Линклар

logo-print

Norvegiyada terror hujumi fitnasida ayblangan o‘zbek ustidan sud boshlandi


O‘zbekistonlik sobiq militsioner Alisher Abdullayev 2002 yilda Norvegiyada qochinlik maqomi olgach, ismini Devid Yakobsenga o‘zgartirgan.

O‘zbekistonlik sobiq militsioner Alisher Abdullayev 2002 yilda Norvegiyada qochinlik maqomi olgach, ismini Devid Yakobsenga o‘zgartirgan.

Osloda Daniyada chiqadigan gazeta tahririyatiga terror hujumi uyushtirishni rejalashtirganlikda ayblanayotgan uch kishi ustidan mahkama boshlandi. Norvegiya Politsiya xavfsizlik xizmati (Police Security Service) o‘tkazgan tergov xulosasiga ko‘ra, sudlanuvchilar Muhammad payg‘ambarni hajv qilgan Jyllands-Posten gazetasi binosini portlatmoqchi bo‘lgan.

Norvegiya sudida Al-Qoidaga aloqadorlik va Daniyada terror hujumi uyushtirishga uringanlikda ayblanayotgan 40 yashar uyg‘ur Mixail Daud, 39 yashar kurd Shavon Sodiq Sayid Bujak va 33 yashar Devid Yakobsenlar ishini ko‘ra boshladi. 33 yoshli Devid Yakobsen asli o‘zbekistonlik bo‘lib, 2002 yilda Norvegiyada qochqinlik maqomini olgach, ismini o‘zgartirgan.

Norvegiya prokurori Kay Gospel e‘lon qilgan ayblov xulosasida aytilishicha, Mixail Daud Pokistondagi terrorchilik lagerida tayyorgarlikda o‘tgan va Al-Qoida tarmog‘i bilan elektron pochta orqali yaqin aloqada bo‘lib kelgan.

Oslo sudi xodimi Ayrin Ramm Ozodlik bilan suhbatda Devid Yakobsen (Alisher Abdullayev) Norvegiya tergov idoralari bilan hamkorlik qilgani uchun tilxat asosida qo‘yib yuborilganini ma‘lum qildi.

- Uning, ya‘ni, Alisherning ishi bo‘yicha tergov tugagan. Politsiya u tergov jarayoniga ziyon yetkazmaydi degan xulosaga kelgani uchun uni hibsdan ozod qilishga qaror qilgan,- dedi Oslo politsiyasi xodimi.

Norvegiyadagi mustaqil jurnalist Yevgeniy Dyakonovga ko‘ra, O‘zbekistonda ichki ishlar idoralarida ishlagan A. Abdullayev norveg tergovchilari bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lgani uchun undan qator ayblovlar ham olib tashlangan.

Dyakonovga ko‘ra, 2000 yillar boshidan beri Norvegiyada yashab kelayotgan sobiq o‘zbekistonlik Devid Yakobsen Norvegiya fuqaroligini olgan.

Unga ko‘ra, Norvegiyada Devid Yakobsen, ya‘ni, Alisher Abdullayevning xususiy qurilish shirkati bo‘lgan. Qo‘lga olingan paytda undan olti yarim million norvegiya kroni (bir million AQSh dollaridan ko‘proq) naqd pul topilgan.

Norvegiya qonunlari fuqarolarning buncha miqdordagi naqd pulni bankdan tashqarida saqlashini taqiqlaydi.

Bundan tashqari Yakobsenga qarashli ofisdan portlovchi moslama tayyorlashda ishlatilishi mumkin bo‘lgan moddalar ham topilgan.

Mustaqil jurnalistga ko‘ra, sobiq o‘zbekistonlik 2010 yil iyul oyi boshida qo‘lga olingan va taxminan ikki yarim oydan keyin qo‘yib yuborilgan.

Oslo sudi xodimi Ayrin Rammning aytishicha, 15 noyabr kuni boshlangan sud jarayoni taxminan bir oy davom etadi va hakamlar qaror qabul qilishi uchun yana bir oy vaqt kerak bo‘ladi.

Ayblari tasdiqlansa, sudlanuvchilar 20 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishlari mumkin.
XS
SM
MD
LG