

S. Quryazova ustidan ochilgan jinoyat ishi uch yildan buyon yettita mahkamada ko‘rildi. O‘z ishi bo‘yicha adolatli qaror chiqmagach, Toshkentga haqiqat izlab kelgan S. Quryazova Prezident devonidan ham qoniqarli javob ololmagach mustaqillik maydonida o‘ziga o‘t qo‘yishga qaror qilgan edi:

- Men kelib haqiqatan ham shu gap-so‘zlarni yozib, prezident apparatiga kirib, prezident nomiga yozib, o‘zim kurashishga majbur bo‘ldim. Devondan chiqqach haqiqatan shunday ish qilmoqchi edim. O‘zimni yoqishga, o‘lishga tayyor edimda. Jonimdan to‘yib ketdim. Oilam xo‘rlanib qoldi, qizlarim, o‘g‘illarim xo‘rlanib qoldi. Majbur bo‘ldim. Men uch yildan beri pora bersam ham haqiqat topa olmadim. Jinoyatim bo‘lmasa ham amnistiyaga rozi bo‘lishga majbur qilishdi.

O‘zim yomon bo‘lib mustaqillik maydonida o‘tirgan edim shunaqa qilaman deb. O‘zimda gugurt bor edi. Solyarkaga paxtani bulg‘adimda, og‘ir ahvolda o‘tirganimda prezident apparati tomondan bir odam chiqib “Nimaga yig‘layapsiz oyi? Nima bo‘layapti?” dedi. Unga gapira olmadim. Aslida u meni ushlab bu yoqqa olib keldi,- degan edi Safargul Quryazova Ozodlik bilan suhbatda.

S. Quryazovaning o‘zi Ozodlik muxbiriga hokim, prokuror va militsiya boshlig‘i uchligining jinoyatlari haqida ko‘p narsalar bilishini aytgan edi.

Xorazmlik inson huquqlari faoli Hayitboy yoqubovga ko‘ra, hokimiyat vakillarining zo‘ravonligiga qarshi o‘zini yoqish xolatlari keyingi bir necha yilda Xorazmda ko‘plab kuzatilgan.

- Albatta tez-tez uchrab turadi. Buni qilmoqchi bo‘lgan odamlar shu narsani oldindan oshkor qilib qo‘yadilar. Ayrim hollarda shu narsani qaytarsa davlat organlari, boshqa bir amaldorlar yoki shunga doir o‘zining yaqin qarindoshlari shu yo‘ldan qaytarishga harakat qiladi. Lekin bu narsalar uchrab turadi. Hazorasp tumanida shunday voqeani qilaman degan odamlar bo‘lgan. Keyin Urganch tumanida bo‘lgan shu narsalar bu yil hisobiga. Yana bittasi Yangibozor tumanida bo‘lsa kerak. Shu narsa uchragan edi. Yangibozor tumanidagi oilaviy mojaro, boshqalari davlat hukumat oralig‘i masalasi bo‘yicha shu ishni qilaman deganlar, deydi xorazmlik huquq faoli.

Ozodlik fermerning taqdirini kuzatishda davom etadi.
XS
SM
MD
LG