Линклар

"Foton" va "Kvark" o‘z joyini Vestminsterga beradi


"Foton" va "Kvark" korxonalari binolarida endi Vestminster Universiteti talabalari o‘qiydi.

"Foton" va "Kvark" korxonalari binolarida endi Vestminster Universiteti talabalari o‘qiydi.

Hukumat qaroriga ko‘ra, “Foton” va “Kvark” tashkilotlari o‘z binolarini Toshkent Xalqaro Vestminster Universitetiga bo‘shatib beradi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, “Foton” konstruktorlik byurosi va “Kvark” ilmiy-ishlab chiqarish majmuasi “Foton” ochiq aktsiyadorlik jamiyatiga qo‘shiladi.

Hozirda ikkala tashkilot ham o‘z ixtiyoridagi texnika va asbob-uskunalarini ko‘chirishni boshlab yuborishdi.

“Foton” konstruktorlik byurosining ismi sir qolishini istagan xodimi Ozodlikka bularni aytdi:

- Siz yaxshisi bu qarorni qabul qilgan Vazirlar mahkamasiga murojaat qiling. Biz davlatga qarashli tashkilotmiz. Biz faqat buyruqni bajaramiz. Qarorni hukumat qabul qildi. Buni muhokama qilishga haqqimiz yo‘q,- dedi “Foton” konstruktorlik byurosi xodimi.

“Kvark” ilmiy-ishlab chiqarish majmuasining telefonlari aloqadan uzilgani bois ushbu tashkilot vakillari bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.

“Foton” ochiq aktsiyadorlik jamiyatining o‘zini tanishtirmagan xodimi ikki korxonaning shirkatga qo‘shilishi ortidagi sabablarni bunday izohladi.

- Bizlarga qo‘shilayotganining sababi Vestminster universitetining hududini kengaytirayaptiyu. Bizlarga ular qo‘shilib ketadi. Vestminster universitetiga joylari kerak bo‘lgani uchun ularni bizlarga qo‘shib yuborishayapti. Joy kerak bo‘lgani birinchidan hozir o‘qish nimalari kengaytirilayapti. Bizlarda maydonlar bemalol. Bo‘sh joylarimiz bor. O‘sha joylarga joylashishayapti. Ishini davom ettiraveradi. Hech qanaqa problema yo‘q. Hammasi yaxshi tomonga qilinayapti,- dedi suhbatdosh.

Toshkent markazida joylashgan “Foton” konstruktorlik byurosi va “Kvark” ilmiy-ishlab chiqarish majmuasi shaharning Algoritm dahasida joylashgan “Foton” ochiq aktsiyadorlik jamiyatining 2-binosiga ko‘chirilayapti.

- Ular o‘zi bizlarning filial bo‘lgan o‘zining paytida. Bizlarning mahsulot, ishlab chiqaradigan narsa. Ularning hamma potentsialini olayapmiz eksportlari bilan. Ish qanday ketayotgan bo‘lsa, shunday davom etaveradi. Fotonning nomida chiqadi. Ularning eksporti bor, boshqasi bor, hech qanaqa o‘zgarish bo‘lmaydi. Kak yuridicheskiy litso chiqishgan. Hozir endi kiradi, kak polojeno o‘zining ishini davom ettirib ketaveradi,- dedi “Foton” ochiq aksiyadorlik jamiyatining o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlab ko‘chish harajatlari tashkilotning eskirgan jihozlarini sotish hisobidan qoplanishi aytilgan edi. Biroq keyinchalik texnik jihozlarni sotmaslikka qaror qilingan.

Toshkent Xalqaro Vestminster Universitetining o‘zini tanishtirmagan xodimasi “Foton” konstruktorlik byurosi va “Kvark” ilmiy-ishlab chiqarish majmuasi binolari universitet tarkibiga o‘tayotganini tasdiqladi.

- Mana shu binoning bittasida innovatsion markaz bo‘ladi, bittasida bizlarda preuniversity course bor. O‘sha kurslar bo‘ladi. Universitetning nulevoy kursi. Bu degani agar bolalar yaxshi bitirsa, universitetga kiradi. Yana “Mitrofanov” binosini berishdiku. O‘sha yerda sportivniy tsentr bilan yopiq basseyn bo‘ladi,- dedi universitet xodimasi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining joriy yil 19 avgustdagi 236-sonli qaroriga ko‘ra, “Foton” va “Kvark” binolari hamda “Mitrofanov” nomidagi suv sport saroyi endilikda Toshkent Xalqaro Vestminster Universitetining bir qismi hisoblanadi.

Bu binolar buzib tashlanmaydi, balki qayta ta‘mir qilinishi aytilmoqda.

Toshkent Xalqaro Vestminster Universiteti London Vestminster Universiteti bilan hamkorlikda 1997 yil tashkil qilingan.

Toshkentdagi ushbu universitetning xarakterli tomoni shundaki, universitet bitiruvchilariga diplom London Vestminster Universiteti tomonidan beriladi.

Bu diplom nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro maydonda tan olinadi va talabalarga chet ellarda ishlash va o‘qishni davom ettirish imkonini beradi.

Universitet xodimlarining aksariyati Buyuk Britaniya, AQSh, Yevropa va dunyoning boshqa bir qancha davlatlaridan kelgan mutaxassislardan iborat.

Bugungi kunda Toshkent Xalqaro Vestminster Universiteti O‘zbekistondagi eng nufuzli oliy o‘quv dargohlaridan biri hisoblanadi.
XS
SM
MD
LG