Линклар

logo-print
Hafta oxirida Andijon shahrida gaz moslamasi portlab kamida 4 odam¸ Quvasoyning Qo‘chqorchi qishlog‘ida esa¸ is gazidan bir oila nobud bo‘ldi.

Bu haqda Ozodlikka joylardagi o‘z manbalari xabar qildi.

Andijonda portlash

Andijondagi portlash shaharning 2-mikrorayoni¸ 65- do‘kon oldida yuz berdi¸ deydi portlash tafsilotlarini o‘rgangan shahardagi manba.

- Gaz motorini qo‘yishgan ekanda. Gaz tortadigan moslama. Gaz tortadigan moslama qo‘yganda gaz kelganmi svet o‘chib qolganmi ikkita binomikan bitta pod‘ezd portlab ketgan¸ 65-magazinning yonida. To‘rttasi o‘lgan¸ degan gapni eshitdik.

Masalan¸ gaz kelmayapti¸ yoki oz kelayapti. Oz kelayotgan narsani kuchaytirish maqsadida motorlar qo‘yib tortadigan moslama qo‘yganda. Ana shuni qo‘yganda tok yonib ketib, uyda hech kim bo‘lmaganmi, bu tok yonsa tortaveradigan narsada. Bu yoqdan rasxod yo‘q. yonganmi, svet o‘chib qolganmi bilmadim gaz uyga to‘lgan hisobiga portlab ketganda. Gaz kelgan. Gaz kelishiga svet bo‘lib portlab ketgan deb eshitdim men¸ deydi xavfsizlik nuqtai nazaridan asl ismi aytilishini istamagan andijonlik yigit.

Bu portlash yuzasidan Andijondagi rasmiy manbalardan ma‘lumot olishning imkoni bo‘lmadi – Andijon viloyati va shahar hokimiyatining aholi uchun taqdim etilgan telefon raqamlarini kun davomida hech kim ko‘tarmadi.

Yong‘inlar davri bu yil erta boshlandi

“Har yili “yong‘in xavfsizligi oyligi” 15 noyabrdan boshlanar edi¸ ammo sovuqning erta tushgani¸ ayni paytda isitish bilan bog‘liq jiddiy muammolar bois¸ bu oylik 10 noyabrdan boshlandi. Bu oylik boshlanar-boshlanmas¸ Quvasoyning Qo‘chqorchi qishlog‘ida bir oilaning is gazidan nobud bo‘lgani haqida xabar keldi”¸ deydi Farg‘onadagi o‘t o‘chiruvchilar guruhi mutaxassisi Ozodlik bilan suhbatda Andijondagi portlashga munosabat bildira turib.

- Bunaqalar bo‘layapti. O‘zimizda ham bo‘ldi mana. Ko‘mir olib ketgan (bir oilani). Ko‘mir qo‘yganda. Ko‘mirni qo‘yib uxlab qolishgan. Ko‘mir darrov olib ketganda. O‘shanaqalar bo‘yicha hozir bizning boshliqlar polniy televideniyeni olib kelib Kommunada maktabda hozir yig‘ilish o‘tkazishayapti. Ham tekshiruv bo‘layapti¸ bizning bolalar qishloqlarda tushuntirish ishlari o‘tkazayapti. Hozir eslatmalar tarqatilayapti har bitta xonadonga.

Endi kim sovuq bo‘lsa, o‘zini isitish uchun shunaqa qilayapti. Ko‘p joyda gazlar uzildiku. Shuning uchun bo‘lishi kerak. Shuning uchun bizga qiyin bo‘ldida. Xudo asrasin yong‘indan¸ dushmanning uyiga ham ravo ko‘rmaymiz. Qishda eng ko‘p elektr pechkadan bo‘ladi. Uyni isitish uchun ko‘pchilik elektrdan foydalanadi. Shundan bo‘ladi. Kabellar ko‘tara olmaydida¸ deydi farg‘onalik o‘t o‘chiruvchi yigit.

Vodiyda mahallalar gazdan uzib qo‘yildi

Andijon va Quvasoydagi fojiaga esa¸ bu yil butun O‘zbekiston¸ ayniqsa Farg‘ona vodiysi bo‘ylab yuzaga chiqqan yonilg‘i taqchilligi sabab bo‘layotgani aytilmoqda.

Vodiyliklarga ko‘ra¸ ko‘p qavatli uylarda gaz bosimi nihoyatda pastligi uchun odamlar uyiga nihoyatda xavfli gaz tortuvchi moslamalar o‘rnatayotgan bo‘lsa¸ mahalla va qishloqlarda hokimlik vakillari bu yil gaz bo‘lmasligidan ochiq ogohlantirib¸ mahallalarga boruvchi gaz quvurlari yo‘lini kesib tashlamoqda.

- Odamlar gazni tortadigan nasoslar qo‘yib olishganiga butun mahallani boshidan kesib tashlabdi. Gaz pasaysa tortib oladigan ko‘p bo‘lgan o‘tgan yili. Mahallaga hammaga aytgan, avtobuslarga e‘lonlar yozib qo‘ygan “ko‘mir olinglar” deb. Domlarda bo‘ladiyu, mahallada umuman gaz bo‘lmaydi bu yil.

Shaharlardagi massivlarda hozircha umuman o‘chib qolgani yo‘q gaz. Past bo‘lsa ham bor. Odamlar gaz borligida duxovka yoqishadi. Gaz yo‘qligida muzlab o‘tiraveradida. Biz ham muzlab o‘tirdikku ikki-uch kun. Hidi chiqsa ham yoqishadida. Muzlab qolmaydiyu. Plita qo‘yishsa, transformator portlab ketsa, svetsiz qolib ketayapmiz. Bizning ham transformatorimiz portlab ikki kun svet bo‘lmadiyu¸ deydi farg‘onaliklardan biri o‘z ismi keltirilmasligi sharti bilan.

Gazsiz qolgan mahalla va qishloqlar ahli “kashfiyotchi” bo‘lib bormoqda

Noyabrdanoq ham qattiq sovuq va qorga tutilgan odamlar davlat idoralari o‘z funktsiyasini bajarmay qo‘yganidan so‘ng¸ qishdan omon qolishning o‘z qurbi va aqli yetgan usulini ishga solmoqda¸ der ekan andijonlik suhbatdoshlardan biri bu usullarni sanab beradi.

- Buning usuli hozir juda ko‘payib ketgan. Tokni stolbadan qo‘shimcha ulab olib isitishadi. Hozir xotinlar ham bizda montyor bo‘lib ketgan. Robinzon Kruzo aytganu¸ yo‘qchilik insonlarni kashfiyotchi qiladi deb. Uning ham yo‘lini qilishni bilishadida. Otvyorkalarda, omburlarda to‘g‘irlashib qilishadida.

Undan keyin qo‘yning, molning go‘nglarini yoqadi. Masalan¸ men qo‘yning go‘ngini yoqaman ko‘mir aralashtirib. Pechkada yoqaman. Mayda ko‘mirlar 40-50-60 so‘m sotiladida. Kukuni borku. O‘shani qo‘yning tagiga sochaman yozda. Go‘ng yerga sochganimizdan keyin qo‘y tepalab sekin-sekin ham o‘ziga quritadi, ham menga ko‘mir qilib beradi. Uzoq yonadi. Chunki buning ko‘miri borda. Poroshok ko‘miri borda, shu yaxshi yonadi. Ko‘p odam bilmaydi buni. Mutlaqo hidi bo‘lmaydi. Qurigandan keyin qo‘yning hidi umuman bo‘lmaydi. Bizda sandal ham borda. Pechkadan o‘tni olib, sandalga qo‘yib isib yotamiz.

Hech ilojini qilib topa olmagani hammasi joyni qilib olib bola-chaqasi bilan o‘ranib ko‘rpaning ichida yotishadi. Qanaqa qilib isitadi ko‘mir yo‘q bo‘lsa. Qor yoqqandan keyin ko‘mirning kilosi shaharda 500 so‘m bo‘ldi¸ deydi andijonlik oila boshlig‘i.

Musulmonchilik ham esdan chiqmoqda....

“Nomiga ters ravishda yillardan beri chiroqsiz zulmatga cho‘kkan Chiroqchida¸ o‘tin otliqqa ham yo‘q – zotan hokimlar hali ham odamlarni qorayib qolgan g‘o‘zapoyazordan paxta topasan¸ deb g‘o‘zapoyani oldirmayapti¸ ko‘mirni esa¸ faqat boylar olib yoqadi¸ men kabi qora xalq tezak bilan jon saqlashga urinmoqda”¸ deydi tabiiy gazga boy Qashqadaryoning Chiroqchi tumanida yashovchi Eshmurod aka.

- Ochiq aytaymi¸ tezak bor. Tezak yoqayapmiz. Hali g‘o‘zapoyani yig‘ishtirib olganimiz yo‘q. Tezak yoqamiz, yarim soat lov etadi, keyin o‘chib qoladi. Issig‘i yo‘q uning. Bola-chaqa va chaqaloqlar, boshqalar qiynalib yotibdi. Ikkita kelinim, o‘zim, qaynota-qaynona, Rossiyada ishlab kelgan o‘g‘lim. Hammamiz bitta xonada tiqilib o‘tiribmiz. Tancha, sandal, pechka. Tezak yonadida. Kechasi bilan turib yoqish kerak. Musulmonchilikka ham to‘g‘ri kelmayapti.

Ko‘mir boyvachchalarning puli bo‘lsa oladi. Bizlar oddiy o‘qituvchi odam. Xaltasi 14-15 ming ekan. Ikki yarim-uch kunga yetadida. Tonnasi qimmat bo‘lib ketadi. Millionning tagiga boradi. Qora xalqning kuchi yetmaydi unga. Tonnani gapirmang. Siz 30-40 kiloni gapring. Xalq ko‘p, ochig‘ini aytadigan odam kam. Hammasi boshini egib, Xudoga shukur qilib, boshini egib yuribdi. Menga qarang, insonning taqdiridan paxtaning hurmati kuchli¸ deydi chiroqchilik Eshmurod aka.

Sinf xonalarida bolalar muzlab qolayozdi....

Chiroqchilik o‘qituvchi suhbatdoshimiz¸ elektr quvvati yo‘qligi bois¸ bolalar mutlaq dars qila olmasligini ta‘kidlay turib¸ davlat himoyatida bo‘lgan maktablarda sinf xonalarini isitishga ham yoqilg‘i yo‘qligini aytib¸ 14 noyabr kungi manzarani tasvirlab beradi.

- Sinfxonalarda men o‘zim dars beraman. “O‘rningdan tur, bolam, qizim, oyog‘ing sovqottimi? Sinfxonaning ichida yurib tur¸ koridorgacha bir yurib kel¸ yursang qizasan” deyman. Isimaydi, mutlaqo isimaydi. Gaz yo‘q, elektr yo‘q, ko‘mir yo‘q. Ibtidoiy jamoa asriga qaytdik¸ deydi chiroqchilik o‘qituvchi Eshmurod aka.

Yong‘indan saqlaning!!!

O‘zbekistonliklar “o‘zing uchun o‘l yetim” qabilida qishdan omon chiqish yo‘lini qilayotgan bir paytda¸ yong‘in xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislar mahalla va maktablarda yig‘in o‘tkazib¸ aholini uyni istaman deb jonini xatarga qo‘ymaslikka da‘vat qilmoqdalar. Ayniqsa¸ bugunga kelib O‘zbekiston qishloqlarida qayta qo‘llanila boshlangan sandaldan ehtiyot bo‘lish lozim¸ deydi farg‘onalik o‘t o‘chiruvchi yigit.

- Endi bu opasniy. Sandal degan narsani bola bor uyda qilib bo‘lmaydida. Chunki sandal bolachaga opasniy. yosh bolalarga. Maktab o‘quvchisiga, bog‘cha bolalariga opasniy sandal.

Keyin har yili asosiy yong‘in elektr pechkalardan chiqayapti. Bekorga hozir svetlarni qishloqlarda o‘chirib yoqmayapti. Ko‘pchilik o‘ylaydiki, svetlarni o‘chirayapti¸ deydi. Sovuq tushgandan keyin ko‘pchilik elektrdan foydalanadi-da. Misol uchun¸ elektrostantsiyalarda transformatorlarga nagruzka tushib ketadida. Shuning uchun o‘chiradi. Svet o‘chib-yonib¸ o‘ynab turganidan har xil portlash va yong‘inlar bo‘ladi¸deb ogohlantiradi ayni sovuq kunlarda butun o‘y-xayoli qishdan omon chiqishga qaratilgan o‘zbekistonliklarni farg‘onalik o‘t o‘chiruvchi yigit.
XS
SM
MD
LG