Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:50

Paxta 2011 qurboni Bahodir hanuz tilga kirmadi


Paxtadan qaytayotganda avtohalokatga uchrab komaga tushgan chiroqchilik Bahodir Pardayev hali ham tilga kirmagan.

Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi 24-maktabning 7-sinf o‘quvchisi, 13 yoshli Bahodir Pardayevning sog‘ligi o‘nglanmaganiga qaramay, shifokorlar uni uyiga jo‘natdi.

Ayni paytda Bahodir uyida yotibdi. Bola na gapiradi, na yuradi, deydi Ozodlikka uning otasi Adham Pardayev.

- Bahodir hozircha gapirgani yo‘q. Kasalxonadan olib keldik. Doktorlar “Uyiga borib dam olsin. Aka-ukalarini ko‘rsa, gapirib ketadi” deb javob berdi. Endi men komasini tushunmasam. Bola oyog‘ini bosa olgani yo‘q. Bir oyoq, bir qo‘li ishlamaydi. Qoshiqlab yedirayapmiz ovqatini. Faqat imlaydi,- dedi Atham Pardayev.

13 yoshli Bahodir Pardayev 24 sentyabr kuni paxta terimidan qaytayotib, avtohalokatga uchragan edi.

24 maktab direktori Go‘zal Mustafoyeva Ozodlik bilan suhbatda Bahodirning aynan paxta dalasidan qaytayotgan payti avtohalokatga uchraganini tasdiqlagan edi.

O‘zbekiston Inson Xuquqlari Jamiyati Bahodir Pardayev bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha tarqatgan bayonotida aytilishicha, “Chiroqchi- Qarshi yo‘lining 12 kilometrida Qarshi tomonidan kelayotgan MATIZ rusumli 18 R4564 davlat raqamli mashina Bahodir Pardayevni urib yuboradi. Mashina haydovchisi 1966 yilda tug‘ilgan Nishon tumani Do‘stlik qishlog‘i 4 sovxozda yashovchi Baxtiyor Yaxshiboyev ekanligi, haydovchining yonidagi odam uning akasi Qashqadaryo viloyat televideniyasining jurnalisti Jalol Yaxshiboyev ekanligi aniqlangan”.

Atham Pardayev haydovchi Baxtiyor Yaxshiboyevning jurnalist akasi Jalol Yaxshiboyev ko‘magida ishni bosti-bosti qilish harakatida ekanini iddao qiladi.

- Viloyat teleradiokompaniyasida ishlovchi Yaxshiboyev ishni yopish uchun ur-bu yerga pul qistirib yuribdi deb eshitayapman,- deydi Atham Pardayev.

Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tuman Ichki ishlar bo‘limidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Bahodir Pardayevning avtohalokatga uchragani yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Ozodlik bilan suhbatda militsiyaning navbatchi xodimi hozirda tergov-surushtiruv ishlari ketayotgani bois jinoiy ish tafsilotlariga to‘xtala olmasligini aytdi.

A. Pardayevga ko‘ra, o‘g‘li avohalokatga uchraganidan buyon militsiya xodimlari atigi bir marta ular bilan uchrashgan.

- Tunov kuni tergovchi kelgan edi. Kelib “Sizlar nima deysizlar? Falon” degan gaplarni qildi. Men “Shunday xabarlashgani yo‘q. Uning bir chorasini ko‘rmaysizlarmi?” desam, tergovchi “Shofyor men aybdor emasman deyapti. O‘zi kelib urib oldi degan gapni qilayapti” dedi. Tergovchi “Endi biz tergovga o‘tkazamiz. Yarashasizlarmi, yarashmaysizlarmi?” dedi. Men “Shu Bahodirni urib ketgan shofyorni men hali biror marta ko‘rganim yo‘q. Qanday qilib men ko‘rmagan odamim bilan yarashaman? Inson bo‘lsa, oldimga kelsin. Uning ham bola-chaqasi bor. Urib ketgan kishi biror marta dori-darmonga xabarlashgani yo‘q” dedim,- deydi A. Pardayev.

Bahodir bilan bog‘liq vaziyatni kuzatayotgan qarshilik huquq faoli Gulshan Qorayeva mahalliy hokimlik bu ish yuzasidan ochilgan jinoiy ishni bosti-bosti qilishi mumkinligidan tashvish bildirdi.

Ayni paytda “Ezgulik” jamiyati o‘tgan yilgi paxta mavsumi qurboni namanganlik 10 yoshli Ahrorjon Abdumannonnov ishini o‘rganmoqda.

Namangan viloyati Pop tumanidagi 25-maktabning 5-sinfida o‘quvchisi Ahrorjon Abdummannov o‘tgan yilning 12 oktyabr kuni paxtadan qaytayotib, avtohalokatga uchrab halok bo‘lgan edi.

Ahrorjon Abdumannonov ishini o‘rgangan “Ezgulik” jamiyati Popdagi 25-maktab ma‘muriyatini sudga bergan.
XS
SM
MD
LG