Линклар

AQShning General Motors mashinasozlik shirkati bugun Toshkentda yangi motor zavodini ishga tushirdi.

O‘zAvtosanoat bilan birgalikda ochilgan yangi zavod GM O‘zbekistonning Asakadagi asosiy ishlab chiqarish muassasasidan 400 km masofada joylashgan va uning GM shirkati hozirga qadar Markaziy Osiyoga kiritgan eng yirik sarmoyasi mahsuli ekani aytilmoqda.

Yangi motor zavodi aktsiyalarining 52 foizi GM ga¸ qolgan 48 foizi esa¸ O‘zAvtosanoatga qarashli.

40 gektarlik hududda ochilgan yangi zavodda GM dunyo bo‘ylab ishlab chiqarayotgan 1.2 va 1.5 litr hajmdagi motor bilan ishlovchi kichik yo‘lovchi mashinalari uchun yiliga 225 000 dan oshiq yonilg‘i tejovchi Ecotec motorlari ishlab chiqishi kutilmoqda.

Toshkentda ishlab chiqariladigan ilk motorlarning joriy oy davomida Chevrolet Spark mini mashinalariga qo‘yilishi aytilmoqda. Ayni kichik hajmdagi mashinalar bugungi kunda O‘zbekiston ichki bozoridagi avtomobillarning 94 foizini tashkil qiladi.

Toshkentda ish boshlagan yangi motor zavodi¸ GM bayonotiga ko‘ra¸ yangi kompyuter texnologiyasi vositasida ishlaydi va unda 1200 ish o‘rni mavjud.

Jami 6600 kishini ish bilan ta‘minlagan GM O‘zbekiston yiliga 200 000 dan oshiq avtomobil ishlab chiqarmoqda.
XS
SM
MD
LG