Линклар

AQSh prezidentiga qasd qilganlikda gumonlangan o‘zbek ustidan sud qoldirildi


Ulug‘bek Qodirov AQSh prezidentiga suiqsd qilish bilan bog‘liq to‘rt jinoyatda ayblanmoqda.

Ulug‘bek Qodirov AQSh prezidentiga suiqsd qilish bilan bog‘liq to‘rt jinoyatda ayblanmoqda.

AQSh Prezident Barak Obamaga suiqasd qilishga uringanlikda ayblanayotgan 22 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Ulug‘bek Qodirov ustidan sud yana qoldirildi. Sudning 7 noyabrda davom etishi bildirilgan edi.

AQShning Alabama shtati federal sudyasi Xaruelle Devis prezident Obamaga suiqasd qilish niyati bilan M15 rusumli avtomatni noqonuniy saqlaganlikda gumonlangan O‘zbekiston fuqarosi ustidan sudni qoldirdi.

"The Birmingham News" nashri xabariga ko‘ra, bunga Qodirov va boshqa guvohlar o‘rtasida yozib olingan 35 soatlik suhbatlarni tarjima qilish uchun prokurorlarga qo‘shimcha vaqt kerak bo‘layotgani sabab qilib ko‘rsatilgan.

Sud hujjatlariga ko‘ra, 22 yashar O‘zbekiston fuqarosi Ulug‘bek Qodirov 13 iyul kuni Alabama shtatining Birmingem shahridagi mehmonxonada o‘zini qurol savdogari, deb tanitgan Federal tergov byurosi maxfiy agentidan qurol sotib olayotgan paytda qo‘lga olingan.

Qodirov 9, 10, 11 va 13 iyul kunlari AQSh prezidenti hayotiga tahdid qilish bilan bog‘liq to‘rt jinoyatda, jumladan, muhojirlikka oid qonunni buzish, noqonuniy ravishda to‘la avtomatik qurolga egalik qilish hamda noqonuniy tarzda granataga egalik qilish kabi jami yetti jinoyatda ayblanmoqda.

Qodirov qo‘yilgan ayblovlar bo‘yicha o‘zini aybdor deb tan olmasligini bildirgan.

AQSh prezidentini o‘ldirishda gumonlangan Ulug‘bek Qodirovning onasi virusolog olima Zarifa Qodirovaning AQShdagi sud majlisida ishtirok etishiga izn berilgan.

Zarifa opa bundan 20 kun oldin o‘g‘li bilan telefonda suhbatlashganini bildirdi.

“O‘g‘lim Obamani o‘ldirish uchun guruh tuzmagan, bilaks o‘g‘limni o‘zi birovlar qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lgan. Bu suhbatdan chiqargan xulosamdir”, deydi Zarifa Qodirova Ozodlik bilan suhbatda.

- Menga ham aytdi. Chunki u yolg‘on gapirmaydi. Men telefonda so‘radim. “Ulug‘bek, sen shunaqa guruh tuzmoqchimiding?” deb so‘radim. Internetda yozib qo‘yibdi prezidentni o‘ldirishga guruh tuzmoqchi deb. “Oyi qatta” deydi. Nima uning guruh tuza oladigan puli bormi? “Sen shunaqa qilmoqchimiding?” desam, “Yo‘q” deydi. U yolg‘on gapirmaydi. U hayotda yolg‘on gapirgan bola emas. U qanaqasiga Barak Obamani o‘ldirishi mumkin? U chumchuqni ham o‘ldira olgan bola emas. Rosa ko‘ngli toza. Hech ham unaqa narsa qila oladigan bola emas. Lekin hamma ayb menda. O‘sha yoqqa jo‘natgan men edim. A‘lochi bola edi. Institutda a‘loga o‘qigan,- deydi Zarifa Qodirova.

Zarifa Qodirova AQShga o‘qishga ketgan o‘g‘li bilan suhbatlashganida, uning masjidga qatnayotganidan xabar topganini ham aytadi.

- U yoqda yurganda ham qiziqdida. “Machitga kirdim” dedi. Machitga kirsang, yaxshi ekan, dedim. Machitda musulmonlar bo‘ladi. Hech ham yomon narsa o‘ylamadim. Xayolimning bir chekkasiga kelmasdi. Alabamaga borgandan keyin “Oyi, mening ustozim bor. Qur‘on o‘qiyapman” dedi. Yaxshi ekan, dedim. O‘lay agar yomon narsa xayolimga kelmadi. Namoz o‘qisa, nimasi yomon, deb o‘ylabmiz. O‘sha arablar buning miyasini qotirib tashlashdida. Diniy tomondan qotirib tashlab uning qarzini bo‘yniga qo‘yishdimi bir narsa bo‘ldi mana shu yerda arablar bilan. O‘shalar bir narsa qilishdi. U bola birovni o‘ldiradigan, bir narsa qiladigan bola emas edi. Hozir Ulug‘bekka ayb qo‘yishayapti. Lekin o‘sha yerda jabrlangan odam Ulug‘bek. Birinchidan, u hayotda odam o‘ldiradigan bola emas. Obama Barakni tem bole o‘ldirmas edi. Ular mana shu yo‘lga solishgan.

Ozodlik: O‘g‘lingizdan M15 rusumli avtomat, granata topilgani aytilmoqda. Hujjatlarda shunaqa deyilgan.

- “Shunaqani olasan, shunaqa qilasan” deb zo‘rlashgan bolani. U miltiq ushlaydigan, miltiq otadigan bola emas. Nihoyatda toza bola edi. U prosto bilasizmi sodda ishonib ketavergan. Miyasiga quyib qo‘yishgan uning,- deydi Ulug‘bek Qodirovning onasi.

Ayni paytda Zarifa Qodirova AQShda o‘tadigan sud majlisida bir ona sifatida qatnashib o‘z o‘g‘lining gunohsiz ekanligini isbot qilish niyatida sobit.

- Men qurol olishga bola tug‘maganman. Men uni solih amallar qiladi deb o‘stirganman, deydi Zarifa Qodirova.
XS
SM
MD
LG