Линклар

O‘zbekiston Kikboksing prezidenti qamaldi


O‘zbekistonda jangovar sport sohasidagi boshqaruv kriminal dunyo nazoratida ekani aytiladi.

O‘zbekistonda jangovar sport sohasidagi boshqaruv kriminal dunyo nazoratida ekani aytiladi.

O‘zbekiston Kikboksing federatsiyasi prezidenti Sardor Toshxo‘jayev pora olganlikda ayblanib hibsga olindi.

O‘zbekiston Kikboksing federatsiyasini o‘n yildan buyon boshqarib kelayotgan Sardor Toshxo‘jayev hibsga olingani haqida Ozodlikka dushanba kuni ma‘lum bo‘ldi.

O‘zini O‘zbekistondagi kikboksing klublaridan birining rahbari deb tanishtirgan suhbatdoshimiz o‘z ismi sharifini oshkor qilmaslikni ma‘qul topdi.

Uning aytishicha, Sardor Toshxo‘jayev 15 kun avval hibsga olingan.

- Bugun eshitishimcha, Sardor Toshxo‘jayevni qamab qo‘yishibdi.
Qamalgani aniq. 15 kun bo‘libdi. Mening bilishimcha, uni Toshkent shahar Ichki ishlar bo‘limida ushlab turishibdi,- dedi Kikbosing klubi rahbari.

Toshkent shahar Ichki ishlar bo‘limining navbatchi xodimi Sardor Toshxo‘jayevning hibsga olinganini na tasdiqladi, na inkor qildi.

Militsiya xodimi batafsil ma‘lumot olish uchun ularga rasman murojaat qilishimiz lozimligini uqtirdi.

Kikboksing klubi rahbariga ko‘ra, Sardor Toshxo‘jayev pora olganlikda ayblanib hibsga olingan.

- Hozir uni pora olganlikda ayblashibdi. Lekin Federatsiya pora oladigan joy emasda. U yerda nimaga pora berish mumkin. Hech narsaga pora berib bo‘lmaydiku. Federatsiya byudjetdan pul olmasa. Bizga o‘xshagan kikboksing klublaridan tushgan pul bor xolos. Endi kimdir uni pora bilan podstavka qilgan. Federatsiya pora oladigan joymasda endi. To‘rt kun oldin Sardor akani o‘rniga boshqa odam tayinlayapmiz degan gap chiqqandi,- deydi o‘zini oshkor qilmagan O‘zbekistondagi kikboksing klublaridan birining rahbari.

39 yoshli Sardor Toshxo‘jayev O‘zbekiston kikboksing federatsiyasini 2001 yildan beri boshqarib kelgan.

O‘zbekistonda kikboksing o‘tgan asrning 80-yillarining oxirida rivojlana boshlagan. Dastlab ota – bola Shokir va Botir Zokirovlar "Bilur" nomli kikboksing klubini tashkil qilishgan.

1998 yilda Shokirovlar tashabbusi bilan O‘zbekiston kikboksing federatsiyasi tashkil qilinadi.

Federatsiyaning birinchi prezidenti Botir Shokirov uni uch yil boshqaradi.

2001 yildan boshlab federatsiya boshqaruvi Sardor Toshxo‘jayevga o‘tadi.

O‘zbekistonda jangovar sport sohasidagi boshqaruv kriminal dunyosiga aloqadorligi aytiladigan bir qancha shaxslar qo‘lida ekani aytib kelinadi.

Ozodlik bilan ismi sir qolishi sharti bilan gaplashgan kikboksing klubi rahbarining ta‘kidlashicha, Sardor Toshxo‘jayevning mafiyaga aloqasi bo‘lmagan.

- U mafiyachi emas. Ortiqcha biznesi ham yo‘q. Hech qachon “ko‘cha”ga aralashmagan,- dedi suhbatdoshimiz.
XS
SM
MD
LG