Линклар

logo-print
12 noyabr kuni Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi Almazbek Atambayevni rasman prezident o‘laroq ro‘yxatga oldi.

Shu tariqa prezidentlik saylovlari o‘tgan 30 oktyabrdan buyon to‘xtamayotgan bahs-munozaralarga nuqta qo‘yilgandek bo‘ldi.

Saylov paytida tushgan shikoyat va arizalar “prezidentlik saylovi yakuniy natijalariga ta‘sir etmas”ligi MSK tomonidan qayd etildi.

30 oktyabr kuni o‘tgan saylovlarda 62,52 foiz ovoz olgan Qirg‘iziston sotsial-demokratik partiyasi lideri Almazbek Atambayev g‘olib, deya tan olindi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, Qirg‘izistonda yashovchi etnik o‘zbeklarning ham aksariyati saylovda Atambayev uchun ovoz berganlar.

Atambayevning asosiy muxoliflari – “Yagona Qirg‘iziston” partiyasi rahbari Adaxan Madumarov 14,78 foiz, “Ata-Jurt” partiyasi lideri Qamchibek Tashiyev esa 14,32 foiz ovoz qozongan.

Qolgan nomzodlarning yiqqan ovozi 1 foizga ham yetmagan. Shuningdek, prezidentlik saylovida 13 149 kishi “barcha nomzodlarga qarshi” ovoz bergan.

Eslatib o‘tamiz, dastavval prezidentlik kursisiga 86 kishi da‘vogarlik qilgan, biroq 30 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovda qirg‘izistonliklar faqat “elakdan o‘tgan” 18 kishi uchun ovoz bergandilar.

Ikki hafta muqaddam o‘tkazilgan saylovga ro‘yxatga olingan 3 million 32 ming 666 nafar fuqarodan 61,28 foizi, ya‘ni 1 million 858 ming 632 nafar saylovchi kelgan.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, 30 oktyabr kuni o‘tkazilgan saylovni 56 mamlakatni tamsil etgan 792 nafar xorijlik kuzatuvchi hamda 100 dan ziyod xorijiy ommaviy axborot vositasi vakillari kuzatib borgan.

Ularning aksariyati bu galgi prezidentlik saylovidan qisman qoniqish hosil qilganlarini qayd etganlar.

Avvalroq jahondagi turli mamlakatlar liderlari, shu jumladan, O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov Almazbek Atambayevni saylovdagi g‘alabasi bilan qutlagandi.

Almazbek Atambayev prezidentlik sayloviga qadar mamlakat Bosh vaziri lavozimida ishlardi. Endilikda u mazkur lavozimni topshirishi va Qirg‘izistonda yangi hukumat tuzilishi kutilmoqda. Bu yangi hukumat tarkibiga saylovda mag‘lub bo‘lgan ayrim nomzodlarning ham kirishi ehtimoldan soqit qilinmayapti.

Ayni paytda Qirg‘iziston prezidentini qasamyodga keltirish marosimi qachon bo‘lishi hozircha noma‘lum bo‘lib turibdi. Mavjud qonunchilikka ko‘ra, Qirg‘izistonda saylangan prezident saylov natijalari e‘lon qilinganidan boshlab 30 kun ichida qasamyodga keltirilishi kerak.
XS
SM
MD
LG